Линклар

logo-print

Sirdaryo viloyatining Xovos tumanida kuydirgi (Sibirskaya yazva) kasalligi tashxisi bilan 30 dan ziyod odam kasalxonaga yotqizildi. Tuman yuqumli kasalliklar shifoxonasi mulozimiga ko‘ra, qariyb o‘n besh kunlik muolajadan so‘ng xavfli infeksiya yuqtirganlarning 7 nafariga javob berilgan.

Xovos tumanining Husnobod qishlog‘ida 23 iyun kuni kuydirgiga chalingan qoramolni so‘yish va go‘shtini sotgan va sotib olgan 30 dan ortiq odamga kasallik yuqqan.

Ismi sir qolishini so‘ragan husnobodlik Ozodlik manbasining aytishicha, qoramolning zaharlangan qoni tekkan shaxslar kasalxonaga yotqizilgan:

“Qoramol kuydirgi bilan kasallangan ekan. Uni so‘yishda ishtirok etgan qassob ham, yordamchilari ham, shu go‘shtni sotib olgan odamlar ham kasallangan. Mening bilishimcha, 50 ga yaqin odam kasalxonaga yotqizilgan”, dedi husnobodlik manba.

Xovos tumanidagi yuqumli kasalliklar shifoxonasining o‘zini tanishtirmagan shifokori Ozodlik bilan suhbatda bemorlarga kuydirgi kasalligi tashxisi qo‘yilganini tasdiqladi:

- Jami 31 kishi shu tashxis bilan kasalxonaga yotqizilgan edi. Bu odamlarda kuydirgi alomati bo‘lgan yaralar paydo bo‘lgan edi. Bemorlar asosan 24-25 iyun kunlari yotqizilgan edi. Bugungacha yetti kishiga javob berdik. Hozir yana 24 bemor muolajani davom ettiryapti, dedi shifokor.

Xovos tumanining sanitariya-epidemiologiya stantsiyasining ismi sir qolishini so‘ragan mulozimiga ko‘ra, tumanda bunday holat boshqa kuzatilmagan:

- Kasallangan molni so‘ygan, terisini shilgan, uni tarqatgan odamlarga kasallik yuqqan. Go‘shtni pishirib yeganlar esa kasallanmagan. Chunki issiq haroratda bu virus o‘ladi. Ayni paytda go‘sht sotadigan do‘konlar qattiq nazoratga olindi, qassoblarga ham molni so‘yishdan oldin uning qonini ekspertizaga topshirish tavsiya qilindi, dedi SES mulozimi.

O‘zbekistonda chorva mollari qoni va go‘shtidan zaharlanish holatlari uchrab turadi.

Masalan, joriy yilning 26 iyunidan boshlab Samarqand viloyatidagi Urgut tumanining Vag‘ashti qishlog‘ida yashovchi sakkiz odam kasal qo‘ylarni so‘yishi natijasida kasallanib, shifoxonaga yotqizilgan edi.

2012 yilning iyunida Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanida to‘rt kishi kuydirgi tashxisi bilan kasalxonaga yotqizilgan edi. Bu bemorlar ham mol so‘yayotganda kasallikni yuqtirgan edi.

Kuydirgi nima?

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligining vebsaytida kuydirgi kasalligi haqida shunday ma‘lumot berilgan:

Kuydirgi – odamlar va hayvonlar uchun o‘ta xavfli hisoblangan yuqumli kasalliklar guruhiga kiradi. Kasallikni qo‘zg‘atuvchi batsillalar ikki xil: vegetativ va spora shaklida uchraydi. Vegetativ shakldagi batsillalar tashqi muhit, yuqori harorat va dezinfektsiyalovchi moddalar ta‘siriga chidamsizligi bois tezda nobud bo‘ladi, spora shaklidagi batsillalar esa aksincha, o‘ta chidamli bo‘lib, suvda o‘n yil, tuproqda esa bir necha o‘n yillab saqlanishi va unda ko‘payishi, to‘planishi ham mumkin. Spora shaklidagi batsillalar 60 daqiqa davomida qaynatilgandagina nobud bo‘ladi.

Kuydirgi kasalligining manbai asosan uy hayvonlari – qoramol, ot, qo‘y, tuya, echki va shu kabi qon so‘ruvchi hasharotlar hisoblanadi. Kuydirgi tayoqchasi kasal hayvonlarning barcha organlariga tarqalib, ularning peshobi va najasi bilan ajralib, tuproq, yem-xashak, yaylov, suv havzasi va boshqa yerlarni ifloslantiradi. Kasallik sog‘lom odamga veterinariya xizmati xodimlari ko‘rigidan o‘tmagan hayvonlarni so‘yib, terisini shilganda, go‘shtini nimtalab, yaxshi termik ishlov bermasdan iste‘mol qilganda yuqishi mumkin.

XS
SM
MD
LG