Линклар

logo-print

Istanbul shahrida turk qizchaga enagalik qilayotgan o‘zbekistonlik ayol ish beruvchi erkak tomonidan ayovsiz kaltaklanib, ikki qo‘li singan holda kasalxonaga yotqizildi. Erkak enaga qizchani o‘g‘irlab ketdi, degan vasvasa ostida ayolni kaltaklaganini tan olgani aytildi. Turkiya politsiyasi voqea yuzasidan tekshiruv olib bormoqda.

Turkiyadagi o‘zbekistonlik blogger Anvarning Ozodlikka aytishicha, Istanbul shahrida yashovchi turk oilasining 5 yashar qiziga enagalik qilayotgan o‘zbekistonlik Dilnoza Ismatova 3 avgust kuni ayovsiz kaltaklangan.

Anvarga ko‘ra, Dilnozaning kaltaklanishiga ish beruvchi erkak qizchasini enaga o‘g‘irlab ketdi, degan vasvasaga tushib qolgani sabab bo‘lgan.

- Dilnoza 5 yashar qizchaga enagalik qilgan. Uning dugonasiga beradigan qarzi bo‘lgan va qarzini berish uchun qizcha bilan tashqariga chiqqan. Enaga bu haqda qizning ota-onasiga xabar berolmagan. Chunki uning telefonida puli bo‘lmagan. Uy egasi ishdan qaytib kelganida qizcha ham enaga ham uyda bo‘lmagan. U qizimni enaga olib qochdi deb qo‘rqib ketgan. Dilnoza qaytib kelishi bilan biror narsa deyishga ulgurmagan. Erkak Dilnozani temir bilan urgan va musht tushirgan. Zarblar oqibatida uning ikki qo‘li sinib ketgan, - deydi o‘zbekistonlik blogger.

Anvarga ko‘ra, shovqinni eshitgan qo‘shnilar politsiya chaqirgan.

Huquq-tartibot organi xodimlari voqea joyiga yetib kelishganida Dilnoza Ismatova behush bo‘lgan. Turkiya politsiyasi xodimlari yordamida u "Go‘ztepa" kasalxonasiga olib borilgan.

Tez tibbiy yordam ko‘rsatilganidan keyin voqea yuzasidan ko‘rsatma berish uchun Dilnoza politsiya idorasiga olib borilgan.

O‘zbekistonlik bloggerga ko‘ra, ikkala qo‘li bilagidan singan Dilnoza Ismatova Istanbulning “Fotih Sulton Mahmat” nomli kasalxonasida yana tibbiy yordam olganidan so‘ng kasalxonani tark etgan.

Ayni paytda, ismi oshkor qilinmayotgan turkiyalik erkak politsiyaga Dilnoza Ismatova uning qizini o‘g‘irlashga harakat qilgani bo‘yicha ariza topshirgan.

O‘zbekistonlik bloggerning aytishicha, bir necha yildan beri Turkiyada yashagan Dilnoza Ismatovaning vizasi va ishlashga ruxsati yo‘q. Ko‘ngilsiz voqea batafsil o‘rganilganidan keyin politsiya Dilnoza Ismatovani Turkiyadan besh yilga deportatsiya qilishi mumkinligi kutilmoqda.

Ayni paytda, Turkiyadagi o‘zbeklar huquqlarini himoya qilish bilan shug‘ullanuvchi “O‘zbeklar birligi” tashkiloti raisi Odam Chevik Ozodlik bilan suhbatda o‘z tashkiloti Dilnoza Ismatovaga yordam berish niyatida ekanini aytdi.

- Istanbul yoki Turkiyaning boshqa joyida bo‘ladimi, bir erkak xizmatchi ayolni kaltaklasa, u turk bo‘lishidan qat‘iy nazar, u zolim va ayol mazlumdir. Biz unga huquqiy tomondan, advokat yollash va zolimni javobgarlikka tortishda yordam beramiz. Bundan tashqari, agar uning deport qilinishi ehtimoli bo‘lsa, Ichki ishlar vazirligiga murojaat qilib bu jarayonni to‘xtatib turishga harakat qilamiz, - dedi “O‘zbeklar birligi” tashkiloti raisi Odam Chevik.

Ozodlik Istanbulda kaltaklangan o‘zbekistonlik mehnat muhojiri taqdirini kuzatishda davom etadi.

XS
SM
MD
LG