Линклар

4 avgust kuni O‘zbekistonning turli shaharlaridagi “Xalq banki” bo‘limlari oldiga to‘plangan aholi 1992 yil chiqarilgan 12 foizli obligatsiyalar qiymatining ozligidan norozilik bildirmoqda. Zayom evaziga qaytariladigan pulning naqd berilmasdan plastik kartochkaga o‘tkazilishi haqidagi xabar ham obligatsiya egalarining jahlini chiqardi.

Ozodlik manbalariga ko‘ra¸ Nukusning G‘arazsizlik ko‘chasida joylashgan “Xalq banki” binosi oldiga dushanba kuni aksariyati qariyalardan iborat 500ga yaqin odam to‘planib, eski zayom evaziga qaytadigan pul ozligidan norozilik bildirgan.

Ozodlikka ma‘lum bo‘lishicha Toshkent¸ Samarand¸ Buxoro¸ Farg‘ona va Namangan viloyatlaridagi banklar oldida ham eski zayom evaziga qaytadigan pul ozligidan norozi bo‘lganlar to‘plangan.

O‘zbekiston hukumati 1992 yildagi 12 foizli ichki yutuqli zayom obligatsiyalari bo‘yicha indeksatsiya koeffitsiyentini belgilanidan keyin obligatsiya egalari pulini olish uchun banklarga borishgan.

Obligatsiyalar indeksatsiyasi haqida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yil 31 iyuldagi qarorida aytilgan.

Ozodlikning Xalq bankidagi manbalarining aytishicha¸ 1994 yil iyulidan 2014 yil iyuligacha eng kam oylik ish haqi 1373 marta oshganini hisobga olib, zayom obligatsiyalariga 1,373 so‘m (1 rubl : 1,373 so‘m) miqdorida indeksatsiya koeffitsiyenti belgilangan.

Ozodlik manbalari ta‘kidiga ko‘ra, O‘zbekistondagi Xalq bankining mas‘ul bo‘linmalari aholidan qabul qilingan zayom obligatsiyalari yuzasidan to‘lovlarni boshlagan.

Pul mablag‘larini indeksatsiyani hisobga olgan holda 1 avgustdan 30 noyabrgacha to‘lab berish rejalashtirilgan.

Vazirlar Mahkamasining 1992 yil 6 aprelda qabul qilingan 165-sonli qaroriga asosan, aholi o‘rtasida tarqatish uchun 1992 yilgi 12 foizli ichki yutuqli O‘zbekiston obligatsiyalari chiqarilgan.

Obligatsiyalarning muddati 20 yil etib belgilangan bo‘lib, ular uchun to‘lovlarni 2014 yilning 1 iyuligacha talab qilish belgilangan edi.

Shu yilning 5 mart kuni qabul qilingan Vazirlar Mahkamasi qarorida "Davlat tomonidan qabul qilingan majburiyatlarni so‘zsiz bajarish, fuqarolar jamg‘armalarining kafolatli himoyasini ta‘minlash, aholi ishonchini mustahkamlash maqsad qilingan"i aytildi.

Ozodlikning Xalq bankidagi manbalarining aytishicha¸ obligatsiya egalarining puli ularning plastik kartalariga o‘tkazib beriladi.

Buning uchun Xalq bankining vakolatli bo‘linmalarida shaxsni tasdiqlovchi hujjatni ko‘rsatgan holda obligatsiya egalari nomiga "talab qilib olinadigan" hisob raqami ochilishi lozim.

Bankdagi manbaning aytishicha, belgilangan muddatda Xalq banklariga topshirilmagan obligatsiyalar o‘z kuchini yo‘qotadi.

Ozodlik bilan suhbatlashgan nukuslik mehnat veterani Sarsenboy ota 1992 yilda O‘zbekiston hukumatining va‘dasiga ishonib aldanganini aytadi:

"Kun issig‘ida ertalabdan ocheredda turgan edim, zayom pulini qaytarib olaman deb. Keyin chiqib pul yo‘q¸ xozir pul kelsa, plastikka o‘tkazamiz, deb aytdi. Postanovleniyeda 1373 barobar deyilgan ya‘ni 1373 raz. Bu degani 1000 so‘mga 1 million 373 ming so‘m beradi, deb ishonuvdim.

Kelsak 1992 yildagi 1000 so‘mga oradan 22 yil o‘tgandan so‘ng 1373 so‘m beramiz, deb ustimizdan kulib turibdi. 1992 yilda o‘n ming so‘mga bitta mashina berar edi. Endi bo‘lsa, yarim kilo go‘shtni pulini berib turibdi. U ham bo‘lsa plastikka"¸ deb ta‘kidladi suhbatdosh.

Mehnat fahriysi O‘zbekiston prezidentining gapiga ishonib 1992 yili yutuqli zayom olganini ta‘kidladi:

"Shu zayom chiqqanda Islomxon akani o‘zi shaxsan TVdan aytgan edi, xalqimiz zayomni olsin¸ bu davlatga yordam bo‘ladi, keyin qaytarib olasizlar, degan edi. Biz ishonuvdik. Hozir bilsak, yurtboshimiz aldagan ekan. Hamma qariyalar bu gapni eslaydi. Ular Karimovning gapiga ishonib bor puliga zayom olgandi", deydi nukuslik Sarsenboy ota.

“Moliya vazirligi firibgarlik qildi”

Bu fikrni o‘z ismi sir qolishini istagan o‘zbekistonlik iqtisodchi Ozodlik bilan suhbatda izhor qildi.

Suhbatdoshimiz uzoq yillar O‘zbekistondagi moliya bilan bog‘liq tizimlarda¸ xususan, 1997 yildan 1998 yilgacha O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy aloqalar va savdo vazirligida ishlagan.

Iqtisod bo‘yicha chet elda ma‘lumot olgan mutaxassisning aytishicha¸ 1992 yilgi 12 foizli ichki yutuqli zayom yuzasidan o‘z majburiyatini bajarmagan O‘zbekiston Moliya vazirligini bemalol firibgarlikda ayblash mumkin:

"O‘zbekiston fuqarolari mamlakat iqtisodiy ahvoli qiyin bo‘lgan paytda obligatsiya sotib olib iqtisod rivojlanishiga ko‘mak ko‘rsatishdi. Oradan 22 yil o‘tib bu fuqarolar ayni hukumatdan rag‘bat kutishga loyiq. Ammo bu obligatsiyalarni chiqargan moliya vazirligining g‘irromligini esa faqat qoralash mumkin. Obligatsiyalar yutuqli deyilgan, ammo hech kimga yutuq chiqmadi"¸ deya takidlagan suhbatdosh.

U shuningdek, Ozodlik mushtariylariga ba‘zi raqamlarni taqdim qildi:

"1992 yilda chiqarilgan obligatsiyalarning umumiy summasi 24 milliard so‘m edi. Bu esa o‘sha paytdagi O‘zbekiston ichki yalpi maxsulot hajmining 70 foizini tashkil qilgan. Mendagi ma‘lumotlarga ko‘ra¸ 1992 yili O‘zbekistonda eng kam ish haqi 2000 so‘mni tashkil qilgan. 1992 yilda eng kam oylik¸ ya‘ni 2000 so‘mga nominali 250 so‘m bo‘lgan sakkizta obligatsiya sotib olish mumkin edi. 1992 yil oxirida bir buxanka qora non besh so‘m bo‘lgan. Bir dona ming so‘mlik obligatsiya evaziga 200 dona buxanka non olish mumkin edi. Bugun bir buxanka qora non 600 so‘m turishi hisobga olinsa, 1992 yil chiqarilgan va nominali ming so‘m bo‘lgan obligatsiyaning qiymati 120000 so‘m bo‘lishi kerak"¸ deydi suhbatdosh.

Kasbi iqtisodchi bo‘lgan suhbatdoshimizning aytishicha, O‘zbekiston hukumati oshkora g‘irromlik yo‘lini tutib, eldan olgan qarzni “nomigagina” qaytarishga qaror qildi.

XS
SM
MD
LG