Линклар

Qamchiq dovonining Toshkent va Namangan viloyatlari o‘rtasidagi "Chinor" nazorat-o‘tkazish punktida 5 kilometrga cho‘zilgan avtomobil tirbandligi yuzaga keldi. Harbiylar har bir yo‘lovchi pasporti va avtomobilini birma-bir tekshirmoqda. Vodiyni poytaxtga ulagan dovonda favqulodda kuchaytirilgan xavfsizlik chorasi sabablari hozircha ochiqlanmadi.

Toshkent viloyatidan Namangan viloyatiga o‘tiladigan Qamchiq dovonidagi "Chinor" nazorat-o‘tkazish punktida qariyb bir haftadan buyon 5 kilometrga cho‘zilgan avtomobil tirbandligi kuzatilayotgani haqida Ozodlikka turli manbalardan xabarlar kelmoqda.

Ozodlik manbalarining aytishicha, ba‘zi kunlarda avtomobil tirbandligi 5-6 kilometrgacha cho‘zilmoqda.

Yuk va yengil mashinalar, odatda nazorat punktining alohida yo‘laklaridan o‘tkazilib kelgan. Guvohlarning aytishicha, hozir ular ham bir yo‘lakka solinib, ayni guruh nazoratidan o‘tkazilmoqda.

Ammo manbalarga ko‘ra, ayni yo‘lda Namangan-Toshkent yo‘nalishida kelayotgan avtomobillarda tirbandlik yo‘q. Yo‘lning bu tomonida tekshiruv ham qattiq emas.

Ikki soatlik navbat kutganidan so‘ng "Chinor" punktidan o‘tolgan Ozodlik manbasining aytishicha, avtomat ko‘targan harbiylar har bir mashina va yo‘lovchini obdon tekshirmoqda.

- Postga yetib kelganimizdan so‘ng, harbiylar kelib pasportlaringni ko‘rsatinglar, dedi. Biz “O‘zbekiston ichidamizku pasportni ko‘rsatish shartmi?” desak: “Ha, pasportniy rejim bo‘lgan, ko‘rsatinglar”, dedi. Taxminan, 5-6 minut ushlab turdi. Shuning uchun ham probka katta bo‘lib ketgan, - dedi manba.

Taksida Farg‘onaga borgan 74 yoshli Asqarali boboning aytishicha, u ikki soat navbat kutgan va yon-atrofidagi yosh bolalar, keksalar issiqda juda qiynalayotganiga guvoh bo‘lgan:

- Yosh-yalang moshinlardan tushib yayov ketyapti. Issiqda, ayniqsa, yosh bolalarga juda qiyin bo‘lyapti. Melisayu soldatlarga farqi yo‘q, o‘zlari soyada o‘tirib olib bemalol tekshirishyapti. Mamlakatning ichida ahvol shunday bo‘lsa, xorijga chiqishda qanday bo‘larkan? - dedi Asqarali bobo.

Ozodlik bilan suhbatda Toshkent viloyati Ichki ishlar boshqarmasining o‘zini tanishtirmagan mulozimi, bu tartib O‘zbekiston Milliy Xavfsizligi yo‘riqnomasi asosida tashkil qilinganini aytdi:

- Chegara qo‘shinlarining askarlariga shunday ko‘rsatma berilgan. Har bir fuqaroning pasportini tekshirib o‘tkazinglar, deyilgan. Nima uchun bunday qilishayotganini bizga izohlashgani yo‘q. Endi har bitta mashinaga 4-5 minutdan vaqt sarflangandan keyin shunday bo‘ladida, - deya turnaqator navbatga izoh berdi Ichki ishlar mulozimi.

Hozircha O‘zbekistonning boshqa viloyatlari o‘rtasidagi nazorat-o‘tkazish punktlarida kuchaytirilgan tartibda fuqarolar pasportini tekshirish tartibi joriy etilgani yo‘q.

Har yili Mustaqillik bayrami arafasida vodiyni Toshkent viloyati bilan bog‘lovchi Chinor postida pasport tekshirish rejimi kuchaytiriladi.

Nima sababdan bunday qattiq tartib joriy qilinishini rasmiylar izohlamaydi.

Vodiyni O‘zbekistonning boshqa viloyatlari bilan bog‘lovchi yagona yo‘l bo‘lgan Qamchiq dovonida yilning har faslida yo‘lovchilarning pasportlari tekshiriladi.

Odatda, mustaqillik bayramidan oldin Toshkentga keladigan yo‘lovchilar qattiq tekshiruvdan o‘tkazilardi. Bu safar esa vodiyga ketayotgan yo‘lovchilar tekshiruv manbaiga aylandi.

XS
SM
MD
LG