Линклар

4 avgust kuni Buxoroda Atlantis pool akvaparkida 10 yoshli qizcha 1 yarim metrlik basseynga cho‘kib halok bo‘ldi. Buxoro shahar prokuraturasi hodisa yuzasidan tergov boshladi va akvaparkni vaqtincha yopib qo‘yildi. Ochilganiga endi 3 yil bo‘lgan bu akvapark shaharning eng gavjum dam olish maskaniga aylanib ulgurgan edi.

Buxorolik Sabina ismli 10 yoshli qizcha akvaparkning kattalar uchun mo‘ljallangan 1 yarim metr chuqurlikdagi hovuzga tushib, cho‘kib ketdi.

Baxtsiz hodisani tasdiqlagan Atlantis pool akvaparki xodimlari Ozodlik bilan suhbatda qizcha o‘limi uchun mas‘uliyatni uning onasiga yukladi.

- Bizda ikkita hovuz bor. Biri bolalar uchun, yana biri kattalar uchun mo‘ljallangan. Bu qizcha bolalar hovuzida cho‘milayotgan bo‘lgan. Onasi katta basseynda bo‘lgan. Keyin qizcha shu ikki hovuzning o‘rtasidagi zinapoyadan o‘tib katta hovuzga tushib qolgan. Onasi ham qaramagan. Qandaydir soniyalarni ichida qizcha suvga cho‘kib ketgan. Keyin qutqaruvchilarimiz ko‘rib qolib, qizni suvdan chiqarib olishdi. Qizchaga shu yerni o‘zida birinchi yordam ko‘rsatildi. Shundan so‘ng uni kasalxonaga olib ketishdi. Keyin bilsak qizcha olamdan o‘tgan ekan, - dedi ismini oshkor qilmayotganimiz Atlantic pool akvaparki xodimi.

Lekin, qizcha cho‘kib ketguniga qadar basseyndagi xavfsizlikka mas‘ul qutqaruvchilar qayoqqa qaragani haqidagi savolni park xodimi ochiq qoldirdi.

Ozodlik marhum qizchaning onasi bilan bog‘lana olmadi.

Hozir Buxoro shahar prokuraturasi bu yuzadan tergov olib bormoqda va park xodimlari ochiq qoldirgan bir qator savollar - 10 yashar qizcha qanday qilib chuqurligi bir yarim metr bo‘lgan kattalar hovuziga o‘tib qolgan, akvapark qutqaruvchilari nima sababdan buni vaqtida payqamagan va halokat oldini olmagan, suzishni bilmaydigan qizchaga nega xavfsizlik chambaragisiz xovuzga tushishiga ruxsat berildi, kabi savollarga javob izlamoqda.

Tergov bois, Atlantis pool akvaparki vaqtincha yopildi.

2011 yilda ochilgan Atlantis pool akvaparki kuniga ikki yuz odamga xizmat ko‘rsatadi. Buxorodagi eng yirik bu akvaparkda shu paytgacha bunaqa baxtsiz hodisa qayd etilmagan edi.

- Bu holat bizni yana ham xushyor torttirdi. Vaziyatni o‘rganib chiqib, akvaparkda xavfsizlik choralarini yana ham kuchaytiramiz, - deb va‘da qilmoqda Atlantic pool ma‘muriyati.

XS
SM
MD
LG