Линклар

logo-print

Qirg‘iz parlamenti deputati Tursunboy Bakir o‘g‘lining Bishkekda o‘tgan matbuot anjumanida namoyishkorona tarzda yahudiy bayrog‘ini yirtgani Isroil noroziligiga sabab bo‘ldi. Isroilning Ostonadagi elchixonasi Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligiga shu munosabat bilan norozilik notasi jo‘natdi.

Isroilning Qozog‘iston va Qirg‘izistondagi elchisi Eli Tasman tomonidan jo‘natilgan norozilk notasida aytilishicha, qirg‘iz parlamenti deputati Tursunboy Bakir o‘g‘li tomonidan 4 avgust kuni G‘azodagi voqealarga norozilik sifatida o‘tkazilgan matbuot anjumanida Isroil bayrog‘ining namoyishkorona yirtib tashlangani milliy qonunchilik asosida jazoga tortiladigan harakatdir. Isroil tomoni Tursunboy Bakir o‘g‘lini jazolashga ko‘maklashishni va unga o‘zga davlat ramzlariga hurmat bilan munosabatda bo‘lishni uqtirishni talab qilgan.

Deputat Tursunboy Bakir o‘g‘li Isroil notasiga munosabat bildirar ekan, “G‘azo mintaqasida Isroil genotsidni amalga oshirayapti”, degan fikridan qaytmasligini aytdi:

-Men ham diplomat bo‘lib ishlaganman. Shuning uchun Isroil elchixonasining harakatini to‘g‘ri baholayman. Shunday qilishmasa ularni ishdan bo‘shatishlari mumkin. Biroq ular qancha norozilik notasi jo‘natishmasin, men G‘azoda genotsid bo‘lyapti deb hisoblayman.

Isroil elchisi o‘z notasida bundan besh yil avval ham Tursunboy Bakir o‘g‘li Isroil bayrog‘iga namoyishkorona o‘t qo‘yganini eslatib, bunday harakat qonunga zid ekanini ta‘kidlagan.

Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi hozircha bu borada munosabat bildirgani yo‘q.

Qirg‘iz deputatining Isroil bayrog‘ini namoyishkorona yirtib yuborgani Qirg‘iziston jamiyatida va ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokama qilinayotgan mavzuga aylandi. Qirg‘izistonlik yahudiylarning “Menora” jamoat tashkiloti vakili Aleksandr Zelichenko deputat o‘z harakati bilan yahudiy xalqini haqorat qildi, deb hisoblaydi:

-U barchamizni haqoratladi. Elchixona nota jo‘natib to‘g‘ri ish qildi. Tursunboy Bakir o‘g‘li Qirg‘iziston bilan diplomatik aloqa o‘rnatgan hamda yordam berib kelayotgan davlatni haqorat qildi.

Yuridika fanlari doktori Kayrat Osmonaliyev esa Tursunboy Bakir o‘g‘lining harakati qirg‘iz qonunchiligida jinoiy holat deb baholanmasligini ta‘kidladi:

-Jinoyat kodeksida "Qirg‘iz Respublikasi bayrog‘ini haqorat qilish” degan modda bor. Lekin boshqa davlatning bayrog‘iga nisbatan bu modda qo‘llanilmaydi. Bu o‘rinda faqat ma‘naviy yoki siyosiy javobgarchilik haqida so‘z bo‘lishi mumkin.

So‘nggi ma‘lumotlarga qarganda G‘azo mintaqasida 5 avgust kuni uch kunlik sulh bitimi amalga kirguniga qadar 29 kun davom etgan Isroil harbiy amaliyotlarida 1800 dan ortiq falastinlik, asosan tinch aholi va bolalar halok bo‘lgan. Isroil tomonidan esa 67 harbiy, jumladan, 4 tinch aholi vakili o‘lgan.

Isroil Falastinda HAMASga qarshi amaliyotlar boshlaganini e‘lon qilganidan buyon o‘tgan bir oy mobaynida qirg‘izistonlik musulmonlar G‘azo xalqi bilan hamdard ekanliklarini bildirib, Isroilga qarshi bir necha marotaba norozilik tadbirlari o‘tkazgan.

Шарҳларни кўрсатинг

XS
SM
MD
LG