Линклар

JCh-2014: Braziliya finalda qo‘shnisi g‘olib bo‘lishini istamaydi


Argentinalik futbolchilar yarim finalda Hollandiya ustidan erishilgan g‘alabani nishonlashmoqda. San-Paulu, 9 iyul, 2014.

Argentinalik futbolchilar yarim finalda Hollandiya ustidan erishilgan g‘alabani nishonlashmoqda. San-Paulu, 9 iyul, 2014.

Yakshanba kuni futbol bo‘yicha Jahon chempionati finalida 1986 va 1990 yillarda to‘qnash kelgan Argentina va Germaniya terma jamoalari yana dunyo birinchiligi uchun bellashadi.

Kecha Lionel Messi jamoasi Hollandiyani penaltilar seriyasida 4-2 hisobida mag‘lub etdi. Dastlabki yarim final uchrashuvi Germaniya ijrosidagi gollar yomg‘iri bilan esda qolgan bo‘lsa, yomg‘ir ostida o‘tgan Argentina-Hollandiya uchrashuvi "quruq" hisob bilan (0:0) yakunlandi.

Penaltilar seriyasida raqib zarbasini ikki marta qaytarib, jamoasi g‘alabasiga ulkan hissa qo‘shgan argentinalik darvozabon Romero ikkinchi yarim final uchrashuvining eng yaxshi o‘yinchisi, deb tanlandi.

Endi 1978 va 1986 yillari dunyo birinchiligini qo‘lga kiritgan "Albiseleste" (Argentina jamoasi) uchinchi bor jahon chempioni unvoni uchun kurashadi.

Germaniyaning Braziliya ustidan 7:1 hisobida g‘alaba qozonishi butun dunyo bo‘ylab futbol ishqibozlari va mutaxassislarini qattiq ta‘sirlantirgan bo‘lsa-da, argentinaliklar nemis futbolchilari ustidan g‘alaba qozonishlariga shubha qilmayotir.

Aytib o‘tish joizki, Janubiy Amerika qit‘asida bungacha o‘tgan 7 ta jahon chempionatida biror marta bo‘lsa ham yevropalik jamoa g‘alaba qozonolmagan.

Braziliya hasad o‘tida yonmoqdami?

Chempionatga mezbonlik qilayotgan braziliyaliklar qo‘shnilariga "bolet" qiladi, deb o‘ylasangiz yanglishasiz. "Argentina yutsa, bu men uchun qayg‘uli kun bo‘ladi. Ular keyin biz futbolda eng zo‘rmiz, dem maqtana boshlaydi. O‘zlari esa faqat ikki martagina jahon chempioni bo‘lgan", - deydi Flavio ismli braziliyalik futbol muxlisi.

San-paululik Renata esa: "Uchinchi o‘rin uchun biznikilar Argentina bilan o‘ynaydi, deb umid qilgan edik", - dedi hollandiyaliklarning mag‘lubiyatidan ranjiganini yashirmay.

Braziliya ommaviy axborot vositalari ham muxlislardan qolishmaydi. "Yomon tush davom etmoqda! Argentina Hollandiyani penalьtilarda yengib, finalga chiqdi!" - deb yozadi "Rio O'dia" nashri.

Sport dunyosini yorituvchi "Lans" veb-sayti esa SomosTodosAlemanha! - "Biz barchamiz nemismiz!" deb sarlavhalangan maqolasida "... yakshanba kuni Argentina Braziliya tuprog‘ida chempion bo‘lib qolsa, Selesaoning (Braziliya jamoasi) nemislarga yengilishi ikkinchi planga o‘tib qoladi", deb yozadi.

Finalga yo‘llanma olgan jamoalar bungacha ikki bor - 1986 va 1990 yillarda Jahon chempionati finalida bellashishgan.

28 yil avval Argentinaning o‘sha davrdagi terma jamoasi birinchi navbatda yulduz hujumchi Diyego Maradonaga tayangan edi. Futbolchi o‘shanda jamoasi ishonchini oqlab, Argentinani ikkinchi bor jahon chempioni bo‘lishiga ulkan hissa qo‘shgan.

O‘shanda ko‘pchilik uchrashuvning asosiy vaqti 2:2 hisobi bilan yakunlanishi va qo‘shimcha taymlar o‘ynalishini kutayotgan bir paytda Maradonaning jamoadoshi Buruchagaga oshirgan to‘pi Argentinaga g‘alaba olib kelgan.

Keyingi chempionatda - 1990 yilning 8 iyulida Rimdagi Olimpiada stadionida nemislar nihoyat revansh olish imkoniyatiga ega bo‘lganlar. Biroq Rimdagi finalda jamoalar 4 yil avvalgi kabi murosasiz o‘yin namoyish eta olishmagan.

85-daqiqada Adreas Breme 11 metrlik jarimadan o‘yindagi yagona golni kiritib, "Manshaft"ni chempion qilgan edi.

O‘shanda Maradona ko‘z yoshlarini yashirmay, ho‘ngrab yig‘lagani haligacha futbol muxlislarining esidan chiqqani yo‘q.

Chempionlik o‘yinidan so‘ng nemislarning bosh murabbiysi, germaniyalik sobiq jahon va Yevropa chempioni Frants Bekkenbauer: "Germaniyani endi hech kim yenga olmaydi", deb aytgandi.

Uch martadan jahon va Yevropa chempioni bo‘lgan nemislar jamoasi, bundan tashqari, mundialda 4 marta kumush, 4 marta bronza medalini qo‘lga kiritganlar.

Braziliyada esa Germaniya terma jamoasi o‘z tarixida sakkizinchi bor mundial finaliga yo‘llanma olib, bu borada yangi rekord o‘rnatdi.

Germaniya va Argentina o‘rtasidagi final uchrashuvi 13 iyul kuni Toshkent vaqti bilan tungi soat 12:00 da boshlanadi.

XS
SM
MD
LG