Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:43

“Faqat “shapka” berganlar moshinaga shartnoma oldi”


Bu yil ham hammaga o‘z puliga mashina sotib olish nasib qilmadi.
Bu yil ham hammaga o‘z puliga mashina sotib olish nasib qilmadi.

Qarshi shahridagi avtosalondan kelasi yil mashina olish uchun faqat pora berganlar shartnoma oldi. Qo‘qonda esa katta ro‘mol o‘ragan ayol ma‘muriy javobgarlikka tortilib, jarima solindi. Bu haqda OzodMikrofonga qo‘ng‘iroq qilgan tinglovchilar gapirib berdi.

Qarshi shahrida tadbirkorlik qiladigan Bahodir Nusurov uch yildan buyon O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan Nexia avtomobilini ololmayotgani aytar ekan, bu yil ham faqat pora berganlar shartnoma olganligini iddao qildi:

- Uch yildan buyon Qarshi shahridagi avtosalonga qatnayman. Hech yo‘qki shartnoma ololsam. Axiyri iyunь oyida GMning Toshkentdagi idorasiga arz qilib borgan edim. Menga bu yil shartnoma olasiz degan xat bergan edi. Lekin bu yil ham quruq qoldim.

Uch kun davomida Qarshidagi avtosalon oldida ur-to‘polon bo‘ldi. Bu avtosalon poraxo‘rlar uyushmasi bo‘lib qolgan ekan. O‘zlarining tanishlari va kimki 1000-2000 dollar pora bergan bo‘lsa o‘shalar shartnoma oldi. Boshqa odamlarni esa quvib chiqardi. To‘qsondan oshgan bir otaxonni u yoqdan bu yoqqa, bu yoqdan u yoqqa surishdi, bechora u ham shartnoma ololmadi.

Xullas, oddiy odamlar yana quruq qoldi. Bizlar bilan itday gaplashdi. Prezidentimiz bu zavodni xalq uchun qurganku, bu poraxo‘rlar esa bundan o‘zlariga katta pul qilyapti,- dedi Bahodir Nusurov.

“Katta ro‘mol o‘raganim uchun sud qilishdi”

Ismi sir qolishini so‘ragan qo‘qonlik tinglovchi katta ro‘mol o‘ragani uchun sudga tortilib, unga katta miqdorda jarima solinganidan shikoyat qildi:

- Ro‘mol haqida Shayx Abdulaziz Mansur bilan radioda qilgan suhbatlaringni eshitgandim. Shayx uzun ko‘ylak va ro‘mol bizning milliy libosimiz degan edilar. Lekin kattaroq ro‘mol o‘raganim uchun men besh yuz ming so‘m jarima bilan jazolandim.

Gap shundaki, men hijobda emasman. Ko‘k shtampil ko‘ylak va katta oq jigar rangli ro‘molda yurardim. Keyin meni mahallaga uchastkovoyimiz chaqirib, tushuntirish xati yozdirib, tushuntirish xati olishdi. Meni kiyimim ular uchun ibodat libosi ekan. Bunaqa yurishim mumkin emas ekan. Keyin sudga chaqirib, menga 500 ming so‘m jarima solishdi, shuni 10 kunda to‘lashim kerak ekan.

Shayx ro‘mol va uzun ko‘ylak milliy libosimiz deganiga, men bu hijob emasku yoki qora rangda emasku deb o‘ragandim, oxir-oqibat esa menga jarima solishdi,- dedi qo‘qonlik namozxon ayol.

******************************************************************************
Muhtaram mushtariy, agar sizni ham tashvishga solayotgan muammolar bo‘lsa, shuningdek, o‘zingiz guvohi bo‘layotgan voqea-hodisalar borasida Ozodlikka xabar bermoqchi bo‘lsangiz, bizga qo‘ng‘iroq qiling ëki Skypeda biz bilan muloqotga chiqing.

OzodMikrofon sizga muntazir!

OzodMikrofon rukni ostida berilaëtgan fikr va mulohazalar oddiy o‘zbekistonliklarning shaxsiy ko‘z qarashlari ifodasi va bu mulohazalar uchun Ozodlik tahririyati mas‘ul emas!

XS
SM
MD
LG