Линклар

Ozodlikka Namangan viloyatidan bog‘langan va o‘zini 30 yashar tadbirkor Ma‘ruf Abduraxmonov, deb tanishtirgan tinglovchi Namangan avtomobil bozorlarida firibgarlik qilgan shaxs mashina olishni niyat qilgan xaridorlarning 277 ming AQSh dollari miqdoridagi pulini yeb ketganidan arz qildi.

Uning da‘vosicha, 2 oycha muqaddam bozorda paydo bo‘lgan notanish shaxslar o‘zini toshkentlik mashinafurush, deb tanishtirgan va chortoqlik xaridorlarga Toshkentdan keltirilgan avtomobillarni taklif qilgan.

- Neksiya, Lasetti, Damasga o‘xshagan mashinalarni sotishyapti, oyiga bo‘lib to‘lashga kelishayapti. Siz sotib olganingizdan keyin birdan mashinaning asl egasi kelayaptida, bu mening mashinam, deb tortib olayapti, - deya arz qildi Ma‘rufjon.

Uning o‘zi ham firibgar guruhga chuv tushganini aytdi.

- Men 6 oylik kelishuv bilan Neksiya mashinasini 13 ming AQSh dollariga oldim. 7 ming dollarini berdim. Hammasini to‘lagandan keyin, mashinani mening nomimga o‘tkazishga kelishdik. Bir oydan kelib, mashinani sizning nomingizga o‘tkazamiz, egasi Turkiyaga ketayotgan ekan, deb mashinani olib ketdi. Yo‘q shu bilan - mashina ham yo‘q, pul ham, - deydi Ma‘rufjon.

Qariyb 300 ming dollar pulini toshkentlik firibgarga oldirgan chortoqliklar IIBga arz qilgan.

- Ushlashibdi u odamni. Lekin, tergovchilar yuzimizga ochiq aytishdi, 6 oymi - 1 yil qamalib, amnistiya bilan chiqarkan. Pulingizni to‘latib bera olishmas. Toshkentga qidirib borsak, bu yigitlarning nomida hech narsa yo‘q. Oilasiyam hech narsa qilib berolmaymiz, deb qaytarishvordi. Bilsak, bu yigitlarning klinikalari bor ekan. Xullas, kelishishganda - sen 1 yil o‘tirib chiqasan, shu bilan 300 ming dollarni bo‘lib olamiz, deganda, - deb gumon qildi chortoqlik tinglovchi.

Bu muammo bilan Ozodlikka arz qilgani sababni esa tinglovchi shunday ifoda qildi:

- Nahotki, O‘zbekiston qonunchiligida bunday firibgarlardan bechora odamlarning haqqini undirib beradigan kuch yo‘q bo‘lsa?! To‘g‘ri, biz cherez notarius hujjat qilmaganmiz, oyma-oy to‘lashga kelishganimiz uchun. Lekin, oldi-berdilarimizga guvohlar ko‘pku. Nahot, pulimizni undirolmasak? - deya savol tashladi chortoqlik Ma‘rufjon Abdurahmonov.

Ozodlik ayni paytda Namangan va Andijondan bog‘langan yana bir necha tinglovchi bergan ma‘lumotlarga oydinlik kiritishga urinmoqda.

Yangiliklarni saytimizda kuzatib boring!

******************************************************************************
Muhtaram mushtariy, agar sizni ham tashvishga solayotgan muammolar bo‘lsa, shuningdek, o‘zingiz guvohi bo‘layotgan voqea-hodisalar borasida Ozodlikka xabar bermoqchi bo‘lsangiz, bizga qo‘ng‘iroq qiling yoki Skypeda biz bilan muloqotga chiqing.

OzodMikrofon sizga muntazir!

OzodMikrofon rukni ostida berilayotgan fikr va mulohazalar oddiy o‘zbekistonliklarning shaxsiy ko‘z qarashlari ifodasi va bu mulohazalar uchun Ozodlik tahririyati mas‘ul emas!

XS
SM
MD
LG