Линклар

logo-print

Toshkent so‘rovi asosida qo‘lga olinib, Rossiyaning Omsk shahridagi 6 - sonli koloniyada saqlanayotgan qashqadaryolik 35 yoshdagi Zayniddin Rahimov O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati va Rossiya Federal xavfsizlik xizmati “tashrifi”dan keyin o‘z joniga qasd qilgani aytilmoqda.

Rossiyaning Omsk shahrida joylashgan 6-sonli ahloqni tuzatish koloniyasida MXX va FSB xodimlari bosimiga uchragan Zayniddin Rahimov qo‘li va bo‘ynini kesgan.

Bu xabarni Ozodlikka tasdiqlab bergan Rossiyadagi “Yordam” tashkiloti raisi Bahrom Hamroyev "o‘zbekistonlik mahbus shu tariqa o‘z noroziligini bildirgan"ini aytdi:

- Omskdagi 6 - koloniyada O‘zbekiston fuqarosi Zayniddin Rahimovga ham FSB, ham SNB xodimlari bosim o‘tkazgan. Ular qilmagan jinoyatlarni “Bo‘yninga olasan!”, deb do‘q-po‘pisa qilib majburlashgan. Lekin ular chiqib ketganidan keyin u o‘z bo‘ynini, qo‘llarini kesishga majbur bo‘lgan, chunki boshqacha qarshilik ko‘rsata olmagan. O‘zbekistonda uni Jinoiy kodeksning bir nechta moddasi bilan ayblashayapti. Buning ustiga Zaynidinni hozir 7 kunga qamab qo‘yishgan, izolyatorga. O‘zbekistonga bir necha yil bormagan uch nafar aka-uka Rahimovlar soxta ayblovlar bilan qidiruvda,- dedi Bahrom Hamroyev.

Huquq himoyasi tashkiloti rahbari og‘ir jarohatlar olganiga qaramasdan hozirda kartserda qolayotgan Zayniddin Rahimovning haq-huquqlari ta‘minlanishi masalasida koloniya ma‘muriyatiga maxsus bildirish xati bilan chiqqani va bu ishni o‘z nazoratiga olganini aytdi.

Ayni paytda, Omsk shahar 6 - sonli axloqni tuzatish koloniyasi rasmiylari Ozodlik muxbiriga hozircha bu hodisa yuzasidan biror ortiqcha ma‘lumot bera olmasliklari va ma‘lumot olish uchun Federal boshqarmaga murojaat qilish kerakligini bildirdi.

Qashqadaryolik mahbus Zayniddin Rahimovning ukasi Zuhriddin O‘zbekiston xavfsizlik xizmati idoralari nima sababdan aka-ukalarga bunday jiddiy ayblovlarni qo‘yayotganini hanuzgacha tushunmayotganini gapiradi.

- Menga koloniyadan akamning kameradoshlari telefon qilib, juma kuni xodimlar kelib akamni siquvga olishganini aytdi. Majbur qilishibdi nimagadir “O‘zbekistonda sening aybing bor ekan”, deb. Qo‘l qo‘ymagan ekan, izolyatorga tiqishibdi. 7 sutka berishibdi. Xabar ololmayapman hozir, bilolmasdan siqilib o‘tiribman. Akam o‘zi 2 yil oldin soxta pul bilan tushgan edi. Mashinada uxlab yotgan. Yonidagi bolalarda soxta pul chiqqan. Ularga 4 yil berdi, akamga 2,5 yil “kemaga tushganni joni bir”, deb. Undan keyin bizni ham olib borib tiqib qo‘yishdi. Hozir kichkina ukam ham yotibdi o‘sha yerda. Meni yaqinda qo‘yib yuborishdi. Akamga nima statya qo‘ygan bo‘lsa , bizga ham shuni tikdi, -deydi nohaqlik tufayli yarim yil qamoqxonada umrini o‘tkazganini gapirgan Zuxriddin.

O‘zbekistonlik bu mehnat muhojirining aytishicha, aka-uka Rahimovlar “odam savdosi”, “terrorchilik faoliyatini amalga oshirish” va u haqda “xabar bermaganlik”, “Konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz” va boshqa moddalar asosida O‘zbekistonda qidiruvda qolmoqda.

- Beshtacha statьya qo‘yib tashlagan – ruslar ham ko‘rib, “Sizlarning ayblaring yo‘q ekan”, deyishdi. Bu yerda biz dokumentlarni qonuniy qilib ishlab yurgan bo‘lsak. Hozir Rossiya O‘zbekistonga berib yuborish uchun akalarimni ushlab turishibdi. Shaxsan o‘zim 6 oy 12 kun o‘tirib chiqdim, shundan 3 oy 10 kuninin – maxsus blokda bir o‘zimni saqlashdi. Akamni bola-chaqasini ham 4 oyga tiqib qo‘ygan edi, yaqinda chiqib uyga ketdi. Ishlamaydi oilamizda hech kim, uydagilar ham qiynalib qolgan. O‘zimizda qidiruvda ekanmiz – hozirgacha olib tashlamabdi. Nima qilganimiz uchun, nima sababdan? O‘zimiz bilmaymiz: biz namoz ham o‘qimasak... Ishlab tinchkina yurganmiz,- deydi qidiruvda bo‘lgan Zuhriddin Rahimov.

Hozircha Zayniddin Rahimovning ahvoli to‘g‘risida boshqa ma‘lumotlar olinmadi. Ozodlik Rahimov ishini kuzatishda davom etadi.

Joriy yilning 13 mayida Omsk viloyatida joylashgan 6 - sonli ahloqni tuzatish koloniyasida qamoq jazosini o‘tayotgan bir nafar tojikistonlik mahbus qamoqxona ma‘murlari tomonidan urib o‘ldirilgani to‘g‘risida xabar paydo bo‘lgani haqida Ozodlik oldinroq xabar bergan.

Tahririyatga murojaat qilgan koloniyadagi bir guruh o‘zbeklar ma‘muriyatning bu bedodligi va qiynoqlariga qarshi g‘alayon ko‘targanini aytgan.

XS
SM
MD
LG