Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 21:35

Blog: Xotinlarning ishtoni va erkaklarning avrati to‘g‘risida...


Sarlavhani o‘qiboq qilichini yalang‘ochlagan millat ma‘naviyati qo‘riqchilari qahridan tushib tursin, qilichlarini qiniga solib tursin. Kinnachi: “Mening qo‘limmas, kinnachi momoning qo‘li” deganiday, ishtonu avrat to‘g‘risidagi gaplar mening gapim emas.

Kecha bir hamkasbim islom.uz saytidan bir matnni ilindi. Matnning “Ayolning yotoq kiyimi qanday bo‘lishi kerak?” degan sarlavhasini o‘qib, peshonam tirishdi – o‘qimadim.

Kundalik “kashtamni tikib bo‘lib” (maqolamni bitirib), kompyuterni yopayotuvdim, boyagi matn yana ochilib ketdi – o‘qidim.

O‘qidimu mening ham boshqalarga ilingim kepketdi. Quyida qora kursiv harflarda berilgan matn to‘laligicha islom.uzniki – kopi-peyst qildim:

Ayolning yotoq kiyimi qanday bo‘lishi kerak?

Ayrim tanishlarimning aytishicha, ayol kishiga tizzasidan yuqorida turuvchi yoki erkaklarnikiga o‘xshagan pijama va shunga o‘xshash yotoq kiyimlarini kiyish mumkin emas ekan. Bunday kiyimlar odatda pasti shalvar va yuqorisi tugmali ko‘ylak sifatida bo‘ladi. Ko‘rinishi erkaklar yotoq kiyimiga o‘xshasa ham, tikilishi, bezaklari, gullari ayollar uchun moslangan bo‘ladi. Shu xususda nima deysiz, tanishlarimizning gaplari to‘g‘rimi? Agar bu gaplar to‘g‘ri bo‘lsa, shunaqa kiyimi bor ayol uni nima qilishi kerak?

JAVOB: Boshqalar o‘zga sayyorlarni o‘zlashtirish, olamshumul ilmiy kashfiyotlar qilish va ilmiy taraqqiyot cho‘qqisini zabt etish haqida harakat qilayotgan bir paytda bu savol juda mayda emasmi?

O‘sha ishtonni o‘zimizda tikilmagani ehtimoli ko‘proq, yo Xitoyda yoki Koreyami, Yaponiyami, shunga o‘xshash bir davlatda tikilgan bo‘lishi mumkin. Ammo uni musulmonlar bichmagani va tikmagani aniq. Ishtonni bichish va tikish qo‘limizdan kelmaganidan keyin bu haqda talashib-tortishib nom chiqarish nechun?

Yana gohida “nima uchun boshqalar taraqqiyotga erishib, musulmonlar orqada qolgan”, degan savolni ham o‘rtaga tashlab qo‘yamiz. O‘sha mash‘um savolning javobi endi ayon bo‘lgandir. Boshqalar o‘zini taraqqiyot yo‘liga va bunga sabab bo‘ladigan narsalarga ixlos bilan urganlari va tinmay harakat qilayotganlari sababli o‘zib ketishgan. Biz esa, mustahab bo‘lishga ham arzimaydigan ishlar haqida, xotinlarning yotoq ishtoni haqida ixlos va jiddiyat ila bir-birimiz bilan bahslashayotganimiz uchun qoloq bo‘lib turibmiz.

O‘zingiz o‘ylab ko‘ring: xotin kishining yotoq kiyimini faqat eri ko‘rishi mumkin, boshqalarning mutlaqo ko‘zi tushmaydi. Boshqa gapning nima keragi bor? Agar shunda ham tortishishga boryotganlar shariatning farz, vojib, sunnat va boshqa hukmlarining barchasini o‘rniga qo‘yib, faqat xotinlarning yotoq ishtonidan boshqa masala qolmadi, deydigan bo‘lishsa, o‘zlari bilishadi.

Agar ular shariat erkak ayolga, ayol erkakka o‘xshash kiyim kiyishini taqiqlagan desalar, erkaklarga atab tikilgan yotoq ishtonni ayollar kiymasin, degan qaror chiqaraylik. Bu holda, ayollar o‘zlariga atab tikilgan yotoq ishtonni kiyishsa, yaxshi bo‘ladi. Eslatib o‘tamizki, ayol kishi eri bilan yolg‘iz bo‘lganida qanaqa kiyim kiysa ham, bu ma‘noda nima qilsa ham joiz (Alloh biluvchidir).

Islom.uz saytidan ko‘chirilgan matnni o‘qidingiz.

Mazkur sayt bilimdonlarining aytishicha, ayollarning yotoq kiyimiga oid savolga javob shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf janoblarinikidir.

Domlaning javobidagi alamni o‘zimcha tushundim. U kishiga ko‘p-ko‘p rahmatlar aytdim va saytning shu material berilgan ruknidagi boshqa savol-javoblarga qiziqdim.

Mana boshqa savollar:

Badanga naqsh solsa bo‘ladimi?

Erkaklarning quchoqlashib ko‘rishishlari mumkinmi?

Besoqolbozlikka dinning munosabati qanday?

Ayollarning jamoat joylariga xushbo‘ylanib borishlari mumkinmi?

Atir sepilgan kiyim bilan namoz o‘qisa bo‘ladimi?

Yaxshi maqsadda yolg‘on gapirsa bo‘ladimi?

Farzandni kim tarbiyalaydi?

Qanday g‘iybatga ruxsat etilgan?

Hayz va nifosli ayollar ro‘zani nima qiladi?

Avrat joylarga qarasa, nima bo‘ladi?

Bu savollarga qaytarilgan bir necha javobni o‘qigan bo‘ldim.

Javoblar batafsil ekanligini, sahih hadislar bilan pishiqlanganini ko‘rdim.

Lekin oxirigacha o‘qishga sabrim yetmadi.

“Avrat joylarga qarasa, nima bo‘ladi?” degan savolga javobni o‘qishni esa mutlaqo ortiqcha bildim. “Uyat bo‘ladi”, dedim o‘zimcha va saytni yopib qo‘ydim.

Saytni yoparkan, shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufdek yirik olimning qimmatli vaqtiga achindim.

Keyin yana saytni ochdimu Sizga ilinganim – yuqorida qora harflar bilan bosilgan matnni yana bir marta o‘qidim.

Siz ham yana bir marta o‘qib ko‘ring.

XS
SM
MD
LG