Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 14:33

Rossiya G‘arbdan boradigan oziq-ovqat importini chekladi


Rossiya hukumati G‘arb sanktsiyalariga javoban AQSh, Avstraliya, Yevropa Ittifoqi, Kanada va Norvegiyadan boradigan oziq-ovqat mahsulotlari importini chekladi. Prezident Putin “o‘z mamlakati milliy manfaatlarini himoya qilish maqsadida maxsus iqtisodiy choralarni qo‘llash" haqidagi farmonni imzoladi.

Rossiya 7 avgustdan boshlab AQSh, Avstraliya, Yevropa Ittifoqi, Kanada va Norvegiyadan mol go‘shti, cho‘chqa go‘shti, parranda, baliq, pishloq, meva va sut mahsulotlari importiga taqiq joriy etdi.

Rossiya Bosh vaziri Dmitriy Medvedev bu haqda payshanba kuni hukumat majlisida e‘lon qildi.

Janob Medvedevga ko‘ra, cheklov bir yilgacha amalda bo‘lishi mumkin.

7 avgustdan Rossiyada kuchga kirayotgan oziq-ovqat mahsulotlari importiga cheklov bolalar uchun mo‘ljallangan ozuqa mahsulotlariga taalluqli bo‘lmaydi.

Importi cheklangan mahsulotlarning to‘liq ro‘yxati Rossiya hukumati rasmiy saytida e‘lon qilindi.

- Rossiyada ishlab chiqarilgan oziq-ovqat maxsulotlari mamlakatimiz savdo rastalari, do‘konlarga qo‘yilmayotgani haqida ko‘plab shikoyatlarni eshitganmiz. Mana shu biz qo‘l urayotgan choralar Rossiya savdo rastalarini xorij maxsulotlaridan tozalab, o‘zimizda ishlab chiqrilgan maxsulotlar uchun joy ochadi, - dedi Medvedev.

Rossiya hukumati mazkur choralarni ayrim G‘arb davlatlari sanktsiyalariga javoban qo‘llamoqda.

AQSh, Yevropa Ittifoqi va boshqa bir qator g‘arb davlatlari Rossiyaning Ukrainadagi tajovuzkorona hatti-harakatlarini qoralab, bir qator rossiyalik amaldorlar va shirkatlarga qarshi sanktsiya joriy etgan. Amaldorlarga viza taqiqi joriy etilgan va ularning bank hisoblari muzlatilgan.

-Uzoq vaqt mamlakatimiz ayrim g‘arb davlatlarining Rossiyaga qarshi sanktsiyalariga javob qilmay turdi. Biz xorijlik hamkorlarimiz sanktsiyalar boshi berk ko‘cha ekanini anglashar, deb ohirigacha umid qildik. Lekin, ular buni tushunishmadi. Vaziyat shungacha bordiki, biz javobiy choralarni ko‘rishga majbur bo‘ldik, - dedi Dmitriy Medvedev.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin esa bir kun avval “o‘z mamlakati milliy manfatlarini himoya etish maqsadida maxsus iqtisodiy choralarni qo‘llash" haqidagi farmonni imzoladi.

Rossiya Bosh vaziri Dmitriy Medvedevga ko‘ra, ayni paytda “Dobrolyot” aviashirkatiga qarshi Yevropa Ittifoqi sanktsiyalariga Moskva javob choralarini ishlab chiqayotganini aytdi.

Bu yerda gap Yevropa va AQSh aviashirkatlari uchqichlarining Rossiya havo hududidan o‘tishini cheklash haqida bormoqda.

- Rossiya hukumati bir qator javobiy choralarni ko‘rib chiqmoqda. Men ularni aytib o‘tsam. Bu choralar zudlikda joriy etiladi, degani emas. Lekin, ular stol ustida turibdi. Jumladan, Evropa va Amerika aviashirkatlarining Osiyo va Tinch Okeani mintaqasiga qatnaydigan tranzit reyslariga Rossiya havo hududidan foydalanishni taqiqlash masalasi ham ko‘rib chiqilyapti, - dedi Medvedev.

Rossiya bosh vaziriga ko‘ra, Ukraina uchqichlariga Rossiya uzra uchish allaqachon taqiqlangan.

Yakshanba kuni Rossiyaning “Dobrolyot” aviashirkati Yevropa Ittifoqi sanktsiyalari ortidan faoliyatini noma‘lum muddatga to‘xtatganini ma‘lum qilgan edi.

So‘nggi besh kun ichida Rossiyadagi bir qator sayyohlik shirkatlari ham faoliyatini to‘xtatdi.

Buning oqibatida minglab rossiyalik sayyoh chet mamlakatlarda qolib ketdi.

XS
SM
MD
LG