Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 13:49

Blog: Xiyobonda bo‘saxo‘rlikni taqiqlash kerakmi?..


Ozodlik bloggeri Toshkent markazidagi Amir Temur xiyobonini kezdi va ko‘rgan-kechirganlarini qog‘ozga tushirdi. Bu gal faol blogger xiyobonni to‘ldirib, o‘pishayotgan yoshlarni "bo‘saxo‘rlar" deb atar ekan, bu manzaradan xulosalarini bayon qildi.

* * * * * * * * * * * * * * * * * * * * * * * * * * * * *

Bog‘-xiyobonda bo‘zaxo‘rlik qilib o‘tirgan bo‘z yigitlarni ko‘p ko‘rgansiz, a? Endi deng, bo‘saxo‘rlar ham ko‘payib ketdi.

“Obbo, bo‘saxo‘rlar kim bo‘ldi” deysizmi? Kim bo‘lardi, kuppa-kunduzi bir-birining pinjiga kirib, o‘pishayotgan oshiq-ma‘shuqlar-da.

“Hoy, errayim, o‘pishsa o‘pishaversin, senga nima, endi birovning labiga xo‘jayinlik qilmoqchimisan?!” deya gapga omoch solmay turing.

So‘z erkinligi degich tansiq ne‘matdan foydalanib ikki og‘iz mulohazamni bildirib olay, e‘tirozingiz bo‘lsa, keyin eshitmagan nomard!

Sobiq Toshkent shahar hokimiyati, hozirgi Xalq banki binosi biqinidagi xiyobonga yo‘lingiz tushib qolsa, bo‘sh o‘rindiq topaman deb xomtama bo‘lmang.

Aksar skameykalarni serehtiros juftliklar egallagan bo‘ladi. “O‘psa netar– yuvsa ketar!”

Shahidlar xotirasi (!) xiyoboni ham sevishganlarning visol makoniga aylanganiga allazamon bo‘ldi.

“Pand-nasihatni nabirangizga qilasiz,boboy, toshingizni tering, birovning ishiga burun suqmang, xopmi?!”

Senat ortidagi so‘lim Anhor bo‘yi ham qaynoqqon oshiq-ma‘shuqlarning “siyosiy boshpanasi”ga aylangan. “Sayr bahona, diydor g‘animat!”

Botanika bog‘ini-ku aytmay qo‘yaqolay, chirmovuqdek chirmashgan juftlarni qizg‘in “ijod” ustida ko‘rasiz. “Yoshlik – beboshlik!”

Ro‘yxatni davom ettiraveraymi?

Bo‘lar, a?

Yuksak axloq haqida nutq irod qilib, kulgiga qolmay. Axloq degani “modadan qolgani”ga ancha bo‘ldi, shekilli.

Lekin... baribir bu ahvolda bog‘-xiyobonga voyaga yetmagan bola bilan yo‘lab bo‘lmasligini aytsam, eskichilikda ayblamassiz.

Ota-onasi bilan sayr qilib yurgan mardum “tekin tomosha” ustidan chiqib, o‘ng‘aysiz holga tushishini aytsam, zamondan orqada qolishga yo‘ymassiz.

Albatta o‘pishish – mutlaqo shaxsiy ish. Ammo jamoat joyda ehtiroslarga erk berishni ham shaxsiy ish deb bo‘ladimi?

Indoneziya, Malayziya, BAA singari davlatlarda jamoat joyda o‘pishganlarga jarima yo qamoq jazosi tayinlanar ekan. Osiyo Osiyo-da, dersiz.

Bu yog‘i Yevropa – Vena metrosi, Tbilisi xiyobonlarida ham o‘pishish taqiqlangan deb eshitaman.

O‘zbekistonda ham jamoat joylarda o‘pishishni taqiqlash kerakmikan?

Yo‘g‘e, yasoqdan ish chiqmas-ov. O‘zi shundoq ham taqiqlar serob bo‘p turganda yangisini o‘ylab topmaylik, to‘g‘rimi? Qolaversa, taqiqlangan mevaning ta‘mi shirinroq bo‘lib chiqmasin...

London metrosida o‘pishish uchun alohida hudud ajratilgan deb o‘qigandim. Balki bizda ham oshiq-ma‘shuqlarga maxsus joy ajratish kerakdir.

Ehtimol, ovloq maskan topolmay jamoat ko‘z o‘ngida xo‘rozqand shimishayotgan oshiqlarni tushunib, ularning tinchini buzmagan ma‘quldir?

To‘xtang, to‘xtang, masalaning rosmona yechimi yoshlarning e‘tiqodi, intellektini oshirishda emasmikan?..

Injiq mushtariy

XS
SM
MD
LG