Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 16:56

Diplomatiya universiteti: Bizda hech qanaqa “bunker” yo‘q...


Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektorati o‘qishga qabul qilish jarayoniga korruptsiya aralashgani, jumladan pul bergan abituriyentlarning test savollarini yechib berish uchun institut binosida maxsus xona - “bunker” tashkil qilingani haqidagi iddaolarni rad etdi.

O‘zlarini Jahon iqtisodi va diplomatiya universiteti (JIDU) professor o‘qituvchilari, deb tanishtirgan guruh nomidan Ozodlikka anonim xat kelib tushdi.

Xatda Jahon iqtisodi va diplomatiya universitetida o‘qishga qabul qilish jarayonida poraxo‘rlik kuchaygani, buni oqibatida qobiliyatli abituriyentlar tahsil olishdan mahrum bo‘lib qolayotgani haqida xavotir bildirildi.

Anonim xat mualliflarining da‘vosicha, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga kirish imtihoni paytida “mijoz” abituriyentlarning test kitobchalari bilimi kuchli o‘qituvchi va talabalardan tashkil topgan “bunker” deb ataluvchi guruhlar vositasida yechib beriladi va bu ishga universitetning prorektorlari aralashgan.

“So‘ngi 4 yil davomida qabul qilinayotgan talabalarning ilmiy salohiyat darajasi test sinovida to‘plagan baliga umuman to‘g‘ri kelmaydi. Mazkur jinoyat natijasida qobiliyatli abituriyentlar tahsil olishdan mahrum bo‘lmoqdalar. Eng achinarlisi, ta‘limning istiqboliga ishonchsiz nuqtai nazar bilan yondashmoqdalar. Savol yuzaga keladi, adolatsizlik oqibatida o‘qishga kirolmagan abiturent huquqini kim himoya qila oladi?” deyiladi maktubda.

Ozodlik anonim xatda ko‘tarilgan poraxo‘rlik bilan bog‘liq iddaolar yuzasidan JIDU rektoratiga qo‘ng‘iroq qildi.

Ozodlik suhbatlashgan universitet rektori yordamchilaridan biri buni “ig‘vo” deb atadi.

“Bu ayrim shaxsiy adovati bor o‘qituvchilarning prorektorlarimizga qarshi ig‘vosi bo‘lishi mumkin. Bizda hech qanaqa “bunker” tizimi yo‘q. Kirish imtihonlarini Davlat test markazi o‘tkazadi. Bizning o‘qituvchilarimiz va prorektorlarimiz talabalarni qabul qilish jarayoniga aralasholmaydi”, dedi JIDU rektorining yordamchilaridan biri.

O‘zbekistonda talabalarni o‘qishga pora evaziga qabul qilishda bunker tizimi keng qo‘llanilishi aytiladi.

Yaqinda Sharqshunoslik institutida “bunker” tashkil qilgan ikki prorektor qamalgani haqida Huquq gazetasi xabar qilgan edi.

Xabarga ko‘ra, universitet prorektorlaridan biri pul bergan abituriyentlarning test savollarini yechib berish uchun institut binosida maxsus xona - “bunker” tashkil qilgan. Test savollari abituriyentlarga tajribali o‘qituvchilar tomonidan yechib berilgan.

Bosh prokuratura boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Tohirjon Husanovga ko‘ra, jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi aybdorlarga tegishli jazo tayinlagan. Pora asosida test sinovini "bunker" orqali yechtirgani aniqlangan abituriyentlar taqdiri ochiqlanmagan.

O‘zbekiston Davlat test markazi rasmiylari esa qabul imtihonlari payti “bunker” tashkil qilish deyarli imkonsiz ekanini aytishadi.

- “Bunker” - bularning hammasi gapku, imtihon payti organ xodimlari bo‘ladi, ichkarida SNB xodimlari yuradi. Agar tutsa bu jinoyatku, - dedi DTM rahbarlaridan biri.

O‘zbekiston oliygohlariga kirish uchun test sinovlari 1 avgust kuni o‘tkaziladi. Yarim milliondan ortiq abituriyent uchun bu yil oliy o‘quv yurtlarida 57 ming 907 o‘rin ajratilgan. Shularning 19 ming 120 nafari davlat grantida va 38 ming 787 nafari to‘lov-kontrakt bo‘yicha qabul qilinadi.

XS
SM
MD
LG