Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 13:21

AQSh uchqichlari Iroq shimolida janggarilarni bombardimon qildi


AQSh Prezidenti Barak Obama, Vashington shahri, 2014 yil 9 avgust.
AQSh Prezidenti Barak Obama, Vashington shahri, 2014 yil 9 avgust.

AQSh harbiylari Iroq shimolida janggarilarga qarshi havodan yana to‘rt marta hujum qildi. AQSh qurolli kuchlari markaziy qo‘mondonligi ma‘lumotiga ko‘ra, Amerikaning dron va uchqichlari 9 avgust kuni Sinjar shahri yaqinida Yazidiy sektasi a‘zolarini o‘qqa tutgan ikkita bronetransportyor va yuk mashinasini yakson qilgan.

AQSh Prezidenti Barak Obama 9 avgust kuni Vashingtonda qilgan chiqishida Iroq shimolidagi “Islomiy davlat” janggarilariga qarshi Amerika harbiylari uyushtirgan havo hujumlari haqida bularni aytdi:

- Amerika kuchlari Erbil shahri tashqarisidagi terrorchi kuchlar shaharga bostirib kirishining oldini olish, shuningdek, amerikalik diplomatlar va harbiylarni himoya qilish maqsadida terrorchilarga qarshi havodan zarbalar berdi.

Hozirga qadar "Iroq va Shom Islomiy davlati" (ISIL) terrorchilari Erbilga qarshi ishlatishi mumkin bo‘lgan qurollar va qurilmalar muvaffaqiyatli yo‘q qilindi.

Bu 7 avgust kuni prezident Obama mamlakat harbiylariga Iroqdagi janggarilarga havodan hujum uyushtirishga ruxsat berganidan beri amalga oshirilgan uchinchi hujumdir.

Keyinroq Pentagon AQSh uchqichlari bir hafta oldin Sinjar shahridan tog‘li hududlarga qochib ketgan minglab aholiga uchinchi marta havodan oziq-ovqat va ichimlik suvi tashlanganini bildirdi.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, Amerika harbiylari havodan qochqinlarga 72ta qanorda yordam yuklari, 14 ming litr ichimlik suvi va 16 ming kishiga yetadigan iste‘mol uchun tayyor oziq-ovqat mahsulotlari tashlagan.

Ayni paytda Britaniya ham kurd qochqinlarga havodan oziq-ovqat va ichimlik suvi tashlay boshladi.

Britaniyaning Taraqqiyot vazirligi gumanitar yordam yuklarini yetkazib berish uchun 10 avgust kuni Sinjar mintaqasiga Britaniyaning ikkita samolyoti joylashtirilganini ma‘lum qildi.

9 avgust kungi chiqishida AQSh Prezidenti Barak Obama mintaqadagi Amerika harbiylari va qochqinlarni himoya qilish uchun havo hujumlari davom etishini urg‘uladi.

Obama hujumlar tugaydigan muddat belgilanmaganini qo‘shimcha qildi.

Ayni paytda, BMTning Bolalar jamg‘armasi - YuNISEFning Iroqdagi matbuot kotibi Karim Elkorani Sinjar mintaqasidagi tog‘li hududda kamida 56 nafar yazidiy bola suvsizlikdan o‘lganini aytdi.

Britaniya rasmiylari taxminiga ko‘ra, hozirda tog‘li mintaqada 150 ming odam yordamga muhtoj.

Suriyaning Qamishli shahridagi mahalliy hokimiyat matbuot kotibi Xuan Muhammad Assosieyted Press agentligiga ochlikka yuz tutgan 20 ming yazidiy, kurdlarning mudofaa kuchlari va janggarilar o‘rtasidagi davom etayotgan to‘qnashuvlardan qo‘rqmay Iroq chegarasini kesib Suriya hududiga o‘tganini bildirdi.

XS
SM
MD
LG