Линклар

O‘zbek imomlari: Chaqimchi-imomlikdan qochgan zamonaviy darvesh - Faxriddin Roziy


Faxriddin Roziy dunyoning eng rivojlangan davlati - Malayziya poytaxtidagi darveshona boshpanasida Skype orqali Ozodlik bilan suhbatda.

Faxriddin Roziy dunyoning eng rivojlangan davlati - Malayziya poytaxtidagi darveshona boshpanasida Skype orqali Ozodlik bilan suhbatda.

Chaqimchiga aylanib qolishdan qo‘rqib, O‘zbekistonda imomlik taklifini rad etgan va ayni kunlarda Malayziyada bugunidan ertasiga zahira saqlamay hayot kechirayotgan urgutlik Faxriddin Roziy "O‘zbek imomlari" rukni qahramonidir.

Faxriddin Roziyni taniganlar ko‘p

44 yashar suhbatdoshimiz - Faxriddin Roziyni tug‘ilgan yurti Urgut tumani va Samarqand viloyatida tanigan-bilganlar aka-uka A‘zam va Bahromxon eshonning avlodi, deb biladi.

Toshkentda uni tanigan-bilganlar esa Chorsu bozori yaqinidagi sobiq diniy kitob rastalarida bir necha yil diniy kitob va mushki anbarlar sotgan, shu asnoda xaridorlarga tinimsiz Jaloliddin Rumiy, Bahovuddin Naqshbandiy, imom Buxoriy kabi ahli ilmlar merosidan shingillar ulashgan shinavanda sotuvchi, deb eslaydi.

Shuningdek, 1980 – 1990 yillar orasida O‘zbekiston mustaqilligi va o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishi uchun kurashganlar bu kishini dilidagi gapi tilida bo‘lgan va haq gapdan qaytmaydigan, haq gap uchun kurashdan hayiqmagan, urgutlik jaydaritabiat faol, deb xotirlaydi.

Shu kunlarda Malayziyada bu kishini tanigan-bilganlar esa ertasi uchun bir-ikki so‘m pulini zahira qilmagan, qariyb darveshona hayot kechirayotgan, shu holida ham unga ishi tushgan odamlarga yordam berib yurgan ahli ilmlardan biri, deb biladi.

Bu kishi 6 yil muqaddam bir shogirdi sovg‘a qilgan — gaplashish va sms-xabar yozishdan boshqa funktsiyasi bo‘lmagan eskigina Nokia telefoni bilan Ozodlik radiosiga bog‘landi.

Bunga qadar ham Ozodlikka ayrim mavzularda fikr-munosabatlarini qisqacha bildirib kelgan bu tinglovchini o‘tmishi va bugungi kuni haqida suhbatga tortganimizda, shu kunlarda xorijda yurgan minglab o‘zbekistonlik musulmonlarni qiziqtirishi mumkin bo‘lgan tarixi borligidan xabar topdik.

"Bizning avlod "Naqshbandiylik" tariqatiga mansub"

Faxriddin Roziyning aytishicha, bu kishi "Hanafiylik" mazhabiga mansub va taqvosida bir yo‘l o‘laroq buyuk islom olimi Bahovuddin Naqshbandiydan meros ko‘rilgan "Naqshbandiylik" tariqatiga amal qiladi.

Buning ilk sababi Roziyning payg‘ambarlar avlodiga borib taqalishi hikoya qilingan ota-bobosi shu yo‘lni tutgani bo‘lsa, ikkinchi sabab bir necha yil muqaddam olamdan o‘tgan yana bir yirik ahli ilm – Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida istiqomat qilgan," Naqshbandiylik" tarqatining O‘zbekistondagi eng yirik namoyondasi Ibrohim eshonga ixlosi bo‘lgan.

- Ota-bobolarimiz aslida "Naqshbandiylik" tariqatiga mansub bo‘lgan. 1990-yildan beri soqol qo‘yaman. 2001 yil o‘zim bay‘at berganman Ibrohim eshon hazratlariga, Olloh rahmat qilsin u kishi o‘tib ketdilar. Yoshligimdan hujrada o‘qiganman. Avvaliga otamiz o‘qitganlar, keyin Urgutda. Onamiz ham o‘ziga yarasha ilmli ayol bo‘lganlar, deb xotirlaydi Faxriddin Roziy.

"O‘zbekistonda imomlik chaqimchiliksiz bo‘lmaydi"

1996-1997 yillarda Toshkentning "Eski shahar"idagi diniy kitoblar sotiladigan rastada kitob sotib yurgan yoshgina yigit Faxriddin Roziyni - o‘sha paytda aksar yosh dindorlarga nisbatan bo‘lgani kabi - O‘zbekiston maxsus xizmatlari siquvga ola boshladi.

Unga 25 yoshligida viloyatlardan birida imomlik taklif qilindi va shu kunlarda O‘zbekistonda imomlik qilib yurgan ayrim ahli ilmlar kabi birozgina murosasoz bo‘lganida, balki bu kishi ham shu kunda biror tuman yoki viloyat imom-xatibi rutbasiga qadar chiqqan bo‘lar edi.

Ammo aytishicha, bu kishi O‘zbekiston maxfiy xizmatlari chaqimchisiga aylanib qolishdan qo‘rqib, imomlik taklifini rad etgan va oqibatda, 4 yil qamoqda ham o‘tirib chiqdi.

- To‘g‘risini aytaman, alhamdulilloh ozgina diniy ilmim bor - imom bo‘ling, deyishdi. Otini aytmay qo‘ya qolay, bir viloyatga imom bo‘ling, deyishdi. Hajga borasiz, hujjatlaringizni qilib beramiz, deb va‘dalar berishdi. Xo‘p, deb o‘shanda imom ham bo‘ldim, deylik - unda men oxiratda nima, deb javob beraman, deb o‘ylanib-qiynalib boshladim. Chunki, imom bo‘lsang - bizga ishlaysan, deyishdi. Yo‘q ishlamayman, dedim. Oxiri, Jasliqqa yuborishdi o‘zlari, - deydi Faxriddin Roziy.

"Meni qamaganlarni kechirganman"

Faxriddin Roziy Qoraqalpog‘istondagi "Jasliq" va Toshkent viloyatining Zangiota tumanidagi qamoqxonalarda jami 4 yil jazo o‘tadi.

Unga O‘zbekiston Jinoyat Kodeksi 159-, 244-moddalari asosida ayb qo‘yildi.

Ammo, 2001 yilda AQSh hukumati bilan munosabatlar yaxshilangach, O‘zbekiston rahbari Islom Karimovning avfi bilan, hatto "Jasliq" qamoqxonasidan chiqarilgan dindorlar orasida Faxriddin Roziy ham ozod bo‘ldi.

Qamoqdan chiqqach bu kishi Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida nomi chiqqan ahli ilm – Ibrohim eshon huzuriga yo‘l oldi va "Naqshbandiylik" tariqatining O‘zbekistondagi yetakchisi etagini tutdi.

Yaqinda qamoqdan chiqqan dindorning bu harakati 1990 yillardan buyon uni kuzatib yurgan huquq-tartibot idoralari nazaridan chetda qolmadi.

Kunlardan birida u kishini lavozimi ancha yuqori pog‘onada bo‘lgan militsioner so‘roqqa chaqirdi.

- Toshkentda bir katta melisa edi. "Prezidentimiz haqida nima deysiz?" deb so‘radi avval. Men aytdim: "Payg‘ambarimiz alayhissalom bir kishini bilmoqchi bo‘lsang, u kishi bilan safar qil, birga choy ich, degan. Men prezidentimiz bilan safar qilmaganman, choy ichmaganman. U kishi haqida bilmayman", dedim. U kishi rahmat qori aka, dedida: "Bu yerdan keting, sizni yana bir marta ko‘rsam qamashga majbur bo‘laman, soqolli kishilarni qamashga buyruq bo‘lgan, keting, biz ham musulmonmiz", dedi. Shu kishi sabab men Malayziyaga keldim, - deydi Faxriddin Roziy.

"Militsionerlarni ko‘p da‘vat qilganman"

Marhum piri Ibrohim eshon kabi - kimligi, amali, lavozimi va obro‘-e‘tiboridan qat‘iy nazar - hammaga birdek yaxshi munosabatda bo‘lgan va birdek xatolarini kechirishni odat qilgan Faxriddin Roziy O‘zbekistonda paytida Ichki ishlar vazirligi va Milliy xavfsizlik xizmati xodimlarini Islom dini yo‘lida ibodat va taqvoga da‘vat qilganini aytadi.

- Bir kuni meni yana olib borib, sud qilishdi Samarqandda. Shunda sudyaga qarata: "Siz ham bir kun o‘lsangiz, sizga imomlar janoza o‘qiydi, musulmonlar sizni dafn qiladi", dedim. Sudya gapimga parvo qilmadi, 5 sutka bervordi. Qarangki, vaqti-soati yetib qolgan ekan, 7 kundan keyin sudya vafot etdi. Ishonsangiz, bir necha melisa kelib: "Qori aka, bizni kechiring, tasbehingizni sindirgan edim" deb tasbehlarni qaytarishdi. Endi buning hammasiga da‘vo qilayotganim yo‘q. Shunchaki, men melisalarni ham ko‘p da‘vat qilganman, - deydi Faxriddin Roziy.

"Men tanigan ba‘zi melisalar mundirni yechib, chetga ketdi"

Bu kishining o‘zi tanigan-bilgan, u kishini qamagan, so‘roqqa tutgan, qamoqxonalarda kaltaklagan militsiya xodimlari haqidagi fikrlari, umumiyatla, shunday:

- Hatto, Jasliq qamoqxonasida mahbuslar ularga zulm qilgan qamoqxona nozirlarini duibad qilganida ham men ularni duoibad qilmaganman, aksincha Ollohdan ularga insof tilaganman, - dedi bu kishi suhbat orasida.

Uning aytishicha, buning ortidan u kishiga quloq tutib, keyinchalik ixlos qilib, namoz ham o‘qib yuborgan militsionerlar soni o‘nlab. Muhimi, bunday militsionerlarning ayrimlari keyinchalik mundirini yechib, O‘zbekistonni tashlab chiqib ketgan.

- Hozir ularning ayrimlari Frantsiya, ayrimlari Amerika yana boshqalari Yevropaning boshqa davlatlarida yurishibdi, hol-ahvol so‘rab turishadi, degan Fahriddin Roziy uni qisti-basti qilishdan chekinmagan IIV va MXX xodimlaridan ayrimlarining zug‘umi, ayrimlarining esa marhamati ostida 2009 yillarda O‘zbekistondan chiqib ketganini aytadi.

"Ollohga shukr, Malayziyadaman"

Taqdir taqozosi bilan bu kishi Malayziyaga borib qoldi. Hozir poytaxtdagi 60 qavatli binolardan birining 17-qavatida yuzga yaqin ilm tolibiga islom ilmi va odobidan dars bermoqda.

- Bu yerda ham men dars beraman. Hindistondan, Pokistondan, Bangladeshdan shogirdlarim bor. Birinchidan, Payg‘ambarimiz alayhissalom: "Mening yo‘lim - odobdur" degan ekanlar. Bular juda yevropalashib ketgan, tahorat olish, ovqatlanish, muomalada Islom odobidan chiqib ketgan. Islom dini odobi haqida qo‘limdan kelganicha dars beraman. Keyin esa sekin-sekin "Qur‘on"ga tushamiz, - deydi suhbatdosh.

Faxriddin Roziy bilan biz u kishining shogirdlari yangi ochib bergan Sype manzili orqali bog‘landik. U kishi suhbat orasida telefonini ham ko‘rsatdi. Azbaroyi ko‘p ishlatilganidan ranglari uniqib ketgan kichkinagina telefon ekan.

Shu telefoni bilan dunyoning eng rivojlangan islomiy mamlakati bo‘lmish Malayziya poytaxti Kula-lumpurda yashayotgan Faxriddin Roziy bu davlatga tushib qolgani uchun Ollohga ming bor shukr aytishini ham qo‘shimcha qiladi.

"Aslida bor narsa — yo‘q, aslida yo‘q narsa — bordir"

Ozgina ishlab, ko‘pgina pul topish mumkin bo‘lgan yoki istalgan masjidda ilm berib, katta pul ishlash mumkin bo‘lgan sharoitda ertasi uchun pul va ovqat g‘amlashni e‘tiqodiga zid ko‘rgan, qayrib darveshona hayot kechirayotgan urgutlik ahli ilm Faxriddin Roziyning shiori shunday:

- To‘g‘ri bu dunyoni to‘liq tark qilib bo‘lmaydi. Ammo unutmaylikki, bu dunyo o‘tkinchi... Aslida bor narsa — yo‘q narsa, aslida yo‘q narsa — bor narsa, tushunayapsizmi?! Ya‘ni, u dunyo bor - Jannat bor! - deydi Malayziyada yurgan urgutlik dindor Faxriddin Roziy.

Islom olamining buyuk faylasufi, so‘fiylik tariqati etakchisi Naqshbandiy g‘oyasiga ergashgan – ko‘proq u dunyo g‘ami bilan yashab, bu duyonni qisman tark qilgan o‘zbekistonlik 44 yashar Faxriddin Roziyning boshqalarga o‘xshamagan hayotini sizga qiyos uchun hikoya qildik.

Zero, bu Islomga e‘tiqodning bahslarga sabab bo‘lgan yuzlab, ehtimol minglab yo‘llaridan biridir.

XS
SM
MD
LG