Линклар

logo-print

Rossiyalik ayolga uylangan va Rossiya fuqarosi bo‘lgan 2 bolaning otasi - Botir Qurbonov noqonuniy ravishda deportatsiya qilinayotganidan Ozodlikka shikoyat bo‘ldi. 36 yashar muhojir so‘nggi paytlarda Rossiyada qonuniy yashab, ishlab kelayotganiga qaramasdan, deportatsiya qilinayotgan yuzlab o‘zbekistonliklardan navbatdagisidir.

Muhojir sud qarori kuchga kirmasdan deportatsiya qilinmoqda

Samara oblastidagi Tolyatti shahrida qonuniy yashab, ishlab kelgan va Rossiya fuqarosiga uylangan 36 yashar xorazmlik muhojir Botir Qurbonov noqonuniy tarzda deportatsiya qilinayotgani haqida Ozodlikka shikoyat bo‘ldi.

Muhojirning advokati Anatoliy Sergeyev mahalliy politsiya, sud va migratsiya xizmati idoralari mavjud qonunlarni oshkora buzgan holda bu yigitni Rossiyadan chiqarib yuborishga urinmoqda, deb da‘vo qildi.

- Sergiyev tuman sudi uni deportatsiya qilish to‘g‘risida qaror chiqargan. Biroq, bu qaror ustidan shikoyat arizasini topshirmasdan, uni deportatsiya qilishga urinmoqda. Botirni deportatsiya qilishga mutlaqo haqlari yo‘q! Birinchidan, sud qarori kuchga kirmagan, ikkinchidan uning Rossiya hududida doimiy qayddan o‘tgan – yashashga vaqtinchalik ruxsatnomasi bor. Uchinchidan, uning xotini rossiyalik, Rossiya fuqarosi bo‘lgan ikki bolaning otasi bu yigit. Uni olib ketgan xorijliklarni saqlash markazi rahbariga hujjat olib borsam, u menga quloq solgani ham yo‘q: “Menga bari bir!”, deb telefonini o‘chirib qo‘ydi, - deydi Botir Qurbonovning himoyachisi Anatoliy Sergeyev.

Deportatsiya qilinayotgan o‘zbek muhojirining advokati boshi berk ko‘chaga kirib qolgani, zero Tolyatti huquqni muhofaza qilish idoralari Rossiya qonunlarini qo‘pol tarzda buzayotganini ta‘kidladi.

Advokat Sergeyevning so‘zlariga ko‘ra, rus tilini yaxshi bilmaydigan Qurbonov ro‘yxatdan o‘tgan manzili bo‘yicha yashamagani sababi bilan politsiya bo‘linmasiga olib ketilgan va o‘sha yerda unga protokol tuzilgan.

Tolyatti shahar Xorijliklarni saqlash markazining o‘z ismini aytmagan navbatchisi Botir Qurbonov allachaqon aeroportga olib chiqilganini bildirdi.

- Uni hozir aeroportga olib ketishdi. Uni ortidan sud pristavlari kelib, sud qarorini bajargan holda Qurbonovni olib ketishdi, - dedi politsiya navbatchisi.

Qurbonov Botir ishi bilan Moskvadan turib shug‘ullanayotgan “Yordam” huquq himoyasi tashkiloti rahbari Bahrom Hamroyev xorazmlik mardikor yigit O‘zbekistonda diniy ayblovlar bilan allaqachon o‘tirib chiqqani va mahalliy xavfsizlik idoralari shu tariqa navbatdagi “potensial ekstremistni” yo‘qotishga urinayotgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qildi.

Aniqlanishicha, xorazmlik Botir Qurbonovning vaqtinchalik yashash uchun olgan ruxsatnomasi “ekstremistik tashkilotlarga” aloqadorlik vaji bilan bekor qilingan.

Politsiya va FMS birinchi navbatda O‘zbekiston fuqarolariga nisbatan bunday noqonuniy ishlarni amalga oshirmoqda, deb hisoblaydi himoyachi.

- Bu bolaning ruxsatnomasi bor, xotini, bola-chaqasi Rossiyadan. Deportatsiya haqidagi sud qarori kuchga kirmagan... Deportatsiya noqonuniy bo‘lyapti! O‘zbekistonda u diniy motiv bilan aylanib, qamoqda o‘tirgan ekan. Vaziyat juda yomonlashib boryapti. Hujjati bormi-yo‘qmi – unga qaramayapti. Hatto, avval O‘zbekistonda tug‘ilib, katta bo‘lganlarni shunday qilib chiqarib yuboryapti. Bu ikki davlat siyosatiga aylandi: ikki davlat kelisha olmasa, orada jabr ko‘ruvchi kim bo‘ladi?! Albatta, shu davlatlar fuqarolari bo‘ladi, - deb ta‘kidladi Bahrom Hamroyev.

Material efirga uzatilayotganida himoyachilar aeroportga olib ketilgan Botir Qurbonov bilan mutlaqo aloqa uzilgani, hozir uning qayerda ekani noma‘lum qolayotganini bildirishdi.

K. Romodanovskiy: “Zachistka” natija beryapti

Ayni paytda, Rossiya hukumati so‘nggi paytlarda nazorat idoralari olib borgan muhojirlik qonunchiligini keskinlashtirish va har qanday qonunbuzarlik uchun migrantlarni deportatsiya qilish, “zachistka” va “oblava”lar natija berayotgani to‘g‘risida hisobot berdi.

FMS direktori Konstantin Romodanovskiy 6 avgust kuni Rossiya Bosh prokuraturasida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda olib borilgan amaliyotlar tufayli so‘nggi bir yilda migrantlarning Markaziy Osiyodan Rossiyaga kirishi 26 foizga kamayganini xabar qildi.

Shuningdek, migratsiya idorasi rahbari Rossiyada migratsiya qonunchiligini buzish hollari to‘rtdan birga qisqargani, mamlakatda qonuniy mehnat qilayotgan muhojirlar soni esa 40 foizga oshganini alohida ta‘kidlab o‘tdi.

- Biz xorij fuqarolarini Rossiya Federatsiyasida qonuniy yashashga undadik. Natijada, 2014 yilning birinchi 6 oyida xorijliklarga 1,5 million patent berildiki, bu byudjetga 10 milliard rubl daromad keltirdi,- dedi Konstantin Romodanovskiy.

XS
SM
MD
LG