Линклар

9 avgust kuni Rossiyaning Vladimir shahrida o‘tkazilgan Palov festivalida ishtirok etgan oshpaz- ustalar jami 111 kg osh damladi. Tadbirdan tushgan mablag‘ Vladimir viloyatida panoh topgan ukrainalik qochqin bolalarga xayriya qilindi. Rossiyada an‘anaga aylanayotgan ushbu xayriya tadbirida o‘zbek dorbozlari va san‘at ustalari ham ishtirok etdi.

O‘tgan shanba kuni Vladimir shahrining "Drujba" istirohat bog‘ida mahalliy o‘zbek jamoasi tomonidan uyushtirilgan Palov festivalida osh tarqatishdan tashqari konsert dasturi va dorbozlar namoyishi tashkil etildi. Festivalda 11ta qozonga damlangan palov sotilishidan tushgan mablag‘ Ukrainaning sharqidan kelgan qochqin bolalar va mahalliy bolalar uyiga sarflangani aytildi.

Palov festivali tashabbuschisi, Xalqaro migratsiya markazining Markaziy federal okrug bo‘yicha maxsus vakili, ayni paytda Vladimir shahridagi "Drujba" o‘zbeklar jamiyati raisi muovini To‘xtasin Daydiyev Ozodlik bilan suhbatda tadbir mahalliy hukumat va deputatlar tomonidan qizg‘in qo‘llab-quvvatlanganini gapirdi:

- Oshpazlik xayriya chempionati bizdagi ikkita bolalar uyi va qochqin ukrainaliklar bolalarga yordam tarzida o‘tkazildi. Vladimir shahar "Drujba" parkida 76ta ukrainalik bola va ularning onalariga bepul osh tarqatildi. Markaziy Osiyoning O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘izistondan bo‘lgan muhojirlar o‘z yonidan mablag‘ ajratib, 11 qozonda 111 kilo osh damlashdi. Kontsert dasturiga dorbozlar keldi, xonanda Natalьya Nurmuhamedova ishtirok etdi. Oshpaz Hakim aka G‘aniyev raisligida jyuri oshpazlar mahoratini baholadi,- deydi To‘xtasin Daydiyev.

O‘zbeklar jamiyati faoli so‘zlariga ko‘ra, Vladimir shahri yaqinidagi bolalar sanatoriylaridan biriga joylashtirilgan ukrainalik qochqinlar oilalariga osh tarqatishdan tashqari, ularga zaruriy bo‘lgan kiyim-kechak va boshqa mahsulotlar olib berilgan:

- Emizikli go‘daklar bor ekan, biz ularga pampers sotib olib berdik, bepul osh va karusellarda uchmoq uchun bilet olib berildi. Shahar hokimiyati avtobuslarni tashkil etib, ularni olib kelib, olib bordi. Ular "yashil koridor" orqali olib chiqilganlar. Jami 70 kishi odam kelgan Ukraina sharqidan. Undan tashqari o‘zlari ishlagani kelgan ukrainaliklar bo‘ldi. Undan tashqari, uchta trasformer-kolyaska olib berildi ularga. Bilishimcha, bu yerga olib kelingan bolachalar allergiya kasalligi bor kasalmand bolachalar ekan,- deydi o‘zbeklar jamiyati faoli.

Ma‘lum bo‘lishicha, tashkilotchilar pazandalik tanlovi, mehmon bolalar uchun maxsus musobaqa va kontsert dasturi bilan birga kurash bo‘yicha musobaqa ham o‘tkazdi. Palov festivali tomoshalariga 4 mingga yaqin shaharlik kelgani qayd etildi.

Festivalni tashkil etishda o‘zbek diasporasiga Vladimirning tojik, arman, ozar, yazid, tatar jamoalari, shu yerda mehnat qilayotgan muhojirlar ko‘maklashganini ma‘lum qildi To‘xtasin Daydiyev.

Palov festivali hakamlar hay‘atining raisi, taniqli o‘zbek oshpazi, bloggeri va teleboshlovchisi Hakim G‘aniyev Ozodlikka palov pishirish mahoratini 10ta jamoa namoyish etgani, har biri o‘ziga xos osh turini shinavandalar e‘tiboriga havola etganini gapirib berdi.

"Umuman olganda, an‘anaviy bo‘lib borayotgan Palov sammitlari doimiy ravishda xayriya shaklida olib borilmoqda", deydi Hakim G‘aniyev.

- Men shunchaki tadbirni o‘tkazishga yordam berdim. Tanlovda jyuri rahbari bo‘ldim. Eng shirin oshni tanladik. G‘alaba qilganlarga mikrovolnovka va shu kabi ovqat pishirish uskunalarni sovg‘a qildik. Birinchi o‘rinni andijonlik bolalar choyxona oshi bilan oldi. Bultur o‘tkazgan Osh sammitidan yig‘ilgan pul rak kasaliga chalingan bolachalardan ikkitasiga operatsiya qilishga yetdi. Qolgan pulni Podmoskovьe Bolalar uyiga berib yubordik. Bu yilgisi Vladimir Bolalar uyiga va Ukrainadan kelgan bolalarga sarflandi,- dedi oshpaz Hakim G‘aniyev.

Hakamlar raisiga ko‘ra, ikkinchi o‘rinni buxorolik Ahadbek Murodov oshpazlar jamoasiga, uchinchi o‘rin qirg‘izistonlik O‘sh palovi ustalari egalariga nasib etgan. Oshpaz ustalar vladimirliklarga choyxona, tojikcha, buxorocha, andijoncha, to‘y oshi va boshqa palov turlarini pishirib bergan.

Oshpazlik san‘atidan tashqari, festivalga yig‘ilganlarni istirohat bog‘iga kelgan o‘zbek dorbozlari mahorati qoyil qoldirdi. 18 kishilik Ravshan Komilov boshchiligidagi 18 kishidan iborat dorbozlar oilasining dorga ko‘tarilgan eng kichik vakilasi – 5 yashar qizcha, tomoshaga kelgan muxlislarning olqishiga sazovor bo‘ldi.

Шарҳларни кўрсатинг

XS
SM
MD
LG