Линклар

Toshkentda bebosh nevara bemor bobosining o‘limlikka yiqqan pulini o‘g‘irladi. Ichki ishlar xodimini o‘ldirgan shaxslar 19,6 yilga qamaldi. Xonanda Sogdiana O‘zbekistonda kontsert berish uchun litsenziya ololmayapti. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida yozdi.

“Deputatlardan saylovoldi eslatma: o‘tgan galgi qonunbuzarlik bu gal takrorlanmasligi kerak!”

O‘zbekiston Oliy Majlisi deputatlari Faxriddin Komilov va Abduxoliq Jabborov siyosiy partiyalarni aholidan imzo yig‘ish payti hushyor bo‘lishga chaqirdi (“Inson va qonun”, 5 avgust).

Amaldagi tartibga ko‘ra, siyosiy partiya saylov kampaniyasi boshlanishidan 4 oy oldin kamida 40 ming saylovchining imzosini yig‘ishi va Adliya vazirligidan ro‘yxatdan o‘tishi lozim.

“Imzolarni to‘playotganda bir oilaga borib oila a‘zolaridan saylov yoshidagilari necha kishi bo‘lishidan qat‘i nazar, ularning har birining imzosi imzo varaqasiga alohida qo‘yilishi lozim. Chunki o‘tgan saylovlar tajribasidan ma‘lum bo‘lganidek ayrim hollarda bir necha kishi o‘rniga oilaning ota yoki onasi imzo qo‘yib yuborgan holatlar bo‘lgan. Shunday holat bu saylovga imzo varaqalari to‘plash jarayonida qaytarilishi kerak emas”, deydi deputatlar F.Komilov va A.Jabborov.

O‘zbekistonda joriy yil dekabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy vakillik organlariga saylovlar bo‘lib o‘tadi.

“Avtomobillarning yonib ketishidan 38 nafar inson nobud bo‘ldi”

So‘nggi besh yil ichida avtomobillarning yonib ketishi bilan bog‘liq 2042 ta hodisa ro‘y bergan (“Diyonat”, 7 avgust). Bu haqda Chortoq tuman IIB yong‘in xavfsizligi inspektori Hamdam Boltaboyev ma‘lum qiladi.

Yong‘in noziri mazkur raqam tuman yoki viloyat miqyosida ekaniga aniqlik kiritmagan. Qayd etilishicha, avtomobillarning yonib ketishi oqibatida 38 nafar kishi hayotdan ko‘z yumgan, 210 nafar fuqaro jarohatlangan.

Masalan, joriy yil 4 iyul kuni Chortoq tumani Yangiobod ko‘chasida Ortiqali ismli fuqaro boshqaruvchidagi yuk mashinasi me‘yordan oshiq yuk ortish oqibatida yonib ketgan. O‘t o‘chiruvchilar yetib kelgunga qadar mashina jiddiy talafot ko‘rgan.

“Toshkentda bebosh nevara bemor bobosining o‘limlikka yiqqan pulini o‘g‘irladi”

Toshkent shahrida yashovchi 20 yoshli Pyotr Rijov bobosi Fadey Zaxarovning o‘limlikka yiqqan pullarini o‘mardi (“Noviy vek”, 7 avgust).

Bundan tashqari, bebosh nevara bobosi yurak xuruji bilan shifoxonada yotganidan foydalanib, uning kvartirasidagi barcha qimmatbaho buyumlar, uy jihozlarini ham sotib yuborgan.

Voqeadan xabar topgan bobo huquq idoralariga nevarasi ustidan shikoyat bilan murojaat qilarkan, unga og‘ir jazo tayinlamaslikni iltimos qilgan.

Bobosini xonavayron qilgan Pyotr Rijovga besh yil shartli jazo tayinlagan.

“Ichki ishlar xodimini o‘ldirgan shaxslar 19,6 yilga qamaldi”

Paxtachi tumanida joylashgan “Qoraqo‘ton” konida xizmat vazifasini bajarayotgan ichki ishlar xodimi J.Qodirovni o‘ldirgan jinoiy guruhga nisbatan sud jarayoni yakunlandi (“Huquq”, 7 avgust).

Tergov payti ushbu jinoyat fuqaro D.Astanov boshchiligidagi guruh tomonidan amalga oshirilgani aniqlangan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudi D.Astanov va uning to‘rt nafari sherigini Jinoyat kodeksining 97-moddasida ko‘zda tutilgan jinoyatda aybdor deb topib, 19,6 yilga ozodlikdan mahrum etgan.

Jinoiy ishga oid boshqa tafsilotlar ochiqlanmagan.

“Qashqadaryodagi maktabda o‘qituvchilardan majburiy pul yig‘ilmoqda”

Qashqadaryo viloyati Qarshi shahridagi 17-sonli imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan ta‘lim muassasasi direktori Xadicha Karimova tuman moliya bo‘limidan kelgan tekshiruvchilarga deb o‘qituvchilardan 15 ming so‘mdan pul yiqqan (“Adolat ko‘zgusi”, 7 avgust).

Maktab rahbari yana bir necha holatda o‘qituvchilardan majburiy ravishda pul yig‘ib olgan. Gazeta tahririyati bu haqda viloyat xalq ta‘limi boshqarmasiga murojaat qilgan. Ammo boshqarma maktab rahbariga nisbatan chora ko‘rmagan.

Qayd etilishicha, boshqarma maktab direktori X.Karimovaning poraxo‘rlik bilan bog‘liq jinoyat sodir etgani faktidan ham ko‘z yumgan. Ayni paytda amalda qolayotgan maktab rahbari o‘qituvchilarga haqoratli munosabatda bo‘lib kelgan, ayrim xodimlarni qonunga zid ravishda ishdan bo‘shatgan.

“Fuqarolar murojaatiga e‘tiborsiz hokim o‘rinbosarlari mahkamaga tortildi”

Andijon shahri hokimining o‘rinbosarlari N.Yusupov va A.Iminov 121 nafar fuqaroning arizasini uzrli sabablarsiz ko‘rib chiqmasdan, fuqarolarning qonuniy huquqlarini poymol qilgani uchun mahkamaga tortildi.

Bosh prokuratura bo‘lim boshlig‘i Sherzod Amirovning “Huquq” nashriga ma‘lum qilishicha, pirovardida hokim o‘rinbosarlariga amnistiya akti qo‘llanilgan. Shuningdek, Zarafshon shahar hokimi o‘rinbosari Sh.Ahrorov ham fuqaro murojaatiga e‘tiborsizligi uchun jazolangan.

Qayd etilishicha, joriy yilning 6 oyida fuqarolardan kelib tushgan murojaatlar asosida 851 kishi ma‘muriy javobgarlikka tortilgan, 464 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

“Koreyaga ishlagani borish qancha tushadi?”

Janubiy Koreyada sog‘lom, sudlanmagan, koreys tilini biladigan, avval Koreyada nolegal yurmagan va u yerdan majburan chiqarib yuborilmagan, chet elga chiqishi taqiqlanmagan 18 yoshdan 39 yoshgacha bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari ishlash imkoniga ega (“Oila davrasida”, 7 avgust).

O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiya masalalari agentligi bo‘lim boshlig‘i Shamsiya Muhiddinovaga ko‘ra, imtihondan o‘tgan fuqaro 2014 yil 15 iyulь holatiga ko‘ra 1489035 so‘m to‘laydi. Bu summa chipta va agentlik uchun to‘lanadigan badalni o‘z ichiga oladi.

Agentlik yordamida xorijda ishlayotgan fuqarolarning mehnati faoliyati O‘zbekistonda ish staji sifatida hisoblanadi, buning uchun xorijda olingan ish haqidan pensiya jamg‘armasiga belgilangan badalni to‘lab borish kerak.

Muhiddinovaga ko‘ra, Koreyadagi ish beruvchi maoshni o‘z vaqtida to‘lamagan holatlarda koreys sudlariga, Xorijiy ishchi-migrantlarning haq-huquqlarini himoya qiluvchi migratsiya xizmatiga yoki huquq idoralariga murojaat qilish kerak.

“Xonanda Sogdiana O‘zbekistonda kontsert berish uchun litsenziya ololmayapti”

Bir muddat Rossiyada yashab ijod qilgan xonanda Sogdiana O‘zbekistonda kontsert berish uchun litsenziya ololmayotganini ma‘lum qildi (“Darakchi”, 7 avgust).

“Ma‘lum sabablarga ko‘ra, O‘zbekistonda kontsert berishga litsenziya ololmadim. Bir qator rejalarim bor edi, lekin xohish va imkoniyat bir-birini rad etyapti. Shuning uchun bor kuchni qayerda bo‘lmasin ijodimni rivojlantirishga qaratyapman. O‘zbekistonni juda yaxshi ko‘raman. Shu sabab ham “Fabrika”dan keyin Rossiyada muhim loyihalarda ishtirok etmay yurtimga qaytdim”, degan Sogdiana gazetaga bergan intervyusida.

“Qaysi davlatdagi mashhurligingiz siz uchun qadrli?” degan savolga “Har bir muxlis men uchun qadrli. Lekin Vatanim baridan muhim” deb javob bergan.

XS
SM
MD
LG