Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 15:07

Xo‘jaylida militsiya xodimi avtomobilida uch piyodani urib ketdi


Qoraqalpog‘istonning Xo‘jayli tumanida militsiya xodimi mashinani mast holda boshqarib, uch kishi o‘limiga sababchi bo‘ldi. Bu O‘zbekistonda so‘nggi uch oy ichidagi shunga o‘xshash ikkinchi hodisadir. Aprel oyi oxirida Toshkentning Chilonzor tumanida xizmat mashinasida uch nafar piyodani urib yuborgan yana bir militsioner 7 yilga qamaldi.

Qoraqalpog‘istonning Xo‘jayli tumanida avtomobilida uch kishini urib yuborgan sobiq militsioner ustidan tergov bormoqda.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligidagi manbaning Ozodlikka aytishicha, shu yilning 18 iyul kuni militsiya xodimi Nexia avtomashinasini mast holda boshqarib, uch kishining o‘limiga sababchi bo‘lgan.

- Shahar markazidagi ko‘chada Ichki ishlar bo‘limining qo‘riqlash xizmati xodimi yo‘ldan o‘tayotgan uch odamni urib yuborgan. Mashina shu qadar katta tezlikda bo‘lganki, tormoz bosilganidan keyin ham 40 metrgacha sirpangan. Buning ustiga haydovchi mast bo‘lgan, deyilyapti. Hozir buni ekspertlar o‘rganib chiqmoqda. Militsiya urib yuborgan bir erkak va bir ayol shu yerni o‘zida o‘ldi. Yana bir ayol ertasi kuni kasalxonada jon berdi, - dedi vazirlikdagi manba.

Voqea guvohlariga ko‘ra, Xo‘jaylida mast holda uch kishini urib yuborgan militsiya xodimi voqea joyidan qochishga uringan. Uch kun o‘tib u hibsga olingan.

- Hozir bu odam qamoqda. Vazirlik tergov boshqarmasi bu ish bilan shug‘ullanyapti. Militsiya xodimiga jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi bo‘yicha ayb qo‘yilyapti, - dedi O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligidagi manba.

Ushbu modda o‘n yilgacha qamoq jazosini ko‘zda tutadi.

O‘zbekistonda militsiya xodimlari yo‘l harakati qoidalarini buzgan holda odamlar o‘limiga sababchi bo‘lishi birinchi marta ro‘y berayotgani yo‘q.

23 iyul kuni Toshkent shahar Uchtepa tumani jinoyat ishlari bo‘yicha sudi o‘z xizmat avtomashinasida uch nafar piyodani urib ketgan Toshkent shahar Ichki ishlar boshqarmasi xodimini 7 yilga qamash haqida hukm chiqardi.

U aprel oyida Toshkentning Chilonzor tumanida Nexia rusumli xizmat avtomobilida katta tezlikda qarama-qarshi yo‘lga chiqib ketib, uch nafar piyodani urib ketgan.

Oqibatda, bir erkak va 5 yoshli qizcha halok bo‘lgan, jiddiy jarohatlangan yosh ayol esa jarohatlangan edi.

XS
SM
MD
LG