Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 17:20

"Test sinovi kuni olingan telefonlar egalariga bozor bahosida sotiladi"


Qo‘qon Davlat pedagogika institutida test sinovlari kuni qo‘riqchi-tekshiruvchilar tomonidan olib qolingan minglab mobil telefonlari abituriyentlarga qaytarilmadi. Ozodlik manbasi ta‘kidicha¸ orasida smartfonlar ko‘p bo‘lgan bu “qimmatli yig‘ilma” ayni kunlarda bozorga chiqarilgan va egalariga qaytadan sotib olish taklif etilgan.

1 avgust kuni O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlariga kirish imtihonlari topshirgan minglab abituriyent¸ o‘zini “qaroqchilar to‘dasi” tomonidan talangan deb his etmoqda.

Respublika bo‘ylab keng ko‘lamda kuzatilgani haqida Ozodlikka kelayotgan xabarlardan biri Qo‘qon Davlat pedagogika institutida bo‘lib o‘tgan.

Institutning fizika-matematika fakultetiga kirish uchun test sinovlariga kirgan abituriyent Ozodlikka shunday xabar berdi:

- Mobil telefonimni ikkita tekshiruvdan olib o‘tdim¸ uchinchisiga kelganda¸ grajdan kiyimidagi odam hamma yog‘imizni yechintirib tekshirdi va telefonlarimizni olib qoldi. “Chiqishda qaytib olasizlar”¸ dedi¸ lekin chiqqanda bermadi. Imtihon soat 1 larda tugagan bo‘lsa¸ soat 7 gacha telefon janjali bo‘ldi. Hech kimga qaytarib bermadi. Institutga 5 ming bola hujjat topshirgan bo‘lsa¸ deyarli hammanikini olib qoldi. Qoplab telefon yig‘ishdi. Meniki oddiy Nokia edi¸ lekin olinglar orasida qimmat telefonlar¸iPhonelar ham bor edi. Bittamas¸ besh-oltita telefonini oldirib qo‘yganlar bo‘ldi. Telefonlarning ustiga egasi kimligini yozmadi¸ shunday bitta xonani sklad qilib¸ tashlab qo‘yaverdi¸ deydi 1 avgust kuni test tashkilotchilaridan telefonini qaytarib olishga uringan abituriyent.

Qo‘qon pedagogika instituti¸ qolaversa¸ butun O‘zbekiston oliygohlariga kirish uchun test sinovlarining Davlat test markazi Ichki ishlar vazirligi va Milliy xavfsizlik xizmati bilan hamkorlikda tashkillashtirishi aytiladi. Abituriyent bir necha xavfsizlik tekshiruvidan o‘tkazilib¸ so‘ngra imtihon xonasiga kiritilgan va Ozodlik manbasi¸ o‘z telefonining fuqaroviy kiyimdagi tekshiruvchi olib qo‘yganini ta‘kidladi.

Test sinovlari o‘tkazish uchun mas‘ul idoralardan aynan qay biriga mansubligi noma‘lum bu telefon musodarachilarining¸ aynan qaysi qonuniy asosda abituriyentlarning imtihon hududiga kirish oldidan olib qo‘yilgan telefonini musodara qilgani ochiq qolmoqda:

- DTMga qo‘l qo‘ygani borganimizda¸ katta qilib yozib qo‘ygan edi: “Imtihon hududiga telefon¸ kalkulyator¸ shpargalka olib kirish taqiqlanadi. Olib kirganlarga tegishli choralar ko‘riladi” deb yozib qo‘ygan ekan. Shu gapni pesh qilib turishibdi. Boshqa joylarda ham shunaqa bo‘pti¸ deb eshitdim¸ deydi Ozodlik manbasi.

1 avgust kuni hech bir hujjat-dalilsiz¸ biror joyda rasman qayd etilmasdan olib qolingan mobil telefonlardan¸ oxurboshilar talon-tarojidan qolgan eski va arzonlari¸ endilikda sotuvga chiqarilar ekan¸ deydi qo‘qonlik abituriyent:

- Qo‘qon pedinstitutida tanish domlalar bor¸ o‘shalarning aytishicha¸ Qo‘qon avtovokzalida musodara qilingan tovarlar sotiladigan rasprodaja magazini bor ekan. Test kuni qaytarilmagan telefonlar o‘sha yerda sotilar ekan. Telefonning narxi qanaqa bo‘lsa¸ shuncha pulga sotilar ekan. Masalan¸ meniki 20 ming so‘m deb baholansa¸ men borib¸ shu telefon menikiligini isbotlab¸ bozor narxida sotib olarkanman, deydi abituriyent.

Qo‘qon Davlat pedagogika instituti rektori yordamchisi Ozodlik muxbirining abituriyentlar telefonlarining qaytarilmagani bilan bog‘liq savollariga javob berishni istamadi:

- Siz bilan telefon orqali gaplashmayman. Oldimga keling¸ savolingizga javob olasiz¸ deya dag‘dag‘a qilgan rektor yordamchisi go‘shakni namoyishkorona ilib qo‘ydi.

O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta‘lim vazirligi rasmiysi test sinovlarini tashkillashtirish jarayoniga vazirlikning aloqasi yo‘qligini aytib¸ bu kabi savollar bilan Davlat test markaziga murojaat qilishni so‘radi.

Davlat test markazi telefonlariga kun davomida hech kim javob bermadi¸ markaz sayti esa¸ aftidan kiruvchilar sonining nihoyatda ko‘pligi bois¸ ochilmadi.

Ozodlikka murojaat qilgan boshqa abituriyentlarga ko‘ra¸ ayrim oliygohlarda test sinovlari kuni imtihon hududiga kirishdagi tekshiruv payti olib qo‘yilgan pullar ham¸ egalari imtihondan chiqqunga qadar¸ g‘oyib bo‘lgan.

"Men yo‘lkiraga degan 23 ming so‘mdan ajradim. 20 ming va undan ko‘pga tushganlar ham ko‘p bo‘ldi"¸ deb yozdi Ozodlikning WhatsAppiga abituriyentlardan biri.

O‘g‘rini qaroqchi urdi

Ozodlik O‘zbekiston bo‘ylab o‘n minglab abituriyent mobil telefonining test sinovlari oldidan olib qo‘yilib¸ egasiga qaytarilmaganiga huquqiy jihatdan sharh berishni so‘rab mustaqil huquqshunos Ruhiddin Komilovga murojaat qildi:

- Buni men o‘g‘rini qaroqchi urdi¸ deb baholayman. Birinchi savolni¸ test sinovlariga mobil telefon olib kelmaslik haqida qayta-qayta ogohlantirilgan abituriyentning o‘ziga berish kerak. Ular g‘irromlik qilib¸ o‘zi loyiq bo‘lmagan o‘qishga aldamchilik bilan kirish maqsadida telefon olib kirishga uringan. Hukumatning oliy o‘quv yurtlariga kirish qoidalari bo‘yicha qarori bor va o‘shanga muvofiq imtihon hududiga hech narsa olib kirish kerak emas. Shaxsiy mulk daxlsizligiga oid konstitutsiya va qonunni bu holatda qo‘llab bo‘lmaydi¸ zotan abituriyent oldindan shaxsiy mulk olib kelinmasin¸ deb ogohlantirilgan.

Tekshiruvchilar abituriyentning noqonuniy harakatiga noqonuniy yo‘l bilan javob bergan va ular telefonini olib qo‘ygan. Bu jarayonni musodara deb baholab bo‘lmaydi¸ chunki telefonning olib qo‘yilishiga oid bayonnoma va boshqa dalillar yo‘q. Musodara faqat bayonnoma bo‘lgan holatda sud hukmi bilan amalga oshiriladi. Bu yerda abituriyentdan telefoni olib qo‘yilganini isbotlashning va uni talab qilishning biror yuridik asosi yo‘q¸ afsuski. O‘zbekcha aytganda¸ bu holatda egri boshga egri tayoq bilan urilgan¸ deydi huquqshunos Ruhiddin Komilov.

XS
SM
MD
LG