Линклар

Tojikistonda bundan keyin odamlarni Qur‘on oyatlari bilan davolaydigan va tumor yozib beradigan mulla-tabiblar bunday faoliyat uchun litsenziya olish shart bo‘ladi. Rasmiylar shu yo‘l bilan lo‘ttivoz mullalar payini qirqmoqchi.

Tojikiston Din ishlari va urf-odatlarni tartibga solish qo‘mitasi Qur‘on suralari yordamida odamlarni davolaydigan mulla-tabiblarni ro‘yxatga olishni boshladi.

Bu haqda Ozodlikka Tojikiston Islom ulamolari kengashi raisi Saidmukarram Abdulqodirzoda aytdi.

Ulamolar kengashi raisiga ko‘ra, odamlarni har xil lo‘ttivoz va tovlamachi mullalardan himoya qilish maqsadida Qur‘on oyatlari yordamida davolovchi mulla-tabiblarni suhbatdan o‘tkazish kerak:

“Bunday odamlarga litsenziya berishdan oldin ularning Islomni qanchalik bilishi xususida suhbat o‘tkaziladi. Hozir Kengashda bunday faoliyat uchun qanday odamlarga ruxsat berish muhokama qilinmoqda”, dedi Saidmukarram Abdulqodirzoda.

Tojikistonlik tahlilchilarning aytishlaricha, so‘nggi paytlarda duoxonlik bilan odamlar dardi hisobidan pul ishlamoqchi bo‘lgan chalamullalar ko‘paygan va ularning qurboni eng avvalo soddadil kishilar bo‘lmoqda.

So‘nggi paytlarda Tojikistonda mullalarning Qur‘on oyatlarini o‘qib turib, mijoziga shahvoniy munosabat qilinayotgani haqida videotasvirlar ko‘paydi.

Ana shunday holatlarni hisobga olib, diniy qo‘mitaning Qur‘on oyatlari yordamida odamlardan jinu shaytonlarni quvish bilan shug‘ullanayotgan mullalarni ro‘yxatga olish to‘g‘risida qaror qilgani aytiladi.

Din ishlari qo‘mitasining matbuot xizmati rahbari Afshin Muqimovning aytishicha, ayni paytda bu mullalarga litsenziyaning kim tomonidan berilishi muhokama qilinmoqda.

Ayni paytda, Tojikistonda dorivor giyohlar bilan odamlarni davolaydigan tabiblarga Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan bir yillik to‘lovi 60 AQSh dollar bo‘lgan litsenziya beriladi.

Mulla-tabiblarga esa bunday litsenziyalar Tojikiston Islom ulamolari kengashi tomonidan berilishi kutilmoqda.

Biroq, Qur‘on oyatlari bilan odamlarni davolovchi xatlonlik mulla Safarmad Gulovning aytishicha, haqiqiy mullalar hech qachon kasaldan buncha pul berasan deb talab qilmaydi:

“Agar men bemordan pul talab qilsam, demak men Qur‘on oyatlarini sotayotgan bo‘laman. Bu musulmon uchun harom. Agar bemorning o‘zi ko‘nglidan chiqarib bir narsa bersa bu boshqa gap. Agar shunday litsenziya joriy qilinadigan bo‘lsa, men bu ishimni butunlay to‘xtatishimga to‘g‘ri keladi”, dedi Mulla Safarmad Gulov.

XS
SM
MD
LG