Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 13:47

Alisher Usmonov Putin tufayli Yevropadagi biznesini to‘xtatishi mumkin


Milliarder Alisher Usmonov.
Milliarder Alisher Usmonov.

Evropa Ittifoqi Putinga yaqin boylarga o‘z sarmoyasini olib chiqib ketishi uchun ikki hafta muhlat berdi. Bu haqda Britaniyaning Daily Telegraph nashri xabar qiladi. The Times nashrining aniqlik kiritishicha, bu yerda gap eng avvalo Britaniyada yerlashgan rossiyalik oligarxlar haqida bormoqda. Sanktsiyalar qarshi yo‘naltirilishi bo‘lgan kishilar orasida tahlilchilar Roman Abramovich, Alisher Usmonov va Mixail Fridman nomlarini atamoqda, deb yozadi britan nashri.

Peterson instituti, Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi hamda Genri Jekson jamiyati siyosatshunoslari mulohazalarini keltirgan The Times aynan shu uch boy Putin hokimiyatini qo‘llab kelishini ma‘lum qiladi.

Ulardan biri – Namanganda tug‘ilgan va prezident Vladimir Putinga yaqinligi aytiladigan Alisher Usmonov bir necha yildan buyon Rossiyaning eng boy odami o‘laroq e‘tirof etib kelinadi.

“Metalloinvest” metall-ma‘dan shirkati sohibi, Angliyaning Arsenal futbol jamoasi aktsiyalarining 30 foiziga ega bo‘lgan asli o‘zbekistonlik A. Usmonov o‘tgan yili Buyuk Britaniya va Irlandiyada ham eng boy odam, deb topilgandi. O‘shanda uning mulki 20,3 milliard AQSh dollariga teng, deb baholangan edi.

Bu yil esa The Sunday Times nashri e‘lon qilgan Britaniyadagi eng boy shaxslar reytingida Usmonov ikkinchi o‘rinni egalladi. Bu yilgi reytingda birinchi o‘rinni 20 milliard dollar bilan Londonda yashaydigan aka-uka Sri va Gopi Hindujalar egallagan. Ayni paytda Forbes nashri bu gal 60 yoshli Alisher Usmonovning aktivlarini 18,6 milliard dollar, deb baholagan.

Yevropa Ittifoqi 26 iyul kuni rossiyaparast ayirmachilarga ko‘mak ko‘rsatayotganlikda gumonlanayotgan Ukraina va Rossiyaning 15 fuqarosi hamda 18 tashkilotini "qora ro‘yxat"ga kiritdi. Ro‘yxatga kiritilgan kishilarning aksariyatini Rossiyadagi kuch ishlatar tuzilmalar mulozimlari hamda Ukraina sharqida ayirmachilarga peshvolik qilayotgan shaxslar tashkil qiladi.

Ammo kechagi ro‘yxatda oligarxlarning yo‘qligi ular boshi uzra paydo bo‘lgan “qora bulutlar” parokanda bo‘lib ketganini anglatmaydi.

Umuman olganda, Ukraina mojarosi Rossiya boylari hamyoni qappayishiga ijobiy ta‘sir ko‘rsatdi, deb bo‘lmaydi. Aksincha, Bloomberg nashri ma‘lumotlariga ko‘ra, shu yil yanvar oyidan beri rossiyalik 19 milliarder umumiy hisobda 14,5 milliard dollar yo‘qotgan. Bu vaqt oralig‘ida amerikalik 64 milliarder o‘z boyligini umumiy hisobda 56,5 milliard dollarga ko‘paytirishga muvaffaq bo‘lgan.

Xususan, Rossiyaning eng boy odami bo‘lgan Alisher Usmonov o‘tgan olti oy mobaynida qariyb 2,5 milliard dollar yo‘qotgan. Rossiyalik po‘latfurush boy Vladimir Lisinning ko‘rgan zarari ham A. Usmonovnikidan kam emas – 2,4 milliard dollar. Tadbirkor Andrey Melnichenko esa, Bloomberg nashriga ko‘ra, 2,1 milliard dollardan mosuvo bo‘lgan.

Ismi ochiqlanmagan manbalari so‘ziga tayangan Bloomberg nashrining yozishicha, eng yuksak maqomdagi rossiyalik korchalonlarning aksariyati prezident Vladimir Putinning Ukrainaga oid siyosatidan g‘azabda. Ular sanktsiyalar tufayli butun jahon bilan oldi-berdisi bo‘lgan Rossiyaning iqtisodiyoti katta zarar ko‘rishi, mamlakatning o‘zi esa yakkamoxov bo‘lib qolishi mumkinligidan tashvishga tushganlar.

XS
SM
MD
LG