Линклар

Toshkentdagi Qirg‘iziston elchixonasining birinchi kotibi Kanatbek Sharshanbek O‘zbekistonda spirtli ichimliklarini noqonuniy sotilishini uyushtirganlikda ayblanmoqda. Bu haqda O‘zbekiston matbuotiga tayangan holda qirg‘iz gazetalari xabar tarqatgach, Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi tekshiruv ishlarini boshladi.

Diplomat tekshiruv uchun Bishkekka chaqirildi

O‘zbekiston matbuotida paydo bo‘lgan xabarlarda aytilishicha, Toshkent shahar Yunusobod tuman militsiyasi kontrafakt spirtli ichimliklar bilan noqonuniy savdo qilayotgan ikki shaxsni qo‘lga olgan. Tergov davomida esa ular Qirg‘iziston elchixonasi diplomati Kanatbek Sharshanbek noqonuniy savdoni uyushtirgani haqida ma‘lumot bergan.

Bu xabar O‘zbekiston internet nashrlarida 15 kun avval paydo bo‘lgan esa-da, Qirg‘iziston tomoni rasmiy munosabat bildirmay kelayotgan edi. Biroq mazkur xabar iyulь oyining oxirlarida Bishkekdagi nashrlarda ko‘chirib bosilgach, Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi o‘z pozitsiyasini bildirdi.

-Ommaviy axborot vositalarining barchasida bu haqda ma‘lumot paydo bo‘ldi. Biz mana shu xabarning naqdar asosli ekanini bilish maqsadida nomi zikr etilgan diplomatni Bishkekka chaqirdik. Tekshiruv ishlari yakunlanganidan so‘ng bu haqda batafsil ma‘lumot beriladi, -dedi Tashqi ishlar vazirligi rasmiysi Turdakun Sidikov.

O‘zbek matbuotining "eski" qahramoni

Bu o‘zbek va qirg‘iz diplomatlari o‘rtasida kuzatilayotgan birinchi janjal emas. O‘zbekiston ommaviy axborot vositalarida o‘tgan yilning avgust oyi boshida Qirg‘izistonning O‘zbekistondagi elchixonasi birinchi kotibi Kanatbek Sharshenbek Toshkentda o‘zbek shifokorlarini haqorat qilgani va o‘zbeklarni kamsituvchi, millatlararo nafratga asoslangan chaqiriqlarni aytgani haqida xabarlar berilgandi.

Shundan so‘ng Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi masalaga oydinlik kiritish maqsadida Sharshenbekni Bishkekka chaqirib olgandi. Keyinroq Qirg‘iziston TIV rahbariyati diplomatga nisbatan ilgari surilgan ayblovlar haqiqatga muvofiq emas, deya xulosa chiqargan va uning Toshkentga qaytib, o‘z ishini davom ettirishiga izn bergan.

Bu voqedan bir necha hafta o‘tgach esa, O‘zbekistonning Bishkekdagi elchixonasi birinchi kotibi M. Xayriddinov va uning hamrohlari Bishkek markazida qirg‘izistonlik J. Qadirovga tan jarohati yetkazgani iddao qilingan va Bishkek O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga nota jo‘natgan edi.

Mana shu ikki voqea sodir etilganiga ropa-rosa bir yil to‘lgan bir paytda Kanatbek Sharshanbek yana o‘zbek matbuotining salbiy qahramonlaridan biriga aylandi.

"Angliyada qirg‘iz diplomatlari tamaki sotayotganda qo‘lga tushgan"

Bishkeklik ayrim tahlilchilar mazkur voqea Bishkek va Toshkent o‘rtasidagi munosabatlarda sovuqchilik paydo bo‘lgan bir paytda yuz berganiga e‘tibor qaratib, buni Toshkentning Qirg‘izistonga norozilikni o‘ziga hos tarzda izhor qilishi sifatida baholamoqda. Lekin Qirg‘izistonning sobiq tashqi ishlar vaziri Alikbek Jekshenkulov bunday fikrlarga qo‘shilmaydi:

-Bu masalada qosh qo‘yaman deb ko‘z chiqarmaslik kerak. “Qirg‘iziston bilan O‘zbekiston munosabatlari yomonlashdi, shuning uchun bu voqea yuz berdi”, deyishlik kurakda turmaydigan gap. So‘nggi besh-olti yilda bu kabi voqealar ko‘p takrorlanayapti. Masalan, Angliyada qirg‘iz diplomatlari tamaki sotayotgan paytda qo‘lga tushgan va jinoyat ishi ochilgan. Undan avvalroq Nьyu Yorkda bir necha qirg‘iz diplomati boj to‘lovlari to‘lanmasdan olib o‘tilgan spirtli ichimliklarni sotayotganida qo‘lga olingan. Bu voqealar diplomatlar orasida tartibsizlik, qonunni hurmat qilmaslik, mas‘uliyatsizlik kabi illatlarning avj olgani belgisidir, -dedi Alikbek Jekshenkulov.

XS
SM
MD
LG