Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 19:24

“Chinni bozor”ning yarmi yonib kul bo‘ldi


Toshkentdagi "Chinni bozor"da sodir bo‘lgan yong‘in yarim tunda boshlangan
Toshkentdagi "Chinni bozor"da sodir bo‘lgan yong‘in yarim tunda boshlangan

12 avgust kuni yarim tunda Toshkentdagi “Chinni bozor”da sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida bozorda joylashgan savdo rastalarining qariyb yarmi yonib kul bo‘ldi. Ozodlik manbalariga ko‘ra, bozorga qasddan o‘t qo‘yilgan degan taxmin ham o‘rganilmoqda. Yaqinda ushbu bozorning 20dan ziyod rahbari bozor qurilishidagi firibgarlik bois uzoq muddatga qamalgandi.

"150ta do‘kondagi tovarlar kulga aylandi"

Toshkent viloyatining Zangiota tumanida joylashgan “Chinni bozor”dagi yong‘in yarim tunda soat 12 yarimda boshlangan.

Zangiota huquq-tartibot idoralaridan olingan ma‘lumotga ko‘ra, yong‘inni o‘chirishga jami 18ta o‘t o‘chirish mashinasi jalb qilingan.

“Pojarniyga yong‘in haqidagi signal 12:31da kelib tushgan. Yong‘inni o‘chirishga nafaqat Zangiota tumani, balki qo‘shni tumanlarning pojarniy mashinalari ham jalb qilindi. Chilonzor tumanidan bitta brigada borgan. Jami 18 ta mashina chiqdi. Soat 02:12da yong‘in o‘rab olingan va soat 03:07da o‘chirilgan. Yong‘inni o‘chirishga shu bir soatcha vaqt ketgan”, dedi Ozodlik manbasi.

“Chinni bozor”da savdo qiluvchi tadbirkorlarning aytishicha, yong‘in natijasida kamida 150ta do‘kon yonib kul bo‘lgan:

“Birinchi qatordan o‘ninchi qatorgacha hammasi yonib ketgan. Taxminan 150ta do‘kon kul bo‘lgan. Do‘konlarning faqat g‘ishti qolgan. Baxtim bor ekan, meni do‘konimga 4ta do‘kon qolganda yong‘inni o‘chirishgan. Hozir ichkariga kirgizishmayapti”, dedi ismini ochiqlamaslikni so‘ragan tadbirkor.

Uning hisob-kitobicha, yongan do‘konlarning har birida kamida 10 million so‘mlik mahsulotlar bo‘lgan:

“Har kimda har xil summadagi tovar bor. Shu taxminan, yo‘q deganida, kamida 10 million so‘mlik tovar bor edi. Shundan bir so‘mlik ham tovar qolmagan. Hammasi kulga aylangan”, dedi tadbirkor.

"Chinni bozor"da xo‘jalik va maishiy texnika mollari bilan savdo qilinadi.

Huquq tartibot idoralaridan olingan ma‘lumotga ko‘ra, hozirda “Chinni bozor”dagi yong‘in bo‘yicha dastlabki tergov-surishtiruv ishlari boshlangan.

“Ikkita versiya o‘rganilmoqda. Elektr tizimidagi qisqa tutashuv yong‘inga sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Yaqinda ham bu bozorda kichkina pojar bo‘lgan ekan. Lekin ataylabdan o‘t qo‘yilgan degan versiya ham parallel ravishda o‘rganilayapti”, dedi Zangiota tuman huquq-tartibot tizimidagi manba.

“Chinni bozor”da uyushgan jinoiy guruh bo‘lgan

2012 yilning 16 aprel kuni Toshkent viloyat jinoiy ishlar sudi “Chinni bozor”ning 120 dan ziyod tadbirkoriga yetkazilgan zararni qoplash bo‘yicha hukm chiqarib, bozordagi do‘konlarni qurish ishlarida prorab bo‘lib ishlagan Farhod Abdurazzoqovga 15,5 yillik qamoq jazosi tayinladi.

Ayblov xulosasida sudlanuvchi “Chinni bozor”dagi qurilish ishlari uchun “TATIKO” nomli soxta firma tashkil qilib, davlat byudjetidan ajratilgan 4 milliard so‘m pulni o‘zlashtirib yuborgani qayd qilingan.

Ozodlik manbalariga ko‘ra, “Chinni bozor” qurilishida qallobliklarga qo‘l urgan bozor ma‘muriyati, soliq inspektsiyasi va SES xodimlaridan iborat jami 20 dan ortiq odam hibsga olinib, mahkamaga tortilgan.

Sud bozor ma‘murlarini korruptsiyaga bog‘liq jinoyatlar va davlat mulkini talon-taroj qilganlikda aybdor deb topgan.

Ayblov xulosasida yozilishicha, bozor ma‘muriyati yangi qurilgan rastalarni tadbirkorlarga qimmat narxda sotish evaziga 11 million so‘m miqdorida foyda ham ko‘rgan.

Mahkama sudlanuvchilar zimmasiga “Chinni bozor”ning 120dan ziyod tadbirkoriga yetkazilgan zararni qoplash ma‘suliyatini ham yuklagan edi.

XS
SM
MD
LG