Линклар

Alisher Usmonov Putinga qarshi sanktsiyalar nishoniga aylanishi mumkin


Алишер Усмонов Путин режими мурватлардан бири сифатида жазоланиши мумкин, демоқда таҳлилчилар.

Алишер Усмонов Путин режими мурватлардан бири сифатида жазоланиши мумкин, демоқда таҳлилчилар.

Ukraina bo‘hroni munosabati bilan Rossiyaga joriy qilinayotgan sanktsiyalar rus oligarxlari, xususan asli o‘zbekistonlik milliarder Alisher Usmonovning manfaatlariga jiddiy zarba berishi mumkin. Yevropa Ittifoqi e‘lon qilishi kutilayotgan navbatdagi sanktsiyalar prezident Vladimir Putinga yaqin shaxslarni nishonga olishi mumkinligi to‘g‘risidagi xabarlar ortidan Usmonov Britaniyadagi aktivlarini olib chiqa boshlagani aytilmoqda. G‘arbning Moskvaga nisbatan bosimi boshlanganidan beri o‘zbek milliarderi allaqachon AQShdagi iqtisodiy manfaatlaridan voz kechishga majbur bo‘lgan edi. Ayni paytda Usmonovning Moskvadagi Vnukovo aeroporti ulushlarini sotib olishga harakat qilayotgani to‘g‘risida xabarlar paydo bo‘ldi.

Ukraina sharqida hukumat qo‘shinlari bilan rossiyaparast ayirmachilar o‘rtasida qurolli qarama-qarshilik davom etgan sari, G‘arbning bo‘hron avj olishiga hissa qo‘shayotgan prezident Vladimir Putin rejimiga nisbatan bosimi ham kuchayishda davom etmoqda.

Evropa Ittifoqi va Qo‘shma Shtatlar yaqin kunlar ichida joriy qilishi kutilayotgan navbatdagi sanktsiyalar Rossiya iqtisodining asosiy sektorlarini nishonga olishdan tashqari, Putinga yaqin shaxslarni ham jazoga tortishi mumkinligi aytilmoqda.

Ba‘zi xabarlarga ko‘ra, bu shaxslar orasida Rossiya va Buyuk Britaniyaning eng badavlat kishisi, asli o‘zbekistonlik milliarder Alisher Usmonov ham bor. Millati o‘zbek, lekin ko‘p yillardan beri Rossiyada istiqomat qiladigan milliarder, Putin hokimiyati davrida boyib ketgan boshqa oligarxlar singari o‘z pullarini, asosan, G‘arbda saqlaydi. So‘nggi paytlargacha u AQShdagi yirik shirkatlar, xususan Facebook va Apple ulushlariga ham sarmoya qilib kelgan.

Lekin Ukrainada bo‘hron boshlanib, AQSh va Yevropa Putin rejimiga nisbatan sanktsyailarni qo‘llay boshlaganidan beri AQShdagi iqtisodiy manfaatlaridan voz kechganiga qaramay, Alisher Usmonovning ismi G‘arb qora ro‘yxatiga tushmayotgan edi. Chunki sanktsiyalar, asosan Qrim anneksiyasi va Ukraina suverenitetiga bevosita tahdid solayotgan Putin atrofidagi shaxslarga taalluqli bo‘lib keldi.

Rossiyalik taniqli siyosatshunos Stanislav Belkovskiy shu paytgacha kuzatilgan voqealar rivojidan kelib chiqib, bu safargi sanktsiyalar Usmonovni ham chetlab o‘tmasligi ehtimoli juda yuqori, deydi.

Siyosatshunos Stanislav Belkovskiy.

Siyosatshunos Stanislav Belkovskiy.

- Menimcha, sanktsiyalar Alisher Usmonov hamda Buyuk Britaniyaning yana bir kunda-shundasi Roman Abramovichni, ularning Qrim anneksiyasi yoki Ukraina bo‘hroniga bevosita aloqasi bo‘lmasligidan qat‘iy nazar, tegib o‘tishi ehtimolga yaqin. Shu paytgacha jazoga tortilgan aka-uka Rottenberglar, Gennadiy Timchenko va Yuriy Koval chuklarning ham bu masalalarga rasman aloqasi bo‘lmagan. Chunki barcha siyosiy qarorlarni shaxsan Putinning o‘zi, tor doiradagi maslahatchilari bilan birga qabul qilgan. Gap bu shaxslarning Putin bilan yaqin aloqada ekanida. Ular Rossiyada nafaqat iqtisodiy, siyosiy nufuzga ham ega shaxslardir. Shu sababdan Britaniyada Putinni jazolash uchun bu shaxslarning ham tanobini tortib qo‘yish fursati keldi, deyishayotgan bo‘lishi ehtimoldan holi emas. Shuning uchun Alisher Usmonov nishon ostida, deb aytgan bo‘lardim,- deydi siyosatshunos.

Britaniyada chiqadigan Economist jurnalining tadqiqotchisi Aleks Nays ham Yevropa Ittifoqida Ukraina sharqidagi bo‘hronni bartaraf qilish uchun Putinga bosim o‘tkazish vositasi sifatida, Alisher Usmonovdek nufuzli shaxslarni jazoga tortish samara berishi mumkin, degan fikr borligini aytadi. Usmonov shu yil boshroida AQShdagi iqtisodiy manfaatlaridan voz kechgani ham, uning G‘arb sanktsiyalaridan xavotirlana boshlagani belgisi edi, deydi iqtisodchi.

- Sanktsiyalar rejmi mohiyatida Putin ichki doirasiga kiruvchi badavlat tadbirkorlar manfaatlariga putur yetkazilsa, ular Kreml ning Ukraina borasidagi qadamlariga ta‘sir o‘tkaza boshlaydi, degan maqsad bor. Janob Usmonov Amerikaning Selikon vodiysi, ya‘ni Facebook kabi shirkatlarda yirik ulushlari bor edi, lekin bir necha oy avval ularni sotib, bu bozorni tark etib, Xitoydagi Internet shirkatlariga sarmoya qila boshladi. Menimcha, bu Usmonov kabi yirik tadbirkorlar orasida ehtimoliy sanktsiyalardan tashvish paydo bo‘lgani belgisidir,- deydi Economist jurnali sharhlovchisi.

Alisher Usmonov Facebook va Apple shirkatlaridagi hissalarini sotishi mart oyiga, ya‘ni Rossiya Ukrainaning Qrim mintaqasini anneksiya qilgan paytga to‘g‘ri keldi. AQShning eng istiqbolli va hissadorlariga millionlab dividend keltiradigan bozoridan chiqarilgan aktivlarini milliarder Usmonov Xitoyning Alibaba va JD.com Internet shirkatlariga yotqizdi.

Hozirda Alisher Usmonovning xorijiy Internet shirkatlaridagi sarmoyalarining 80 foizigacha miqdori Xitoy hissasiga to‘g‘ri kelishi aytiladi.

Boyligi 20 milliard AQSh dollariga baholangan Usmonov biznes imperiyasining asosiy qismi Rossiyadagi eng yirik tog‘-metallurgiya shirkati Metalloinvestga to‘g‘ri keladi. 50 foizi Usmonovga qarashli bo‘lgan Metalloinvest mahsulotining asosiy bozori Yevropadir.

Mart oyida Usmonov vakillari Rossiyaga nisbatan ehtimoliy sanktsiyalar o‘zbek milliarderini tashvishlantirayotganini tan olgan, lekin “buning biznesimizga oqibatlari bo‘lishini kutmayapmiz. Xitoy hech qanday sanktsiyalarni joriy qilish niyatida emas. Shuning uchun rubl , yuan yoki Hong Kong va Singapur dollarida savdo qilishimiz mumkin”, deya bildirgan edi.

Ayni paytda, Alisher Usmonov Moskvaning uchinchi yirik aeroporti ulushlarini sotib olish niyatida ekani aytilmoqda. Usmonov Vnukovo aeroporti xo‘jayinlaridan biriga aylanishi mumkinligiga doir xabarlar Yevropa Ittifoqining navbatdagi sanktsiyalari rossiyalik oligarxlar Alisher Usmonov, Roman Abramovich va Mixail Fridmanni nishonga olishi haqidagi xabarlar bilan bir paytda paydo bo‘ldi. Aytilishicha, rus oligarxlari ikki hafta ichida Yevropadan o‘z kapitalini olib chiqib ketmasa, katta yo‘qotishlar tahlikasi paydo bo‘lgani sababidan ular shoshilinch tarzda aktivlarini Rossiya va Osiyo bozorlariga o‘tkaza boshlagan.

Rossiyalik siyosatshunos Stanislav Belkovskiy rus oligarxlari G‘arbdan quvilib, hech bir yo‘qotishsiz o‘z biznes imperiyalarini Sharqqa ko‘chira olishiga doir gap-so‘zlar mug‘ombirlikdan boshqa narsa emas, deydi.

- Rossiya oligarxlari dunyoning boshqa mintaqalaridan yangi investitsion imkoniyatlarni topishi haqidagi gap-so‘zlar mug‘ombirlikdir yoki boshqacha qilib aytadigan bo‘lsak, kambag‘allar uchun. Chunki Alisher Usmonov Londonda yashaydi, uning Toshkent yoki Hong Kongga ko‘chib ketish niyati borligi haqida eshitganimiz yo‘q. Uning Londonda yashashi sabablaridan faqatgina Buyuk Britaniya u istagan tibbiy xizmat va boshqa qulayliklarni taqdim qila oladi. Uning sog‘lig‘i qanday ahvolda ekanini inobatga olsak, bu juda muhimdir. Shuning uchun Vnukovoga sarmoya qilayotgani uning uchun vaziyatdan chiqish bo‘lmaydi. Umuman oligarxlar uchun o‘z daromadlarini legallashtirish nuqtasi sharq emas, g‘arb bo‘lib kelgan va ular issiq joyini sovuvtishni istamaydi. Ularning hayot strategiyasi g‘arb bilan bog‘liq. Alisher Usmonov bo‘lsin, boshqa oligarx bo‘lsin ular orasida sharq mamlakatlarida doimiy yashash joyiga ega bo‘lganlarni bilsizmi? Hammasi negadir g‘arbda yashashni istaydi,- deydi siyosatshunos Belkovskiy.

Shu sababdan, deydi Ozodlikka gapirgan tahlilchilar, Putin rejimi Ukrainadagi harakatlari bilan o‘zini boshi berk ko‘chaga kiritib qo‘ydi. Bir tomondan Ukrainadagi rossiyaparast ayirmachilarni qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatsa, Putin uchun bu katta sharmandalik bo‘ladi va reytingi tushib ketishiga olib keladi. Ikkinchi tomondan, Ukraina sharqidagi bo‘hronni bartaraf qilmasa, rejimning asosiy ustuni bo‘lgan oligarxlar tahlika ostida qolmoqda.

XS
SM
MD
LG