Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 11:19

Pasport stollarida yumaloq muhr urish cheklab qo‘yildi


O‘zbekiston pasportidagi dumaloq muhr.
O‘zbekiston pasportidagi dumaloq muhr.

Chetga chiqish harakatidagi o‘zbekistonliklarning pasportiga yumaloq muhr cheklab qo‘yildi. O‘zbekiston huquq-tartibot organlaridagi manbalarga ko‘ra¸ o‘tgan hafta chetga chiquvchi fuqarolar oqimini bo‘g‘ish uchun pasport stollari mulozimlariga qat‘iy tavsiya berilgan.

O‘zbekistondagi pasport stollari rahbarlariga berilgan tavsiyalardan biri fuqarolar pasportiga "yumaloq muhrni urishda shoshilmaslik"dan iborat.

Ozodlikning Andijon¸ Xorazm va Surxondaryodagi manbalarining aytishicha¸ chetga chiqish ehtimoli katta bo‘lgan fuqarolarning yangi biometrik pasportlariga yumaloq muhr urish ataylab kechiktirilmoqda.

Ozodlikning O‘zbekiston huquq tartibot organlaridagi manbalariga ko‘ra¸ o‘tgan hafta Toshkentda tuman pasport stollari va OVIR idorasi mulozimlari maxsus suhbatdan o‘tishgan.

- MXX va prokuratura vakillari ishtirokidagi bu suhbatda odam savdosi va fuqarolarning chet ellarda turli ekstremist guruhlarga qo‘shilib ketishini oldini olish uchun alohida hushyorlik zarurligi uqtirildi. Xususan, 18 yoshdan 35 yoshgacha bo‘lgan ayollar¸ 18 yoshdan 45 yoshgacha bo‘lgan erkaklarning chet elga chiqib ketishi ehtimoli yuqori bo‘lsa, ularning pasportlariga yumaloq muhr qo‘yishni kechiktirib turish topshirilgan¸ - deydi Ozodlikning O‘zbekiston huquq-tartibot organlaridagi manbasi.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ bunday tavsiyaning biometrik pasport va chiqish vizasini berish jarayoniga aloqasi yo‘q.

O‘zbekiston fuqarosining pasportida yumaloq muhr bo‘lmasa, u Rossiya Federatsiyasi va boshqa MDH mamlakatlari hududiga safar qila olmaydi.

Ozodlikka Andijon viloyatining Paxtaobod tumanidan murojaat qilgan va o‘zini Abdusalom deb tanishtirgan 32 yashar tadbirkor ayni tumanda yangi pasportga yumaloq muhr urib bermayotganidan shikoyat qildi.

Suhbatdosh o‘zi va yaqinlari olgan yangi biomertik pasportda yumaloq muhr bo‘lmagani uchun Rossiyaga keta olmayotganini aytadi.

Xorazm viloyati Xazorasp tumani Muxomon qishlog‘ida yashaydigan va o‘zini Ro‘zmat deb tanishtirgan 38 yashar duradgor Ozodlik bilan suhbatda pasportini yangilaganidan keyin O‘zbekistondan chiqa olmaganidan nolidi:

- Men o‘zi Rossiyadagi yog‘ochni qayta ishlash korxonasida ishlar edim. Pasport sroki tugaganidan keyin uyga almashtirishga bordim. Qancha chiqim bilan biometrik pasportni oldim. Lekin yumaloq muhr qo‘yib berishmayapti. So‘rasam sababini ham aytmadi. Keyinroq keling deb paysalga solishyapti, - deydi suhbatdosh.

Ozodlik manbalari bu holatni O‘zbekiston shahar va tumanlaridan xorijga chiqqan mehnat muhojirlarini O‘zbekistonga qaytarishga qaratilgan targ‘ibot va tashviqot ishlari bilan bog‘lashdi.

Navbatdagi taqiq yana korruptsiyaga yo‘l ochdi

Ozodlik shu yilning bahorida Surxondaryoda MXX tomonidan biometrik pasportga yumaloq muhr bosish to‘xtatilgani haqida maqola e‘lon qilgan edi.

Surxondaryo viloyat huquq-tartibot idoralaridagi Ozodlik manbasi chegara hududlarida o‘tkazilgan maxsus tadbir bois, yumaloq muhr qo‘yish vaqtincha to‘xtatilganini ma‘lum qilgan edi.

Surxondaryoning Qiziriq tumanida yashovchi, ismini ochiqlamaslikni so‘ragan yigitning Ozodlik bilan suhbatda aytishicha, u yaqinda biometrik pasportga yumaloq muhr bostirishga muvaffaq bo‘lgan.

Lekin uning iddao qilishicha, bu muhr uchun 100 AQSh dollari miqdorida pora berishga majbur bo‘lgan:

“Yumaloq pechatь 100 dollarga chiqdi. Shu pechatsiz Rossiyaga chiqa olmaymiz. Pasport stollar oldida juda uzun navbat. Shuning uchun tezlatsin, deb 100 dollar berdim. Rossiyaga ketishim kerak edi. Pasport stolda hammasi bepul deb yozib qo‘yibdi. Lekin har bir blankani 1000 so‘mdan majburlab oldirayapti”, deya iddao qilgan edi surxonlik yigit.

Yumaloq muhrsiz chet elga chiqib bo‘lmaydi

Fuqaro biometrik pasport olgach, o‘zi doimiy yashaydigan hududda qayddan o‘tgani haqidagi ma‘lumotni tasdiqlatishi lozim.

Ozodlik suhbatlashgan pasport stollari xodimlariga ko‘ra, bu ma‘lumot pasportning "Turar joyi" degan sahifasiga fuqarolar yig‘ini tomonidan bosilgan shtampda o‘z aksini topadi.

Lekin bu shtamp yoniga IIBning yumaloq muhri bosilmasa, pasport yaroqsiz hisoblanishi mumkin.

O‘zbekistonda joriy yilning 1 iyulidan boshlab eski pasport bilan xorijga chiqish to‘xtatilishi e‘lon qilinishi ortidan mamlakatdagi pasport bo‘limlari oldida turnaqator navbatlar paydo bo‘ldi.

Ozodlik manbalariga ko‘ra, biometrik pasport uchun ariza topshirayotganlarning qariyb 90 foizi xorijga ishlagani ketayotgan fuqarolardir.

Buning ustiga joriy yilning 1 fevralidan boshlab, O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi qoshidagi Davlat personallashtirish markazi viloyatlarga beriladigan biometrik pasportlar sonini cheklab qo‘ydi.

Rasmiy ma‘lumotga ko‘ra, hozir respublika bo‘yicha biometrik ma‘lumotlar olayotgan va pasportlarni tayyorlab berayotgan apparatlar soni 200 tadan ortiqdir. Bu apparatlar tomonidan kuniga berilayotgan pasportlar soni fevraldan boshlab, 150tadan 70taga tushirib qo‘yilgan.

Bu cheklov ham fuqarolarning biometrik pasport olishini qiyinlashtirmoqda. Viloyatlarda biometrik pasport olish uchun odamlar oylab navbat kutmoqda. Pasport berish bo‘limlari oldida har kuni 300-400 kishilik navbatlar paydo bo‘lgan.

Joriy yilning 1 iyulidan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari chet elga faqat biometrik pasport bilan chiqishi mumkinligi haqida Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 6 fevralda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining chet elga chiqishi tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroridan so‘ng pasport bo‘limlari oldida turnaqator navbatlar paydo bo‘la boshladi.

Ayni paytda O‘zbekiston Prezidenti farmonida eski rusumdagi pasportlar 2015 yilning 31 dekabrigacha amal qilishi belgilab qo‘yilgan.

XS
SM
MD
LG