Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 14:13

Bolasini Rossiya kollejida o‘qitishni istagan ona tartibbuzarga chiqarildi


Коллеж талабалари дарсдан уйга қайтмоқда
Коллеж талабалари дарсдан уйга қайтмоқда

Rossiyada ishlayotgan o‘zbek muhojiri O‘zbekistondagi kollejda tahsil olayotgan qizining o‘qishini Rossiyadagi sohadosh kollejda davom ettirish istagi ortidan muammolar girdobida qoldi. Onaning bu harakati o‘zbek mulozimlari tarafidan tartibbuzarlik deb baholandi.

O‘z farzandini Rossiyadagi kollejda o‘qitmoqchi bo‘lgan toshkentlik ona huquq-tartibot idoralari tomonidan tartibbuzarlikda ayblanmoqda.

Toshkent viloyatida istiqomat qiladigan Munira opa O‘zbekistondagi kollejda o‘qiyotgan qizini Rossiyadagi sohadosh kollejga o‘qishga olib ketish istagini bildirganida “balog‘at yoshiga yetmagan farzandini sababsiz o‘qishdan olib qoldi” degan ayblovga duch kelganini aytib, Ozodlikka murojaat qildi.

Munira opaning 16 yashar qizi Gulasal O‘zbekistondagi kollejlardan birida (kollej manzili sir saqlanmoqda. - Tahr.) o‘qiydi. yoz ta‘tilida onasining oldiga borgan Gulasal Rossiyadagi kollej sinovidan muvaffaqiyatli o‘tib o‘qishni davom ettirish huquqini ham olgan. Ammo, Gulasal o‘qiyotgan O‘zbekistondagi kollej rahbariyati o‘z o‘quvchisining o‘qishni Rossiyada davom ettirish istagini qondirmayotir.

Munira opaning aytishicha, kollej rahbariyati ma‘lumotnoma bermasdan ishni paysalga solmoqda.

Hozir Rossiyaning Tolьyatti shahrida yashayotgan Munira opa ayni paytda qizini o‘zboshimchalik bilan o‘qishdan olib qolishda ayblanib, ma‘muriy javobgarlikka tortilishi mumkinligi borasida rasman ogohlantirildi.

Bundan tashqari, qizi o‘qigan bilim yurti ma‘muriyati bu ayol murojaati ortidan Toshkent viloyati IIBning Balog‘atga yetmaganlar bilan ishlash inspektsiyasiga ham arz qilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta‘lim vazirligidagi manbalar ta‘kidicha, Balog‘atga yetmaganlar bilan ishlash inspektsiyasi taftishi natijasida Munira opa huquqbuzar sifatida jarimaga tortilishi ham mumkin.

O‘zbekistondan Rossiyaga borib istiqomat qilayotganlar soni Rossiya Federal Migratsiya xizmati bergan ma‘lumotga ko‘ra, to‘rt yarim milliondan oshgan.

Ozodlikka murojaat qilgan toshkentlik Munira opa ana shu millionlar safidagi mehnat muhojirlaridan biridir.

Ozodlik Munira opaning so‘roviga ko‘ra bu masalani surishtirib ko‘rganida, qizining kollejdagi o‘qishini boshqa davlat hududidagi sohadosh bilim yurtiga o‘tkazmoqchi bo‘lgan ona istagi mulozimlar tarafidan turlicha baholanganini aniqlandi.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta‘lim vazirligidagi manbalar ta‘kidicha, Vazirlar mahkamasining "O‘rta maxsus, kasb-hunar ta‘limi muassasalari o‘quvchilari o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibini takomillashtirish haqidagi" 369-son qaroriga ko‘ra, Munira opaning qizi o‘qishni Rossiyada davom ettirishi mumkin.

Ammo manba ta‘kidicha, Munira opa bu borada qonunchilikda belgilangan tartibda murojaat qilganida, ijobiy natijaga erishgan bo‘lar edi.

"Munira opa vazirlikning o‘rta maxsus, kasb-hunar ta‘limi markaziga qayta ariza yozishi kerak edi. O‘qishni ko‘chirish to‘g‘risidagi ariza kasb-hunar ta‘limi markazi tomonidan ariza berilgan kundan boshlab 15 kun mobaynida ko‘rib chiqiladi. Markazning yozma javobi tegishli o‘rta maxsus, kasb-hunar ta‘limi hududiy boshqarmasiga yuboriladi. O‘rta maxsus, kasb-hunar ta‘limi hududiy boshqarmasi olingan javob asosida ariza beruvchining va tegishli ta‘lim muassasalarining manziliga xat yuboradi. Bu holda Munira opa o‘z qizini ataylab o‘qishdan olib qoldi, deya huquqbuzar sifatida javobgarlika tortilmaydi”, deb ta‘kidladi Ozodlik manbasi.

Ayni paytda manba 16 yashar balog‘atga yetmagan qizning o‘z o‘qishini Rossiyadagi kollejga ko‘chirishi biroz qiyin jarayon ekanini ham tan oldi:

“Odam savdosi, degan masala bor. Qancha qizlar Rossiyada odam savdosi qurboni bo‘lib ketyapti. Shuning uchun bu masala ota-onalar¸ mahalla qo‘mitalari¸ huquq-tartibot organlari ishtirokida jiddiy ko‘rib chiqiladi va bu ko‘p hollarda uzoqqa cho‘ziladi”, deydi Ozodlik manbasi.

Suhbatdoshga ko‘ra, Munira opaning qizi harbiy bo‘lmagan kolejda o‘qigani bois, qonun bo‘yicha o‘qishni bemalol Rossiyadagi sohadosh kollejga ko‘chirib davom ettirishi mumkin.

“Harbiy kollej o‘quvchilarini Rossiyadagi kollejga ko‘chirmaslik haqida cheklov bor. Ammo bu cheklov gumanitar sohada o‘qiydigan Munira opaning qiziga taalluqli emas", dedi Ozodlik manbasi.

Manbaga ko‘ra, masala ijobiy hal bo‘lgan taqdirda 3 kun muddatda o‘quvchining hujjatlari yangi o‘qish joyiga yuboriladi.

Bu manba bunday oilalar ko‘pligi, yaqinda ham Turkiyaga ishlagani ketgan bir oila farzandi o‘qishini Turkiyaga ko‘chirishganini aytib berdi.

Shuningdek, ayni manba o‘rta maxsus, kasb-hunar ta‘limi muassasasi o‘quvchilarining ota-onasi doimiy yashash uchun boshqa davlatga chiqib ketganda o‘quvchining o‘qishdan chetlashtirilishi mumkinligini ham ta‘kidladi.

XS
SM
MD
LG