Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:17

MTS va O‘zbekiston Universal Mobile Systems qo‘shma korxonasini ochishga kelishdi


O‘zbekistonga qaytayotgan Rossiyaning MTS shirkati bilan 15 avgustgacha Universal Mobile Systems (UMS) nomli qo‘shma korxona tuzish haqida Vazirlar Mahkamasining qarori e‘lon qilindi. MTS shirkati matbuot xizmati Toshkentdagi korxonaga Bosh direktor qilib Rossiya fuqarosi tayinlaganini ham ma‘lum qildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Rossiyaning eng yirik mobil aloqa operatori - MTS shirkati bilan 15 avgustga qadar "Universal Mobile Systems" nomi ostida yangi qo‘shma korxona tuzish haqidagi qarori mahalliy matbuotda e‘lon qilindi.

Ozodlik bilan suhbatda MTS shirkati matbuot xizmati rahbari Yelena Koxanovskaya bu qo‘shma korxonani 25 sentyabrgacha mamlakatda rasman ro‘yxatdan o‘tkazishga kelishib olinganini ma‘lum qildi.

- Yangi tuzilayotgan korxona "Universal Mobile Systems" yoki qisqacha "UMS" deb ataladi. Biz oldinroq Murosa bitimini imzolagan edik va mana shu hujjat asosida ish olib borayapmiz. Yana bir yangilik – o‘tgan hafta biz Toshkentda bo‘lib qaytdik. Shirkatimiz O‘zbekiston tarafi bilan yangi Bosh direktorni tasdiqlash to‘g‘risida kelishib oldi. Biz ularga uni tanishtirdik, u Rossiya fuqarosi, malakali mutaxassis. Hozir rasman tasdiqlanmaguncha uning kimligini sir saqlab turamiz, - dedi Yelena Koxanovskaya.

MTS vakilasi UMS Qo‘shma korxonasi Murosa bitimida belgilangan rejaga muvofiq mobil tarmoqning texnik tayyorgarlik ishlarini 1 noyabrgacha, mijozlarga xizmat ko‘rsatishga tayyorgarlikni esa 1 dekabrgacha yakunlash rejalanganini aytdi.

Ikki taraflama muzokaralarga yaqin bo‘lgan Ozodlik manbasiga ko‘ra,
Universal Mobile Systems qo‘shma korxonasi MTSning O‘zbekistondagi sobiq shirkati – “O‘zdunrobita”ga tegishli bo‘lgan mulk va asbob-uskunalarni qabul qilib oladi.

Rossiyaning “Mobil nыe TeleSistemы” va O‘zbekiston hukumati o‘rtasida imzolangan Murosa bitimida tuzilajak qo‘shma korxonaning 50,01 foiz ulushi MTSga, 49,99 foiz ulushi O‘zbekiston Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya davlat qo‘mitasiga qarashli bo‘ladi.

MTSning O‘zbekistondagi sho‘‘basi "O‘zdunrobita" 2012 yilning iyul oyida hukumat qarori bilan faoliyatini to‘xtatgan.

O‘zbekiston rasmiy idoralari "O‘zdunrobita"ni katta miqdorda soliqdan bo‘yin tovlash, pul yuvish, mijozlar pullarini noqonuniy o‘zlashtirish va boshqa qonunbuzarliklarda ayblagan edi.

Faoliyati to‘xtatilguniga qadar O‘zbekiston telekom bozoridagi eng yirik mobil aloqa operator bo‘lgan MTS 10 millionga yaqin mijozini boy berdi.

MTS O‘zbekistondagi faoliyati to‘xtatilgani bois 1 milliard AQSh dollaridan oshiq zarar ko‘rdi va sarmoyadorlar o‘rtasidagi kelishmovchilikni tartibga soluvchi Vashingtondagi xalqaro markazga bu yuzadan shikoyat qilgan.

O‘zbekiston hukumati MTSga doir mulk va uskunalarni bir necha marta kimoshdi savdosiga qo‘ydi, lekin unga xaridor topa olmadi.

31 iyul kuni imzolangan Murosa bitimiga binoan o‘zaro da‘volar bekor qilinadigan bo‘lgan.

XS
SM
MD
LG