Линклар

logo-print

Farg‘ona vodiysining ayrim hududlarida qovunning erta pishar navlariga qurt tushishni boshladi. Ayrim fermerlarga ko‘ra, yaqin vaqtgacha vodiyda qovunga qurt tushgani kuzatilmagan. Rasmiylar buni zararkunandalarga qarshi profilaktika ishlari vaqtida o‘tkazilmagani bilan izohlamoqda.

Qovun, makkajo‘xori va boshqa ekinlar yetishtirish bilan shug‘ullanib kelayotgan qo‘qonlik fermer Botir Qo‘chqorov Ozodlik bilan suhbatda bu yil o‘zi dehqonchilik qilayotgan hududda “Obi novvot” qovunining erta pishar naviga qurt tushib ulgurganini aytdi.

- “Obi novvot” degan bahorda tez pishadigan qovun bor. O‘sha qovunga dum tomonidan qurt tushayapti. Bugun bozordan “Bosvoldi” olib keldim yaxshi, normalьniy. Faqat “Obi novvot”ning erta pishar naviga qurt tushayapti, deydi Botir Qo‘chqorov.

Qo‘qonlik fermer vodiy dehqonlari qovun pashshasi degan zararkunandaga yaqindan beri ro‘para kelganlarini ta‘kidladi.

- O‘tgan yili bizdan 10 kilometr narida qovunlarga qurt tushib ketgan edi. Keyin hammasini daryoga oqizishgan. Dehqonlar boshqa joydan keltirilgan qovun urug‘ini ekishgan ekan, deyishdi. Qovunda qurt degan narsa o‘tgan yili miyamizda paydo bo‘ldi, deydi qo‘qonlik fermer.

Botir Qo‘chqorovga ko‘ra, qovun gullagan paytida va keyin ikki marta har 20 kunda dori sepilgan palaklarda qovunlar kasallanmagan.

Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi xuzuridagi Respublika O‘simliklarni himoya qilish va agroakimyo markazining o‘zini tanishtirmagan xodimi Ozodlik bilan suhbatda qovun pashshasiga qarshi samarali kurash usullari ishlab chiqilganini aytdi.

Lekin uning iddaosicha, qovun yetishtirayotgan dehqonlar zararkundalarga qarshi vaqtida dori sepmagani uchun qovun qurti ko‘paymoqda.

Unga ko‘ra, qovun pashshasiga qarshi kurash bo‘yicha batafsil ma‘lumotlardan iborat broshyuralar har yili barcha viloyatlardagi fermer xo‘jaliklariga tarqatiladi.

- Broshyura tayyorlaganmiz. Viloyat tumanlaridagi fermerlarga tarqatganmiz. Qovun pashshasi bo‘yicha loyiha qilingan. Asosan Qoraqalpog‘iston, Xorazm, Surxondaryo, Buxoro, Jizzax, Sirdaryo viloyatlarida keng tarqalgan. Vodiyda borligini men birinchi marta eshityapman. Vodiyga ham o‘tgan bo‘lishi mumkin. Chunki odamlar qovun urug‘ini o‘zlari oladi, bir-biriga beradi. Vaqtida dori sepilmagan bo‘lishi mumkin, deydi markaz xodimi.

Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi rasmiysi Zafar Ortiqov Ozodlik bilan suhbatda qovun pashshasi O‘zbekistonda azaldan bo‘lmaganini hashorat boshqa yurtlardan taxminan 15 yil oldin kirib kelganini aytdi.

Ortiqov hozir bu zararkunandaga qarshi O‘zbekistonda samarali preparatlar ishlab chiqailayotganini va hosilga taxdid yo‘qligini ta‘kidladi.

- Birinchi Qoraqalpog‘iston va Xorazmda rivojlangan bo‘lsa, hozirgi paytda 90-95 foizi “obrabotka” qilindi. U yerda zararkunanda o‘z kuchini ko‘rsata olmayapti. Unga qarshi samarali kurash choralari topilgan. Hech qanaqa zarar yetkazayotgan joyi yo‘q. Bundan xabari bo‘lmagan dehqonlarda va xususiy tomorqalarda qovun pashshasi zarar yetkazayotgan bo‘lishi mumkin, deydi Zafar Ortiqov.

O‘zbekiston Respublikasi O‘simliklarni himoya qilish ilmiy tekshirish instituti rahbari Ahror Sa‘dullayev Ozodlik bilan suhbatda qovun pashshasiga qarshi faqat kimyoviy vositalar qo‘llanilayotgani, hozircha biologik kurash usuli yo‘qligini aytdi.

- Qovun pashshasi kichkina, mayda, jigar rang bo‘ladi. Unga qarshi dori sepiladi. Biologik kurash yo‘li yo‘q, - deydi Ahror Sa‘dullayev.

Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi ma‘lumotiga ko‘ra, hozir O‘zbekistonda 45 tadan ortiq navdagi qovun yetishtiriladi.

O‘tgan yil Respublikada 1 million 320 ming tonna poliz mahsulotlari yetishtirilgan. O‘tgan yili ham respublikaning turli viloyatlarida qovunga qurt tushgani haqida xabarlar berilgan edi.

XS
SM
MD
LG