Линклар

Moskvadagi vokzalda yurtdoshini o‘ldirishda gumon qilingan o‘zbek qidirilmoqda


Moskvaning Qozon vokzalida qotillikda ayblanayotgan Jasurbek Islomov qidiruvga berildi.

Moskvaning Qozon vokzalida qotillikda ayblanayotgan Jasurbek Islomov qidiruvga berildi.

Moskva shahar politsiyasi Qozon vokzalida o‘z hamyurtini pichoqlab o‘ldirishda gumon qilinanayotgan 23 yoshli o‘zbekistonlik Jasurbek Islomovni qidiruvga berdi. Tergovchilar ayblanuvchi va jabrdiyda yigitlar O‘zbekistonning bir joyidan, hatto sinfdosh bo‘lganini gapirmoqda.

Moskvaning Meshchanskiy tuman sudi Rossiya poytaxti Qozon vokzalidagi platformalardan birida O‘zbekiston fuqarosi o‘ldirilishiga aloqadorlikda gumon qilibi, 1991 yilda tug‘ilgan Jasurbek Islamovni qidiruvga berdi.

2014 yilning 28 iyulida kechki payt temir yo‘l vokzalidagi hodisa joyidan shifoxonaga olib ketilgan 23 yashar O‘zbekiston fuqarosining joni tez yordam mashinasida uzilgan.

Moskva shahar mintaqaviy Tergov qo‘mitasi tergovchi-kriminalisti Muxtar Magomedov Ozodlik bilan suhbatda o‘zbekistonlik Jasurbek Islomov o‘z yurtdoshi yuragiga pichoq sanchib, jinoyat joyidan qochganlikda gumon qilinayotganini aytdi.

- O‘lgan o‘zbekistonlik yigit va qotillikda ayblanayotgan shaxs kichiklikdan do‘st, sinfdosh bo‘lgani ma‘lum. Ularning ikkalovi, xato qilmasam, Toshkentdan. Hozir Jasurbekni xalqaro qidiruvga berdik. Biz hozircha u haqda ko‘p narsa bilmaymiz. Menga o‘lgan Rahmonov yetim bo‘lgan deyishdi. Uning do‘stlari kelib O‘zbekistonga olib ketishdi. Aytishlaricha, ikkalovi sportsmen, biroz taltaygan yigitlar bo‘lgan, - deydi tergovchi Muxtor Magomedov.

Ma‘lum bo‘lishicha, Jasurbek Islomov Moskvada bu hodisadan yarim yilcha oldin paydo bo‘lgan. Rahmonov esa Rossiya poytaxtida ancha yildan buyon tayinli bir ish qilmasdan yurgan.

Ozodlikka taqdim etilgan videoyozuvda Qozon vokzalidagi janjal tafsilotlari o‘z aksini topganini ko‘rish mumkin.

​Qotillik bo‘yicha tergov olib borayotgan Muxtor Magomedov jinoyat sabablariga oid taxminlar bilan ham o‘rtoqlashdi.

​- Ikkalovi sportsmen yigitlar bo‘lgan, boks bilan shug‘ullangan, va tushunishimcha, ularning janjali aynan vokzalda “avtoritet” kimligini ko‘rsatib qo‘yish bo‘lgani, ta‘sir doirasini aniqlashdan kelib chiqqan. Bu yigitlar shu yerda o‘z hamyurtlarini tunash, ulardan “dolya” yig‘ish bilan shug‘ullanib kun kechirgan. Xullas, Moskvaning sharq yo‘nalishidagi eng yirik vokzalida “krisha” va boshqa kriminal ishlar bilan shug‘ullanib kelgan. Bunday guruhlar juda ko‘p Moskvaning Qozon vokzalida. Ular kichik guruh bo‘lganmi, katta mafiya tarkibidami – buni tergov aniqlaydi, - dedi tergov qo‘mitasi vakili.

Tergov qo‘mitasi vakili so‘zlariga ko‘ra, o‘zbekistonlik Rahmonov o‘limi yuzasidan Rossiya Federatsiyasi Jinoyat Kodeksining 111 moddasi 4 qismi asosida jinoiy ish ochilgan.

Ozodlikka yordam so‘rab murojaat qilgan Rossiya Tergov Qo‘mitasi vakilidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, jinoyatda gumon qilinayotgan 23 yashar Jasurbek Islomov allaqachon soxta hujjatlar bilan O‘zbekiston ichkarisida yashiringan bo‘lishi mumkin.

Tergovchi Muxtor Magomedov jinoyatda ayblanayotgan Islomov yosh bo‘lishiga qaramasdan o‘ta xavfli ekani, ilgari ham pichoq bilan boshqa jinoyatlarni sodir etgan bo‘lishi mumkinligi taxmin qilinayotganini bildirdi.

Moskva shahar politsiyasi va tergov qo‘mitasi vokzaldagi hodisaga guvoh bo‘lganlar yoki Islomov Jasurbekning yashiringan joyini bilganlardan Moskva politsiyasiga +7(499)266-05-93 va +7-917-56421-12 telefon raqamlari orqali xabar qilishni so‘ramoqda.

XS
SM
MD
LG