Линклар

logo-print

Avji saraton va ramazon kunlariga to‘g‘ri kelgan oliy o‘quv yurtlariga hujjat topshirish mavsumi¸ abituriyentlarning Ozodlikka ma‘lum qilishicha¸ o‘ta og‘ir sharoitda o‘tmoqda. Sahardan shomga qadar tikka oftobda navbat kutayotgan abituriyentlar¸ bu jarayonning poraxo‘rlik va tanish-bilishchilikni rag‘batlantirish maqsadida¸ atayin shu tarzda uyushtirilganidan shikoyat qilmoqdalar.

Toshkent Temir yul institutidagi qabul haddan tashqari qiyin bo‘lmoqda. Uzoq viloyatdan kelayotgan abituriyentlar tibbiy ko‘rikdan o‘tolmasdan navbatma-navbat ertalabdan kechgacha kutishmoqda. Masalan¸ mening jiyanim Andijondan kelib 3 kundan beri navbat kutmoqda. Mana bugun uchinchi kun, ertalab 5 da qabulga navbatga borsak, 380-bo‘lib yozildik. Kecha 500 larga yozilgandik. Kechgacha kutdik, ro‘zaning kunida rosa qiynaldik. Bugun yana shu ahvol. Navbatni daftarga kech soat 24:00 dan boshlab yozishmoqda ekan. Endi biz xam bugun kech soat 12 yeki 1 larga boramiz. Kuniga atigi 150 ta abituriyent qabul qilinmoqda. Nahotki, hujjat topshirish imtihondan qiyin bo‘lsa? Bizku karindoshimiznikida turibmiz. Boshkalarchi, Buxoro, Kashqadaryodan kelganlar ko‘chada yotadimi? ILTIMOS, ShUNGA ETIBOR QARATINGLAR!”

“Abituriyent-2014” boshlanganidan beri Ozodlikka bunday murojaatlar tez-tez bo‘lmoqda. Poytaxt Toshkent va viloyat markazlaridagi oliy o‘quv yurtlariga hujjat topshirishga uringan abituriyentlar yo‘llagan xabarlardan¸ O‘zbekiston bo‘ylab kuzatilayotgan muammolarning deyarli bir xil ekani ko‘riladi.

Jaziramada tik oyoqda kun bo‘yi¸ba‘zan bir necha kunlar navbat kutishlar¸ hujjat qabul qiluvchilar sonining nihoyatda ozligi va ular ishining o‘ta sustligi¸ arzimagan bahona bilan bir necha kun navbat kutgan abituriyentlarni qaytarib yuborishlar¸ tanish-bilishchilik va poraxo‘rlik – murojaatlarda eng ko‘p tilga olinayotgan muammolar sirasidan.

Kuni-kecha sahardan to shomga qadar tik oyoqda navbat kutib¸ nihoyat Jahon tillari universitetiga hujjat topshirgan Ahmad ( ismi o‘zgartirilgan) gapiradi:

- Ertalabdan bordik. Navbatni ko‘rsangiz¸ qo‘rqib ketasiz. Kamida 600-700 bola turibdi. Viloyatdan kelganlarning yonida ota-onalari ham bor. O‘tirgani birorta skameyka yo‘q. Soya joyga o‘tmoqchi bo‘lsangiz¸ qo‘riqchilar kelib haydab yuboradi. Bir kunda ko‘pi bilan 100-120 bola ichkariga kirdi. Qolganlarni ertaga kelasiz¸ deb qaytarib yuborishdi. Har kun shu ahvol¸ deydi Ozodlik bilan suhbatda abituriyentlardan biri.

Unga ko‘ra¸ hujjat topshirish uchun ichkariga kirgandan so‘ng ham¸ abituriyentlar sarson qilinmoqda:

- Bitta yo‘nalishga faqat bitta odam hujjat qabul qilayapti. Obedga deb ikki soat ketadi. Kelib¸ bu qog‘ozda bu pechat yo‘q¸ unisida bunisi yo‘q¸ deb rosa qaytaradi. Bechora viloyatdan kelganlar ezilib ketdi. Tanish-bilishchilik¸ o‘qituvchilar o‘z odamlarini navbatsiz olib kiradi¸ tanishsiz oftobda sarg‘ayib o‘tiraveradi¸ deb hikoya qiladi o‘z ko‘rganlarini bu abituriyent.

Unga ko‘ra¸ bu yilgi hujjat topshirishda kuzatilayotgan yangilik¸ olib kelingan suratlarni qabul qilmay¸ hammani yoppasiga 5000 so‘m evaziga qabulxonada suratga olishdir. Kuzatuvchilarga ko‘ra¸ bunday suratkashlikning ommaviy tarzda joriy etilishi¸ Oliy ta‘lim vazirligiga aloqador shaxslarning bu biznesni monopoliya qilishga urinayotgani bo‘lishi mumkin.

Ozodlik¸ “Abituriyent-2014” jarayonida kuzatilayotgan bu kabi muammolar sababini o‘rganish maqsadida Toshkentdagi qator oliygohlar Qabul komissiyasiga murojaat qildi. Rasmiylardan biri¸ qabul jarayonining muammolarsiz¸ uzun navbat va poraxo‘rliksiz¸ tekis o‘tayotganini iddao qildi:

- Bizda hech qanday muammo yo‘q. Hamma sharoit yaxshi. Ishonmasangiz¸ o‘zingiz kelib ko‘ring. Siz aytgan gaplar yo‘q bizda¸ dedi Toshkent oliygohlaridan biri Qabul komissiyasi rasmiysi.

Ozodlik oliygohlarga hujjat topshirish va qabul imtihonlariga hozirlik va ularning o‘tishini muntazam yoritish maqsadida “OzodTalaba” deb nomlangan maxsus loyiha boshladi. “Abituriyent-2014” va qabul imtihonlariga oid barcha ma‘lumotlarni¸ Ozodlikning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari¸ Skype manzillari¸ shuningdek WhatsApp raqamiga qo‘ng‘iroq qilish¸ maktub yozish¸ yoxud suratlar yo‘llash orqali siz ham “OzodTalaba”ga aylaning!

Шарҳларни кўрсатинг

XS
SM
MD
LG