Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 16:35

Qo‘qon tug‘ruqxonasida qarovsiz qolgan ona va bola o‘ldi


Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahridagi tug‘ruq kompleksida 3 avgust kuni 30 yashar ayol tug‘ruq paytida olamdan o‘tdi. Tug‘ilgan chaqaloq ham ikki kun kasalxonada yotib, jon berdi. Marhumning yaqinlari fojea uchun mas‘uliyatni tug‘ruqxonaga, shifokorlar esa marhumning yaqinlariga yuklamoqda.

Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahridagi tug‘ruq kompleksida 3 avgust kuni 30 yashar Ra‘noxon (familiyasini sir tutish so‘raldi - Tahr.) farzand ko‘rish chog‘ida olamdan o‘tdi.

Tug‘ilgan chaqaloq ham ikki kun kasalxonada yotib jon berdi.

Ozodlikka ma‘lum bo‘lishicha, Qo‘qon shahrining Alisher Navoiy mavzesi¸ "Hurlik" mahallasidagi 89-uyda yashaydigan Ra‘noning janozasi seshanba kuni o‘qilgan.

Yolg‘iz o‘g‘li bilan yashab kelgan va bola tug‘ayotib kasalxonada o‘lgan ayolning dafn marosimi Rossiyada mardikorlikda yurgan eri kech kelgani uchun bir kunga kechiktirildi. Ra‘noxonning ota-onasi erta o‘lib ketgani bois, marhuma va uning norasida go‘dagini ko‘mish harajatlarini mahalla ko‘tardi.

Ozodlik manbalarining aytishicha, olti yashar yoqubjon ismli o‘g‘li bilan yolg‘iz yashagan homilador Ra‘no kun soati yaqinlashganda tug‘ruqxonaga o‘zi borgan:

- Bechora rosa kambag‘al edi. Yo‘l kiraga pul topolmay o‘zi inqillab roddomga borgan. Qo‘li yupqa bo‘lgani uchun hech kim unga qaramagan. Bolani tuqqanu o‘lgan. Bolasi ham qorayib tug‘ilgan ekan, ikki kunda uyam o‘lgan. Bechora g‘irt yetim edi. Ota-onalari erta o‘lib ketgan. Eri ham anchadan beri Rossiyada. Ra‘noxon qashshoq bo‘lgani uchun vrachlar parvo qilmagan. Shu bois, olamdan o‘tdi”, deydi Farg‘onadagi Ozodlik manbalari.

Ozodlik muxbiri Qo‘qon shahridagi tug‘ruqxonaga qo‘ng‘iroq qildi.

O‘zini tanishtirmagan tug‘ruqxona xodimi Ra‘noxonning o‘limi 3 avgust kuni soat 23 dan 30 daqiqa o‘tganda, tug‘ruq paytidagi o‘lim sifatida qayd etilganini tasdiqladi.

Xodimning aytishicha, bemorning ahvoli tug‘ruqqacha ham o‘ta og‘ir bo‘lgan, sog‘ligi juda zaif bo‘lgan va vrachlarning astoydil harakatlariga qaramasdan olamdan o‘tgan. Zaif tug‘ilgan bola ham ikki kundan keyin o‘lgan.

Tug‘ruqxona xodimining aytishicha¸ bemorning qonida gemoglabin miqdori o‘ta kam bo‘lgani o‘lim sababi sifatida qayd etilgan:

“Birinchi farzandini ham "tsezarь amaliyoti" bilan tuqqandi. Bu safar qiynalib-qiynalib tug‘di. Qoni besh bo‘lgani uchun tug‘diyu o‘ldi. Bolani saqlab qoldik, lekin zaif tug‘ilgan bola onasining o‘limidan keyin ikki kungina yashab, 5 avgustda o‘ldi”, deydi Qo‘qondagi tug‘ruq kompleksining o‘zini tanishtirmagan xodimi.

Marhumaning Rossiyadan yetib kelgan eri bir kunda ham xotini, ham chaqalog‘ini ko‘mdi.

Ozodlik bilan suhbatlashgan marxumaning yaqinlari ta‘magir vrachlarning beparvoligi bois, bir oila barbod bo‘ldi, deb da‘vo qilmoqda.

Ra‘no opadan qolgan yolg‘iz yodgor - 6 yashar yoqubjonning taqdiri savol ostida qolmoqda. Mavjud tartibga binoan otasi yoki onasidan mahrum bo‘lgan yoxud g‘irt yetim bolalar taqdirini vasiylik organlari hal qiladi.

Ozodlik bilan suhbatlar yakunida "Hurlik" mahallasi turg‘unlari yoqubjon mehribonlik uyiga berilmasdan otasi qaramog‘ida qolsa edi, degan orzuni tilga oldi...

XS
SM
MD
LG