Линклар

OzodJavobning bugungi sonida turar joy davlat yoki jamiyat ehtiyojlari uchun buzilgan taqdirda mulk egasining qanday huquq va imtiyozlari borligini o‘rganamiz.

Keyingi yillarda O‘zbekistonning deyarli barcha tuman va shaharlarida obodonlashtirish maqsadida yuzlab turar-joylar buzildi. Bu jarayon hali ham davom etayapti.

Mulk egalarining buzilgan uyi evaziga berilgan kvartira yoki yer uchastkasidan qoniqmaslik, tovon pulining kamligidan nolish holatlari ham to‘xtayapti.

Shu kunlarda chegara chizig‘iga yaqinligi bois Farg‘ona viloyati Farg‘ona tumani Mindon qishlog‘ida joylashgan o‘nlab uylar buzilmoqda.

Uyi buzilayotganlardan biri, mindonlik 30 yashar Akramjon Ahmadaliyevga ko‘ra, 18 sotix hovlisini buzib, 6 sotixdan uchta turar joy uchun yer uchastkasi berilgan. Akramjonning hisob-kitobicha, hovlisi bozor narxida 100 million so‘m turadi. Farg‘ona tuman hokimligi unga 19 million so‘m tovon puli berilishini aytgan. Lekin Akramjon bu pulning juda kamligini aytib, norozilik bildiradi:

Toshkentda buzilgan Olmazor mahallasi.

Toshkentda buzilgan Olmazor mahallasi.

​- Uylaringni buzamiz, deyishayapti. Bo‘ldi, buzishiga biz rozimiz. Bizga uyimizni prezidentimizning qarori bo‘yicha, bozor narxida hisoblab, pulimizni beringlar, deyapmiz. Sotix berdi, tomorqa berdi, mayli, rahmat. Prezidentimizning qarori bo‘yicha byudjetdan pul ajratilgan, viloyat hokimiyatidan ham ajratilgan. Bu hokimlar prezidentimizning qarori bo‘yicha ish qilmayapti, - deydi Akramjon.

Mindonlik boshqa bir suhbatdoshimiz Akmaljon aka ham singlisi Marhamat Najimovaning buzilayotgan uyi uchun belgilangan tovon pulining kamligini aytadi:

- Prezidentning qarori bor ekan. O‘sha qaror bo‘yicha bozor narxida haq to‘lasin. 18 million so‘m puliga qancha tsement beradi? O‘shani qaytadan baholab, ko‘proq pul berishsa, uyni tiklab olardik. Keyin uyni tiklashga muddat berishi kerak. Hozir 5 kunning ichida ko‘ch, deyapti. 5 kunning ichida qanday ko‘chamiz? Tsement bermasa, armatura bermasa, shifer bermasa? Melisalarni olib kelib, majbur ko‘chasan, deyapti. Qanaqa ko‘chamiz, u yerda hali hech narsa bo‘lmasa?, - deydi Akmaljon aka.

Ozodlikka uyi buzilayotgan fuqarolar tomonidan deyarli har kuni bo‘layotgan shu kabi shikoyatlar ortidan qonun bo‘yicha mulk egasining qanday huquq va imtiyozlari borligini o‘rganishga qaror qildi.

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasiining 2006 yil 29 maydagi 97-sonli (DAVLAT VA JAMOAT EHTIYoJLARI UChUN YeR UChASTKALARINING OLIB QO‘YILIShI MUNOSABATI BILAN FUQAROLARGA VA YuRIDIK ShAXSLARGA YeTKAZILGAN ZARARLARNI QOPLASh TARTIBI TO‘G‘RISIDA NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA) qarorida mulkdor turar joyi buzilishidan 6 oy avval ogohlantirilishi lozimligi ta‘kidlangan.

Toshkent viloyatining Xitoytepa qishlog‘ida ham uylar buzildi.

Toshkent viloyatining Xitoytepa qishlog‘ida ham uylar buzildi.

Mamlakat qonunlarida aholining turar-joyi davlat yoki jamoat ehtiyojlari uchun buzilgan taqdirda mulk egasi buzilgan hovlisi yoki kvartirasi evaziga o‘sha narxdagi uy-joy bilan ta‘minlanishi ko‘zda tutilgan.

“Uy-joy” kodeksining 27-moddasiga ko‘ra, yer uchastkalari davlat yoki jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi munosabati bilan fuqarolarning hovli yoki kvartiralari buzilgan taqdirda mulk egasiga barcha qulayliklari bo‘lgan turar joy mulk qilib beriladi. Buzilgan uy evaziga beriladigan turar joy avvalgisiga teng qiymatda bo‘lishi ham belgilangan. Uyni tanlash payti mulk egasining xohishi hisobga olinishi va taraflar kelishuvga kelishi lozim.

«Fuqarolik» kodeksining 206-moddasida ham uyi buzilgan mulkdorga olib qo‘yilgan mol-mulkka teng miqdorda mulk berilishi qayd qilingan.

Ushbu hujjatga ko‘ra, mulkdorga qarashli uy, boshqa imoratlar, inshootlar yoki ekinlar joylashgan yer uchastkasi davlat yoki jamiyat ehtiyoji uchun olib qo‘yilgan taqdirda mulk egasi turar joy bilan ta‘minlanishidan tashqari ko‘rgan boshqa zararlari to‘lanadi yoki mulk huquqi bekor qilinishi bilan yetkazilgan zarar to‘la hajmda to‘lanadi.

Vazirlar Mahkamasi qarorida yer uchastkasini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish yer egasining ROZILIGI bilan yoki yerdan foydalanuvchi va ijaraga oluvchi bilan kelishuv bo‘yicha amalga oshirilishi lozimligini qayd qilingan. Mulkdor yer uchastkasi olinishiga rozi bo‘lmasa ish sudga oshiriladi.

"Fuqarolik" kodeksining 206-moddasiga ko‘ra, mulk huquqining bekor qilinishiga olib keladigan qarorga mulkdor rozi bo‘lmagan taqdirda, bu qaror nizo sud tomonidan hal qilingunicha amalga oshirilishi mumkin emas. Nizoni ko‘rib chiqish vaqtida mulkdorga yetkazilgan zararni to‘lash bilan bog‘liq barcha masalalar ham hal qilinadi.

"Uy-joy" kodeksining 28-moddasida uyi buzilgan mulkdor va uning oila a‘zolariga, shuningdek, ushbu uylarda doimiy yashayotgan fuqarolarga ularning xohishiga ko‘ra yakka tartibda uy-joy qurish uchun yer uchastkasi berilishi aytilgan.

“Er” kodeksining 27 moddasiga ko‘ra, har bir oilaga 0,06 gektargacha yer uchastkalari beriladi. Yakka tartibda uy-joy qurish uchun 0,04 gektargacha doirada yer uchastkalariga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi belgilangan tartibda kim oshdi savdosi asosida realizatsiya qilinadi.

“Uy-joy” kodeksining 27-moddasiga ko‘ra, fuqaroning uyi davlat ehtiyoji uchun buzilgan taqdirda uning bog‘i va uyi atrofidagi dov-daraxtlarning ham qiymati to‘lanadi. Buzilayotgan uyning (kvartiraning) qiymati berilayotgan turar joyning qiymatidan ortiq bo‘lgan holda bu farq mulkdorga kompensatsiya qilinishi lozim.

“Uy-joy” kodeksining 28-moddasiga ko‘ra, yer uchastkasini o‘zlashtirish davriga ikki yilgacha muddat bilan ijara shartnomasi asosida vaqtincha uy-joy berilib, buzilayotgan uylar (kvartiralar), imoratlar, inshootlar va dov-daraxtlarning qiymati to‘liq qoplanadi.

Uyi buzilgan mushtariylarda agar qo‘shimcha savollar bo‘lsa Vazirlar Mahkamasiining 2006 yil 29 maydagi 97-sonli (DAVLAT VA JAMOAT EHTIYoJLARI UChUN YeR UChASTKALARINING OLIB QO‘YILIShI MUNOSABATI BILAN FUQAROLARGA VA YuRIDIK ShAXSLARGA YeTKAZILGAN ZARARLARNI QOPLASh TARTIBI TO‘G‘RISIDA NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA) qarori bilan batafsil tanishib chiqishni tavsiya qilamiz.

Ushbu qarorda:

**Uyi buzilgan shaxslarga to‘lov miqdorini hisoblash tartibi;

**Buzilayotgan uylar egalariga turar joylar berish tartibi va shartlari;

**Fuqarolarga buziladigan uy (kvartira) o‘rniga yakka tartibda uy-joy qurish uchun yer uchastkasi berish tartibi va shartlari;

kabi holatlar batafsil yoritilgan.

Aksar hollarda uyi buzilgan shaxslar berilgan turar joy yoki tovon pulidan qoniqmasa shikoyat qilishning foydasi yo‘q, deb qo‘l siltash holatlari ham kuzatiladi.

Shu o‘rinda ta‘kidlash joizki, ayni mazmundagi shikoyatlarning ijobiy hal etilish holatlari ham ko‘plab kuzatiladi.

Jumladan, o‘tgan yili birgina Namangan viloyatida 61 holatda mulozimlar qonun talablarini buzib, uy joyi buzilgan aholi vakillarini tovon puli olish huquqidan mahrum qilgani aniqlangan.

Adliya vazirligi ma‘lumotiga ko‘ra, bu holatlar uchun namanganlik mulozimlarga intizomiy jazo tayinlangan va uyi buzilgan fuqarolarga tovon puli to‘liq to‘langan.

****

Aziz mushtariy agar sizning bugungi savolga muqobil javoblaringiz bo‘lsa, yoki o‘z tajribangizda sinalgan holatlar bilan Ozodlik olgan javoblarni to‘ldira olsangiz, o‘z fikr-mulohazalaringizni sharh sifatida qoldirishingizni so‘raymiz.

Shuningdek, yana qaysi savollarga javob topishni istaysiz, OzodJavobga murojaat qiling.

Savollaringizni skayp orqali Ozodskype ëki ErkinMikrofon ga yo‘llashingiz mumkin.

XS
SM
MD
LG