Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:11

O‘zbek muhojiri G‘arb sanktsiyalari zarbasini his eta boshladi


Yillardan beri o‘zi yemay-kiymay topganini O‘zbekistonga yuborib kelgan millionlab muhojirning Rossiyadan vatanga qaytishi o‘zbek iqtisodini tang holga solmay qo‘ymaydi.
Yillardan beri o‘zi yemay-kiymay topganini O‘zbekistonga yuborib kelgan millionlab muhojirning Rossiyadan vatanga qaytishi o‘zbek iqtisodini tang holga solmay qo‘ymaydi.

AQSh¸ YeI va boshqa G‘arb davlatlari Rossiyaga joriy qilgan keng ko‘lamli iqtisodiy jazo choralari yillardan beri Rossiyada ishlab¸ pulini O‘zbekistonga jo‘natib kelgan mehnat muhojirlarining ish va pul topish imkonini qisqartira boshladi. Millionlab o‘zbek muhojirining Rossiyada tang holga tushishi¸ iqtisodchilar fikricha¸ O‘zbekiston hukumatini zarur makroiqtisodiy islohotlarni boshlashga majburlashi mumkin.

Vodiylik Akramjon besh yildan beri Moskvada ishlab¸ yeb-ichishdan orttirgan barcha pulini vatanda qolgan onasi va ukalarini boqib-o‘qitishga jo‘natadi. Besh yil ichida hovlisini epaqaga solib¸ ukasiga bitmagan bo‘lsa-da uy olib¸ student singlisining bir necha millionlik kontraktiga pul to‘lab kelgan Akramjon¸ AQSh va YeI Rossiyaga qarshi iqtisodiy sanksiya qo‘llaganidan beri¸ ishi orqaga ketganini aytadi:

- Kelganimizdan beri Moskva tashqarisidagi Odinsovo degan joydagi oynak zavodida ishlaymiz. Davlat tashkilotlari va xususiy odamlardan zakaz kelardi¸ shuni tayyorlab beramiz. Oldinlari zakaz ko‘p edi. Ammo bir-bir yarim oydan beri zakaz pochti yo‘q. Ish haqimiz zakazga qaragani uchun¸ oylik ham kamayib ketdi. Bir-ikki oydan beri oylik 15-20 mingga tushib qoldi. Oldinlari 30-36 ming olardik. Undan 200 dollarini yeb-ichishga sarflab¸ uyga har oy 900 dollar yuborardik. sanksiyalardan keyin dollar ham oshib ketdi¸ hozir 1000 dollardan pochti 100 dollar yo‘qotayapmiz. Bu ham yetmagandek¸ O‘zbekistonda ham mashina so‘mga sotiladi degandan keyin¸ dollar tushib ketibdi. Xullas¸ hamma tomondan ishlar chatoq¸ deydi Moskvadagi o‘zbek muhojiri.

O‘zbekistonlik mustaqil iqtisodchi Saodat Nishonova¸ G‘arb sanksiyalaridan so‘ng Rossiyada yuzaga kelgan iqtisodiy voqelik o‘zbekistonlik millionlab mehnat muhojirini aynan Akramjonning holiga solib qo‘yganini aytadi:

- Sanksiyalar munosabati bilan Rossiya iqtisodi faolligi susayadi¸ rublning dollarga nisbatan qadrsizlanishi kuchayadi. Bu ikki kuchli omil¸ Rossiyadagi ishlab chiqarish va xizmatlar sektorini keskin qisqartirib yuboradi¸ mehnat bozoridagi kuchlar nisbati o‘zgarib¸ rossiyalik ish beruvchi endi asosan o‘z mahalliy fuqarosiga ish berishga o‘ta boshlaydi. O‘zbekistonlik ishchi kuchiga talab ham keskin kamayadi va biznikilar Rossiyada qolish o‘zini oqlamagani bois¸ vatanga qaytish yoki boshqa mehnat bozori topishga majbur bo‘ladi¸ deydi mustaqil iqtisodchi.

Akramjonning ta‘kidicha¸ vatanga qaytish ishsizlik va nochorlikni anglatishi bois¸ aksar muhojirlar bu haqda o‘ylashni ham hozircha xayoliga keltirmayotir. Yechim sifatida¸ Rossiyadagi muhojirlar¸ yangi mehnat bozori qidirishga kirishgan:

- Nima qilar ekanmiz¸ deb hammaning boshi qotgan. Rossiya tugayapti¸ keyingi yil qayerga boramiz¸ deb o‘tiribmiz. Koreya yoki Turkiyaga boramiz¸ deb harakat qilayotganlar ko‘p. Asosan¸ umid Turkiyadan. Sheriklarimdan anchasi ketib¸ nolegal bo‘lsayam Turkiyada ishlayapti uje¸ deydi Akramjon.

G‘arb hukumatlarining Ukraina mojarosidagi roli bois Rossiyaga qarshi joriy qilgan iqtisodiy sanksiyalari¸ mustaqil iqtisodchi Saodat Nishonova ta‘kidicha¸ O‘zbekiston hukumatini yillardan beri amalga oshirishni istamay kelayotgan makroiqtisodiy islohotlarni boshlashga majburlashi mumkin:

- Hozirgi vaziyatda Rossiyadagi gastarbayterlar ommaviy tarzda uyga qaytishga majbur bo‘ladi. Bu esa¸ O‘zbekistonga kelayotgan pul oqimining keskin kamayishiga olib keladi. Valyuta kirimi keskin kamaygach¸ hukumat nihoyat jo‘yali makro-iqtisodiy siyosat yurg‘izishga o‘tishi va so‘mni devalvatsiya qilishi¸ ya‘ni uning dollarga nisbatan haqiqiy bahosini belgilashga yo‘l berishi mumkin. Devalvatsiya sof iqtisodiy jarayon bo‘lgani bois¸ agar risoladagiday ijtimoiy muhofaza joriy etilsa¸ O‘zbekistonda ijtimoiy portlash bo‘lmaydi. Bu oddiy xalq uchun narx-navoning oshib ketishini anglatadi¸ lekin busiz o‘zbek iqtisodini to‘g‘ri yo‘lga solishning imkoni yo‘q. Shu paytgacha buni hukumat o‘z xohishi bilan qilishni istamadi. Endi G‘arbning Rossiyaga qo‘llagan sanksiyalari ta‘sirida bunga majbur bo‘ladi. Bu ertami-kechmi bo‘lishi shart jarayon bo‘lgani bois¸ uzoq muddatda o‘zbek iqtisodini muvozanatga solishga yordam beradi¸ deydi O‘zbekiston Iqtisodiyot vazirligining sobiq mutaxassisi.

Hozircha Toshkent¸ qo‘shni Qozog‘istondan farqli¸ Rossiyaga qo‘llangan G‘arb iqtisodiy sanksiyalarining o‘z iqtisodiga salbiy ta‘siri ehtimolini ochiq tan olgani ham¸ o‘zbek iqtisodini bu ta‘sirdan himoya qilish chora-tadbirlarini ham e‘lon qilgani yo‘q.

Besh million ishga yarog‘li o‘zbekistonlikning Rossiyada uzoq muddatlik mehnat muhojiratida ekanini ochiq tan olishga hamiyati qo‘ymay kelayotgan O‘zbekiston hukumatining¸ G‘arb jazolaridan qaddi egilayotgan Rossiya iqtisodi yukining bilvosita o‘ziga ham tushayotganini e‘tirof etishga siyosiy irodasi yetadimi-yo‘qmi¸ bunisi hozircha qorong‘uligicha qolmoqda.

Toshkent qaror bergunga qadar Akramjon¸ uyga har yilgidan erta qaytib¸ oilasi bilan qisqa muddatga birga bo‘lish¸ so‘ngra esa¸ hayo-huy deb yana uzoq ellarga ish izlab ketishni rejalamoqda.

XS
SM
MD
LG