Линклар

logo-print

O‘zbekiston Moliya vazirligi mamlakatning yettita oliygohida talabalarga 200 million so‘mdan ziyod stipendiya puli ortiqcha berilganini aniqladi. Ozodlik manbalariga ko‘ra, ushbu oliygohlar Ta‘lim vazirligining a‘lochi talabalar sonini qisqartirish talabini bajarmaganlikda ayblanmoqda.

O‘zbekiston Hisob palatasi va Moliya vazirligining Nazorat-taftish bosh boshqarmasi hamkorligida o‘tkazilgan tekshiruv natijasida mamlakatdagi yettita oliy o‘quv yurtida talabalarga asossiz ravishda stipendiya berilgani aniqlandi.

O‘zAning 24 iyuldagi xabariga ko‘ra, talabalarning o‘zlashtirishi sun‘iy ravishda oshirib ko‘rsatilgani natijasida, jumladan, Toshkent pedagogika universitetida 105,6 million so‘m, O‘zbekiston jahon tillari universitetida – 43,2 million so‘m so‘m byudjet hisobidan ortiqcha stipendiya to‘langan.

Shuningdek, Toshkent viloyati pedagogika institutida – 20,2 million so‘m, Nukus pedagogika institutida – 16,9 million so‘m, Qo‘qon pedagogika institutida – 9,2 million so‘m ortiqcha stipendiya to‘langan.

Ushbu tekshiruvlardan xabardor Ozodlik manbasiga ko‘ra, yettita oliygohda a‘lochi talabalar soni O‘zbekiston Oliy va o‘rta-maxsus ta‘lim vazirligi talab qilgan me‘yordan ziyodligi aniqlangan.

Manba aniqlagan ma‘lumotga ko‘ra, endilikda yettita oliygoh talabalariga to‘langan 200 million so‘mdan ziyod pul byudjetga qaytariladi.

“A‘lochi talabalar soni ko‘p bo‘lgan bu oliygohlarda. Byudjetdan va byudjetdan tashqari mablag‘dan ortiqcha stipendiya berilgan. Bu pulni talabaga a‘lo baho qo‘ygan domla va stipendiya tayinlashga mas‘ul bo‘lgan institut rahbarlaridan undirib olinadi”, dedi manbamiz.

Keyingi olti yil davomida O‘zbekiston oliygohlarida a‘lo bahoga o‘qiydigan talabalar sonini kamaytirish amaliyoti kuzatilmoqda.

Bu tadbir orqali a‘lochi talabalarga beriladigan stipendiya pulini tejab, byudjetdan stipendiya uchun kampoq pul sarflash rejalangani aytiladi.

Mamlakat oliygohlaridan birining o‘qituvchisining ismini sir qolish sharti bilan aytishicha, a‘lo baho qo‘yish uchun cheklov har bir oliygohda norasmiy ko‘rinishda mavjud.

- 5 baho uchun cheklov bor. Bu endi rahbariyat tomonidan oshkora aytilmaydi, lekin “5ni kam qo‘yinglar, 5 ko‘payib ketsa, stipendiyaga ajratilayotgan mablag‘lar ko‘payib ketiladi”, deyiladi. Shuning uchun ko‘p 5 baho qo‘ysangiz, domlalarni tekshirish boshlanadi. To‘g‘ri ball qo‘ydimi, noto‘g‘ri qo‘ydimi tekshirishadi. Shuni hisobga olib, domlalar bir necha yildan buyon ko‘p 5 qo‘ymaydigan bo‘ldi. Ko‘proq shu 4 yoki 3 qo‘yadi. Butun gruppada 30 ta bola bo‘ladigan bo‘lsa, faqat 4-5 bolaga 5 qo‘yiladi, oshiqcha qo‘yilmaydi. Shunaqa bir norasmiy jarayon bor. 4-5 yil oldin 10ta, 15 ta talabaga 5 qo‘yilar edi. Lekin hozir qattiq turibdi. Pul yetishmovchiligi orqasidan 5ni kamaytiringlar deb kafedra mudirlari aytadi, yig‘ilishlarda aytadi. Shuni orqasidan 5lar soni sekin-sekin kamaytirib, 4-5taga tushirildi ,- dedi oliygoh domlasi.

O‘tgan yilning 15 dekabrida ish haqi, pensiya, stipendiya va nafaqalar oshganidan so‘ng talabalar uchun o‘rnatilgan tarifga ko‘ra, "a‘lo"ga o‘qiydigan talaba o‘rtacha 330 ming so‘m, "yaxshi" bahoga o‘qiydigan talaba 230 ming so‘m, "qoniqarli"ga o‘qiydigan talaba 150 ming so‘m atrofida stipendiya oladi.

Agar bir institutda taxminan 4000 talaba o‘qisa va ulardan 100 nafari a‘lochi talabaning stipendiyasini olsa, ularning bir oylik stipendiyasi 33 million so‘m bo‘ladi.

Agar a‘lochi talabalar soni 50 nafarga qisqartirilib, ularga “yaxshi”ga o‘qiydigan talabaning stipendiyasi berilsa, bir oyda 5 million so‘m tejash mumkin.

Agar mamlakatda faoliyat yuritayotgan 60ta oliygoh o‘rtacha 50 nafar a‘lochi talabani qisqartirsa, bir oyda taxminan 300 million so‘m, bir yilda esa 3 milliard 600 million so‘m mablag‘ tejalishi mumkin.

Bu faqat taxminiy hisob-kitob. Aslida, iqtisodchilar taxminicha, mablag‘ yetishmasligi bois 2008 yilda boshlangan a‘lochi talabalar sonini qisqartirish tadbiri ortidan yiliga bundan ham ko‘proq pul tejalmoqda.

Talabalar stipendiyasi bilan bog‘liq yana bir holat: So‘nggi yillarda mamlakatda kuzatilayotgan naqd pul tanqisligi ortidan talabalarning stipendiyalari plastik kartochkaga o‘tkazib berilmoqda. Stipendiyalarning o‘z vaqtida berilmasligi esa odatiy ko‘rinish kasb etmoqda.

Ayni paytda O‘zbekiston Markaziy Banki rasmiylari mamlakatda naqd pul taqchilligini inkor qilib, umuman, byudjet mablag‘i bilan bog‘liq muammo yo‘qligini ta‘kidlab keladi.

XS
SM
MD
LG