Линклар

logo-print

O‘zbekistonda faoliyati to‘xtatib qo‘yilgan Coca-Cola zavodi qayta ishga tushirildi va sentyabr oyining boshlaridan birinchi mahsulotlarini sotuvga chiqaradi. Bu haqda O‘zbekistonda rasman bildirildi.

Bir yarim litri 4 ming so'm bo'ladi

O‘zbekiston Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasining bildirishicha, bir yarim litrli Coca-Cola narxi 4 ming so‘m miqdorida belgilanganadi va qo‘mita mazkur narx o‘zgarmay qolishini nazorat qilib boradi.

Toshkentdagi Coca-Cola zavodida o‘tgan yilning dekabridan beri ishlab chiqarish to‘xtab qolgan edi. Korxona vakillari ichimliklarni ishlab chiqarishda ishlatiladigan konsetrat kelmayotgani bu vaziyatga sabab bo‘lganini aytgan.

O‘shandan buyon "Coca-Cola Ichimligi Uzbekistan, LTD" qo‘shma korxonasi faoliyati O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari tomonidan bir necha oy davomida taftish qilingan.

Joriy yilning aprel oyida esa qo‘shma korxona aktivlarining O‘zbekistonga qarashli 57 foizlik qismi xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzuridagi Davlat aktivlarini boshqarish markaziga o‘tkazildi.

Ishlab chiqarish to'xtashining asl sabablari boshqami?

Coca-Cola shirkatining O‘zbekistondagi biznesini nazorat qiladigan Istanbuldagi idorasi vakili, Ozodlikning so‘roviga javoban ishlab chiqarishning to‘xtab qolganiga shunchaki kontsentratning yetkazilmayotgani emas, boshqa jiddiyroq sabablar borligini ta‘kidladi. Lekin Coca-Cola vakili bu sabablar nimadan iborat ekanini aniqlashtirishdan bosh tortdi.

O‘zbekistondagi Coca-Cola shirkatini o‘tgan yilgacha prezidentning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova nazorat qilib kelgan. Korxona muammolari 2013 yil oktyabr oyida Gulnora Karimova ustida qora bulutlar paydo bo‘lishidan boshlandi.

Qo‘shma korxonaning 57,12 foizi davlatga qarashli ekani aytiladigan "Coca-Cola Ichimligi Uzbekistan, LTD" korxonasi boshqaruvchilarining ba‘zilari O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari tomonidan millionlab AQSh dollari miqdoridagi pullarni noqonuniy o‘zlashtirganlikda ayblangan.

Gulnora Karimova korxonani o‘z xos yordamchisi Gayane Avakyan vositasida nazorat qilgani aytiladi. Gulnora Karimova va Gayane Avakyan “Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston, LTD” shirkatining ikki boshqaruvchisi Alisher Ergashev va Shohruh Sobirovlar bilan birgalikda Yevropaning bir nechta mamlakatida ham pul yuvish va poraxo‘rlikda ayblanib, jinoyat tergoviga jalb qilingan.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi 18 iyul kuni e‘lon qilgan xabarnomaga ko‘ra, Gayane Avakyan, prezident qizining fuqaroviy eri ekani aytiladigan Rustam Madumarov va yana 11 shaxs bilan birga O‘zbekiston Harbiy sudi tomonidan shu yilning 24 may kuni uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etilgan.

“Coca-Cola Ichimligi – Uzbekistan LTD” 1993 yilda ish boshlagan. Rasmiy ochilishi 1994 mart oyiga to‘g‘ri kelgan shirkat o‘sha paytda Gulnora Karimovaning sobiq eri amerikalik o‘zbek Mansur Maqsudiyga tegishli bo‘lgan.

2001 yilda O‘zbekiston prezidentining qizi erdan ajrashgach, o‘sha paytda 60 million AQSh dollariga baholangan Coca-Cola biznes Maqsudiylar oilasidan tortib olingan edi.

Шарҳларни кўрсатинг

XS
SM
MD
LG