Линклар

logo-print

Tojik – qirg‘iz chegarasidagi otishmada bir odam halok bo‘ldi


Qirg‘iziston-Tojikiston chegarasining janjalli hududlaridan biri bo‘lgan Oqsoy qishlog‘i yaqinida postda turgan qirg‘iz chegarachisi.

Qirg‘iziston-Tojikiston chegarasining janjalli hududlaridan biri bo‘lgan Oqsoy qishlog‘i yaqinida postda turgan qirg‘iz chegarachisi.

Qirg‘iziston-Tojikiston chegarasida 9 avgust kuni sodir etilgan otishmada Qirg‘izistonning bir fuqarosi halok bo‘ldi. Ayrim xabarlarda otishmada yaralangani, ayrim xabarlarda esa salomatligiga ziyon yetmagani aytilayotgan yana ikki odam Tojikistonning Jirg‘atol tumanida hibsda saqlanmoqda. Bu haqda 11 avgust kuni Qirg‘iziston va Tojikiston chegara xizmatlari bayonot tarqatdi.

Tojikiston Chegara xizmati tarqatgan rasmiy ma‘lumotda aytilishicha, O‘shning Cho‘ngoloy tumanida yashovchi qirg‘izistonlik uch nafar ovchi Tojikistondagi To‘pakul hududidga noqonuniy o‘tib, ayiq ovlagan. Tojik chegarachilari ularni ko‘rib qolib, qurollarni topshirishni talab qilgan.

“Lekin bunga javoban ovchilar o‘q otgan. Otishmada ovchilardan biri o‘ldirilgan”, deyiladi Tojikiston tomoni tarqatgan ma‘lumotda.

So‘nggi xabarlarda aytilishicha, Qirg‘izistonning ovchilikka borgan ikki fuqarosi qo‘lga olinib, Tojikistonning Jirg‘atol tumanidagi hibsxonada saqlanmoqda.

Halok bo‘lgan ovchining jasadi Qirg‘izistonga qaytarilgan. Voqea yuzasidan ikki davlat chegara xizmatlari tekshiruv olib bormoqda.

Qirg‘iziston Chegara xizmati rasmiysi Sajira Cho‘qo‘lo‘yeva tojik tomoni tarqatgan ma‘lumotni tasdiqladi va Jirg‘atolda hisbda saqlanayotgan qirg‘iz fuqarolarini uylariga qaytarish harakati bo‘layotganini aytdi:

-Tojik tomonining bildirishicha, otishma bo‘lgan joydan 8ta o‘qi bor karabin, TOZ-8 rusumidagi kichik kalibrli miltiq, xorijda ishlab chiqarilgan 1 dona durbin va ikkita ot bo‘lgan. Dastlabki ma‘lumotlarga qaraganda, Qirg‘iziston fuqarolari Tojikiston hududiga ov qilish uchun o‘tgan, - dedi Sajira Cho‘qo‘lo‘yeva.

Qirg‘iziston hukumatining chegarani aniqlash va chegaraoldi hududlarini rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Qurbanbay Iskanderovning aytishicha, mazkur voqea ikki davlat o‘rtasidagi aniqlanmagan chegara hududida sodir bo‘lgan. Rasmiyning aytishicha, bu hududda Tojikiston-Qirg‘iziston chegarasi 300 kilometrni tashkil qiladi.

-Bu hududda Oltinmozor va Unjubuloq degan joylardagi chegara chizig‘igina aniqlanmay qolgan. Qolgan joylardagi chegara aniqlab bo‘lingan. Kechagi voqea esa chegaraning aniqlanmagan hududida sodir etilgan, - deb bildirdi Qurbanbay Iskanderov.

Ayni paytda Tojikistonning Jirg‘atol tumanida hibsda saqlanayotgan qirg‘izistonlik ikki ovchini vataniga qaytarish masalasida tojik va qirg‘iz mahalliy rasmiylari muzokaralar o‘tkazayotgan ekan. Ayrim xabarlarda bu ikki ovchi yaralangani xabar qilingan edi. Biroq Cho‘ngoloy tumani hokimi Abdilaziz Ashirbayevning Ozodlik radiosi qirg‘iz xizmatiga bildirishicha, muzokarada tojik tomoni hibsda saqlanayotgan qirg‘izistonlik ikki ovchi yaralanmaganini ma‘lum qilgan.

XS
SM
MD
LG