Линклар

Samarqand viloyati Nurobod tumaniga qarashli Sazag‘an qishloq fuqarolar yig‘inida avgustning ilk haftasida 17 yashar ikki qiz kuppa-kunduz kuni o‘zini osib o‘ldirdi. Hokimiyat vakillari ikkala o‘lim sababini ishqu muhabbat bilan izohlayotgan bo‘lsa-da¸ mustaqil kuzatuvchilar¸ o‘zbek yoshlari orasida ko‘payib borayotgan o‘z joniga qasd qilish holatlari jamiyatdagi jiddiy ijtimoiy-ma‘naviy bo‘shliq ifodasi ekanini ta‘kidlamoqda.

"Sazag‘anga qarg‘ish tekkan..."

Ming xo‘jalik yashaydigan Sazag‘an qishloq fuqarolar yig‘ini aholisi keyingi hafta ichida uchta yosh jasadni tuproqqa qo‘ydi.

1 avgust kuni Saroy qishlog‘ida yashovchi oilaning (Ozodlikka uchala marhumning ismi-sharifi ma‘lum¸ axloq nuqtai nazari ular oshkor etilmayotir –tahr.) 17 yashar katta qizi o‘zini osib qo‘ydi.

4 avgust kuni avtohalokatda o‘lgan 19 yashar yigit janozasi o‘qilayotgan bir paytda¸ Sazag‘an qishlog‘ida yashovchi boshqa bir xonadonda yana bir 17 yashar qiz o‘ligi osilgan holda topilgan.

Ozodlikning mahalliy hokimiyat tizimlaridagi manbasiga ko‘ra¸ birinchi qurbon Nurobod Kasb-hunar kolleji¸ unga sinfdosh bo‘lgan ikkinchi qiz esa¸ Samarqand Yuridik kollejining 2-kursi o‘quvchilari bo‘lgan.

Aytilishicha¸ bu qizlarning avtohalokatda o‘lgan yosh yigitga aloqasi bo‘lmagan.

- 1 avgust kuni davf etilgan qiz¸ yaxshigina oilaning bosh farzandi edi. Otasi bir necha yildan beri Rossiyada ishlayapti¸ hali kelgani yo‘q. Onasi yosh bolasi bilan uyda o‘tirardi. Mahalla¸ qarindosh-urug‘ o‘zi ko‘mdi. Onasi bilan buvisini qizning o‘zi atayin mehmonga yuborib¸ kichkina ukalari bilan uyda qolgan va ular kelguncha o‘zini osgan. Yaxshi ko‘rgan yigiti bor ekan¸ shunga unashtirilgan ekan. O‘zi oldindan vos-vos kasali bo‘lgan ekan¸ o‘zini oldin ham bir-ikki marta o‘ldirmoqchi bo‘lganida saqlab qolishgan ekan. Nimaga osganini hech kim tushunmaydi¸ deydi sazag‘anlik Ozodlik manbasi.

Ikkinchi qizning o‘ligi 4 avgust kuni¸ butun mahalla-ko‘y avtohalokatdan o‘lgan 19 yashar yigitning janozasidan qaytayotgan paytda topilgan va bu ham qishloqdagilar uchun navbatdagi shok bo‘lgan.

- Bu qizning ota-onasini qishloqda hamma biladi. Ota aroqxo‘r¸ hech qayerda ishlamaydi¸ onasi mardikor bozorga chiqib¸ kun ko‘radi. Ikki o‘g‘il¸ bir qizi bor edi. Katta akasi Rossiyada mardikorlikda¸ otasi uch oydan beri Jomboydagi narkodispanserda saqlanayotgan edi. Bu oilada janjal-to‘polonsiz kun kam bo‘lardi. Qiz o‘zini osgan kuni uyda faqat kichik akasi bo‘lgan. Qizning yaxshi ko‘rgani bor ekan¸ akasi unga tegmaysan¸ xolamning falon qarindoshiga beramiz¸ deb orada urush chiqqan. Qiz shartta o‘zini osgan-qo‘ygan¸ deydi mahalliy hokimiyatdagi Ozodlik manbasi.

“Sazag‘an qishlog‘iga duoibat ketgan¸ oldin ham 100 ga yaqin yoshlar halok bo‘lgan (asosan Rossiyadan kelayotgan o‘liklar nazarda tutilmoqda – tahr.) Din faollari qayerga qarayapti?” deb munosabat bildirdi kichik bir qishloqdagi katta fojiaga shu qishloqlik yoshlardan biri.

Ayon bo‘lishicha¸ 1000 xo‘jalik yashovchi¸ ikki qishloqdan iborat Sazag‘an qishloq fuqarolik yig‘inidagi yagona masjidning yopilib ketganiga ko‘p bo‘ladi¸ aholining yangi masjid ochish so‘rovi hokimiyat tomonidan inobatga olinmay kelmoqda.

O‘z joniga qasd qilgan ikkala qiz tuproqqa qo‘yilishidan oldin¸ o‘ziga xos miting o‘tkazilib¸ mahalladagilar¸ xususan¸ yoshlarga o‘zini o‘ldirishning islomda katta gunoh ekani¸ bunday gunohga qo‘l urganlarning janozasiz ko‘milishi qayta-qayta ta‘kidlangan. Ayni paytda¸ guvohlarga ko‘ra¸ qo‘shni mahalladan kelgan imom¸ har ikkala qizga ham janoza o‘qigan.

Ketma-ket sodir bo‘lgan o‘z joniga qasd qilishlardan so‘ng mahalla faollari¸ qishloqdagilarning aytishicha¸ uyma-uy yurib¸ ota-onalarni o‘tish davrida bo‘lgan farzandlariga ko‘proq e‘tibor berish¸ ularni qarovsiz qoldirmaslikka da‘vat qilmoqda. Bu da‘vat¸ xususan¸ ro‘zg‘orboshilari Rossiyaga mardikorlikka ketgan oilalarga kuchliroq bo‘lib¸ muhojir ota va onalarning tezda uyiga qaytishi so‘ralmoqda.

Mag‘zava seriallar¸ tarbiyachining yo‘qligi...

O‘zbekistonda aholi¸ xususan¸ yoshlar o‘rtasidagi o‘z joniga qasd qilish holatlariga oid aniq statistik raqamlar jamoatchilikdan sir tutiladi¸ xalqaro tashkilotlarga taqdim etiladigan raqamlar esa¸ mustaqil kuzatuvchilarga ko‘ra¸ real voqelikni to‘liq aks ettirmaydi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti e‘lon qilgan so‘nggi hisobotda qayd etilishicha¸ O‘zbekiston o‘z joniga qasd qilish bo‘yicha dunyodagi eng past reytinglardan biriga ega va mamlakatda har 100 ming aholi o‘rtasida o‘rtacha 6 odam o‘z joniga qasd qiladi. Bu ko‘rsatkich¸ masalan¸ qo‘shni Qozog‘istonda juda baland va har 100 mingga 31 ta suitsid to‘g‘ri keladi.

Ozodlik tasdiqlatishga muvaffaq bo‘lgan holatlar O‘zbekistonda¸ ayniqsa¸ 14-25 yosh oralig‘idagi qizlar orasida o‘z joniga qasd qilishning ko‘payib borayotganidan darak beradi. Bu suitsidlarning aksariyati¸ 80-yillarda ko‘paygan o‘zini yondirish emas¸ endilikda asosan o‘zini osish orqali amalga oshirilmoqda.

Samarqandlik jurnalist Toshpo‘lat Rahmatullayev yoshlar¸ xususan¸ yosh qizlar orasidagi o‘z joniga qasd qilish holatlari jamiyatdagi jiddiy ijtimoiy muammolar ifodasi ekanini aytadi:

- Kuzatishimcha¸ buning sabablari yoshlarning hayotga tayyor emasligi bilan bog‘liq. Ertayu kech televizorda ishqu muhabbat kinolari¸ seriallari ko‘payib ketdi. Hammayoq o‘ldim-kuydim kino¸ boshqa narsa yo‘q. Real hayot bilan kinolar ta‘sirida paydo bo‘lgan xayoliy hayot bir-biriga to‘g‘ri kelmaydi. Xayoliy hayot puchga chiqsa¸ yoshlar nima qilishini bilmay o‘zi osayapti¸ aftidan. Ularni hayotga tayyorlaydigan odam deyarli qolmadi. Ilgari bir oilada uch avlod bobo-buvi¸ ota-ona va bolalar yashagan¸ katta avlod kichigiga maslahat¸ nasihat bergan bo‘lsa¸ hozir ota-ona chet elda ishda¸ bobo-buvi ham tirikchilik tashvishi bilan band¸ yoshlar¸ ayniqsa¸ o‘smir-o‘spirinlar o‘z holiga tashlab qo‘yilgan¸ deydi samarqandlik keksa jurnalist.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ta‘kidicha¸ o‘z joniga qasd qilish dunyo bo‘ylab 10-24 yoshlar orasidagilar o‘limiga sabab bo‘layotgan ikkinchi asosiy omil va har 40 sekundda bir odam o‘z joniga qasd qiladi.

Ruhiy xastaliklar¸ xususan¸ depressiya va alkogolizm Yevropada o‘z joniga qasd qilish ortidagi asosiy omil bo‘lsa¸ Osiyo jamiyatida qiziqqonlik asosiy omil sanaladi¸ deyiladi Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining suitsidga bag‘ishlangan hisobotida.

XS
SM
MD
LG