Линклар

logo-print

MTS O‘zbekistondagi aloqa tarmog‘ini rivojlantirishga yaqin kelajakda ortiqcha sarmoya yotqizmaydi. Ozodlik manbasiga ko‘ra, MTS kompaniyasi faoliyatini tiklashga O‘zbekiston ichkarisidagi zayom mablag‘larini jalb etadi. Ayni paytda MTS eski SIM kartalar ishlatilishi haqidagi xabarlarni inkor qildi.

Rossiyaning MTS kompaniyasining Universal Mobile Systems (UMS) nomi ostida O‘zbekistonda faoliyat boshlashga tayyorgarlik ishlari davom ettirmoqda.

Universal Mobile Systems yangi yuridik shaxs sifatida tashkil topayotgani bois yangi shartnomalar asosida telefon raqamlarini sotishga kirishini e‘lon qildi. Shu tariqa, MTS “O‘zdunrobita”dan saqlanib qolgan eski SIM-kartalar amal qilishi to‘g‘risidagi mish-mishlarni inkor etdi.

MTS yangi loyihaga ortiqcha sarf-harajat qilmasligi va faliyatni tiklash ishlariga O‘zbekiston ichkarisidagi mablag‘larni jalb qilishi aytilmoqda.

Ozodlikning olib borilayotgan muzokaralarga yaqin bo‘lgan O‘zbekistondagi manbasidan olingan ma‘lumotlarga ko‘ra, shartnomaga muvofiq O‘zbekiston tomoni MTSga mamlakat ichkarisida ish boshlashi uchun katta imtiyozlar bergan.

- Birinchidan, shartnomada MTS yangi korxonadagi o‘z ulushini tekinga olishi belgilangan. Ikkinchidan, yangi operatorning joriy faoliyati O‘zbekiston bozoridagi zayom mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladi. Bilishimcha, bu O‘zbekiston bank kreditlari bo‘ladi. Ya‘ni bu loiyhaga MTS pul kiritishi belgilanmagan, - dedi kuzatuvchi.

Manba tugatilgan “O‘zdunrobita” MChJsiga tegishli saqlanib qolgan mol-mulk, asbob-uskuna va infratuzilmalar yangi qo‘shma korxona balansiga o‘tkazilishini ham qo‘shimcha qildi.

MTS shirkati matbuot xizmati rahbari Yelena Koxanovskaya “UMS" qo‘shma korxonasi 25 sentyabrgacha mamlakatda rasman ro‘yxatdan o‘tkazilishi kelishilganini Ozodlikka ma‘lum qilgan edi.

Rossiyaning “Mobilnie TeleSistemi” va O‘zbekiston hukumati o‘rtasida imzolangan Murosa bitimida tuzilajak qo‘shma korxonaning 50,01 foiz ulushi MTSga, 49,99 foiz ulushi O‘zbekiston Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya davlat qo‘mitasiga qarashli bo‘ladi.

Ayni paytda, rossiyalik iqtisod mutaxassislari MTSning o‘zbek bozoriga qaytishi osonlikcha amalga oshishiga shubha bilan qarayotganini gapirmoqda.

Jeen Yevrosiyo ekspertlar tarmog‘i muvofiqlashtiruvchisi Natalьya Xaritonova Ozodlik bilan suhbatda bu korxonani tiklash tashabbusi O‘zbekiston tarafidan chiqqan bo‘lishi mumkinligini taxmin qiladi:

- Tajribamiz shuni ko‘rsatadiki, bunday vaziyatlarda odatda muayyan ichki kelishuvlar mavjud bo‘ladi. Ya‘ni, shunday sharoit yaratilganki, u har ikkala tarafni qoniqtirgan va bu loyihaga qaytadan mablag‘ kiritish imkoniyati topilgan. Men bu tiklangan munosabatlar doimo shundayligicha qolaverishiga kafil emasman, lekin boshlanishida MTS yaxshi natijalarga erishishi mumkin. Gap shundaki, O‘zbekistonning ulkan aloqa xizmatlari bozori ketgan xarajatlarni qisqa muddat ichida qayta chiqarib olish imkoniyatini beradi. Masala, mamlakat ichkarisida faoliyat yuritayotgan Bilayn va UCELL MTSga qanchalik osonlik bilan o‘z mijozlarini qaytarib berishida yotibdi,- deydi iqtisodiy tahlilchi Natalya Xaritonova.

Iqtisodchining so‘zlariga ko‘ra, MTSning O‘zbekiston bozoriga qaytishi mobil aloqa sohasida katta raqobatni keltirib chiqaradi. Natalya Xaritonova hukumat tomonidan qo‘llab-quvvatlanish va‘dalarini olgan UMS agressiv marketing hujumini amalga oshirishi va sobiq mijozlarini qaytarish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishini kutish kerakligini gapirdi.

Tahlilchi o‘z farazlarini O‘zbekistonda mobil aloqa sohasida xizmat hozirda ko‘pchilik foydalanuvchilarni qoniqtirmayotgani bilan ham izohladi.

“Investkafe” tahlilchisi Timur Nigmatullin telekommunikatsiya va axborot sohasidagi yangiliklarni kuzatib boruvchi ComNews nashriga bergan intervyusida, shunga qaramasdan, MTS O‘zbekiston ichki bozoriga xavf bilan qarayotganini ta‘kidlabdi. U mablag‘ kiritishga tayyor bo‘lmagan Rossiyaning eng yirik mobil aloqa shirkati oqibatda O‘zbekiston bozorida kutilganidek yuqori natijalarga erisha olmasligiga ishonishini aytdi.

Tahlilchi Timur Nigmatullin MTSning O‘zbekistondagi yaqin kelajakdagi yillik daromadini 150-300 million AQSh dollari atrofida bo‘lishini taxmin qildi.

MTSning O‘zbekistondagi sho‘‘basi "O‘zdunrobita" 2012 yilning iyul oyida hukumat qarori bilan faoliyatini to‘xtatgan.

O‘zbekiston rasmiy idoralari "O‘zdunrobita"ni katta miqdorda soliqdan bo‘yin tovlash, pul yuvish, mijozlar pullarini noqonuniy o‘zlashtirish va boshqa qonunbuzarliklarda ayblagan edi.

Faoliyati to‘xtatilguniga qadar O‘zbekiston telekom bozoridagi eng yirik mobil aloqa operator bo‘lgan MTS 10 millionga yaqin mijozini boy berdi.

MTS O‘zbekistondagi faoliyati to‘xtatilgani bois 1 milliard AQSh dollaridan oshiq zarar ko‘rdi va sarmoyadorlar o‘rtasidagi kelishmovchilikni tartibga soluvchi Vashingtondagi xalqaro markazga bu yuzadan shikoyat qilgan.

O‘zbekiston hukumati MTSga doir mulk va uskunalarni bir necha marta kimoshdi savdosiga qo‘ydi, lekin unga xaridor topa olmadi.

31 iyul kuni imzolangan Murosa bitimiga binoan o‘zaro da‘volar bekor qilinadigan bo‘lgan.

XS
SM
MD
LG