Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 03:27

Tojik-qirg‘iz chegarasida yana janjal


10 iyul kuni Tojikistonning Isfara tumanidagi tojik-qirg‘iz chegarasida sodir bo‘lgan otishmada bir nafar tojikistonlik o‘ldi, yetti nafari turli xil jarohatlar bilan kasalxonaga yotqizildi.

Tojikistonning Isfara shahar hokimligi xabariga ko‘ra, 10 iyul kuni chegarada bo‘lgan otishmada Vorux qishlog‘ida istiqomat qilgan 36 yoshli Safoiddin Sharopov vafot etgan. Aniqlangan ma‘lumotlarga ko‘ra, u suv keltirish uchun quvur ko‘mish jarayonida kelib chiqqan ziddiyat natijasida qirg‘iz chegarachisi otgan o‘qdan halok bo‘lgan.

Tojikistonlik yana 7 kishi o‘qotar quroldan olgan jarohatlari tufayli kasalxonaga yotqizilgan. Jarohatlanganlarning ikki nafari Vorux qishlog‘idagi va besh nafari Isfaradagi kasalxonaga keltirilgan.

Tojikiston Bosh vaziri o‘rinbosari Murodali Alimardon qirg‘iz hamkasbi Abdirahmon Mamataliyev bilan uchrashish uchun Isfaraga uchib kelgani aytildi.

Voqea 10 iyul kuni ertalab soat 11da ro‘y bergan.

Vorux qishlog‘ida istiqomat qiluvchi Ozodlik manbasining aytishicha, halok bo‘lgan Safoiddin hamqishloqlari bilan birgalikda Karavshin daryosidan quvur orqali suv olib kelmoqchi bo‘lgan. Bu daryoni esa Qirg‘iziston tomoni o‘z hududi deb hisoblaydi. Suv keltirish ishlari chog‘ida voruxliklar va qirg‘iz chegarachilari o‘rtasida janjal kelib chiqqan. Voruxlik manbaga ko‘ra, qirg‘iz chegarachilari qurolsiz odamlarga qarata o‘q uzgan.

Qirg‘iziston hukumati bayonoti

Qirg‘iziston Davlat chegaralari xizmati matbuot bo‘limining xabariga ko‘ra, 10 iyul kuni Botkent viloyatining Botkent tumanidagi Tamdik qishlog‘ida tojik va qirg‘iz chegarachilari o‘rtasida otishma bo‘lib o‘tgan.

Qirg‘iz tomoni bayonotida aytilishicha, chegarachilar o‘rtasidagi otishmaga tojikistonlik fuqarolarning g‘ayriqonuniy harakatlari sabab bo‘lgan.

“O‘ttiz nafarga yaqin Tojikiston fuqarolari Qirg‘iziston hududidagi Karavshin daryosidan o‘zlarining Bedak qishlog‘iga suv quvurlari tortib kelmoqchi bo‘lishgan. Qirg‘iz chegarachilari bu yerga kelib, ishni zudlik bilan to‘xtatishni talab qilgan. Biroq tojikistonliklar qirg‘iz chegarachilarini toshbo‘ron qilgan. Qirg‘iz chegarachilari osmonga ogohlantiruvchi o‘q uzgan. Ammo uncha uzoqda bo‘lmagan tojik chegarachilari qirg‘iz chegarachilariga qarata o‘t ochgan. Natijada ikki davlat chegarachilari o‘rtasida otishma boshlanib ketgan. Bu ziddiyatni kuchaytirmaslik uchun ikki tomon chegarachilari vakillari o‘rtasida uchrashuv tashkil qilish rejalashtirilyapti. Dastlabki ma‘lumotlarga ko‘ra, qirg‘iz tomonidan jabr ko‘rganlar yo‘q”, deyiladi qirg‘iz tomoni bayonotida.

Qirg‘iziston Bosh vaziri o‘rinbosari Abdirahmon Mamataliyev ushbu voqea yuzasidan tekshiruv boshlanganini aytdi.

Tojikiston hukumati bayonoti

Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi bo‘lib o‘tgan voqea yuzasidan Qirg‘iziston tomoniga nota yubordi.

“10 iyul kuni mahalliy vaqt bilan soat 11.30da Tojikiston Respublikasi Isfara tumanining “Vorux” kooperativ xo‘jaligiga qarashli hududda Tojikiston fuqarolari tomonidan suv quvurlari yotqizish ishlari olib borilayotgan edi. “Tamdik” qirg‘iz chegara posti chegrachilari kelib, u yerda ishlayotgan mahalliy aholini haqoratlab, ishni to‘xtatish va bu joyni tark etish kabi g‘ayriqonuniy talablarini qo‘ya boshlagan. Unchalik uzoqda bo‘lmagan tojik chegarachilari yetib kelib qirg‘iz hamkasblarining noqonuniy harakatlarini to‘xtatishga uringan. Biroq javob o‘rniga qirg‘iz chegarachilari birdaniga avtomatlardan o‘t ochishni boshlagan. Natijada 7 nafar tinch aholi va bir nafar chegarachi yarador bo‘lgan. Bir nafar Tojikiston fuqarosi voqea joyida halok bo‘lgan. Shuni qayd qilish lozimki, tojik chegarachilari bitta ham o‘q otmagan. Aniqlanmagan hududlar haqidagi ko‘p martalik kelishuvlarimizga qaramay, bu kelishuvlar Qirg‘iziston Respublikasining ayrim organlari tomonidan buzilayotganidan tojik tomoni afsus bildiradi. Bo‘lib o‘tgan voqealarga oydinlik kiritish uchun tojik tomoni qirg‘iz tomoniga rasmiy nota yubordi”, deyiladi Tojikiston Tashqi Ishlar vazirligi yuborgan notada.

Tojikistonning Vorux anklavi Qirg‘iziston hududida joylashgan bo‘lib, bu hududda ilgari ham yer va suv masalasida janjallar bo‘lib turgan.

Jumladan joriy yilning 27 aprel kuni Qirg‘izistonning Botken viloyatiga qarashli Oqsoy qishlog‘i va Tojikistonning Vorux anklavi aholisi o‘rtasida yuz bergan janjal paytida 4 qirg‘izistonlik og‘ir tan jarohati olgani, 1 omborxona va 1 avtomashina yoqib yuborilgani va o‘nga yaqin avtomashinaga ziyon keltirilgani xabar qilingan edi.

XS
SM
MD
LG