Линклар

logo-print

Toshkent islom universitetiga kirish uchun ijodiy imtihon topshirgan abituriyent savollarning o‘ta murakkabligi va Islom diniga zid siyosatdan kelib chiqqanidan arz qildi. Universitet ma‘muriyati ijodiy imtihonda "murakkab va nozik savollar" bo‘lishini tan oldi va javob uchun universitet ekspertlari yozgan kitoblarga murojaat qilishni tavsiya qildi.

Bu yil Toshkent islom universitetiga kirish uchun topshirilgan ijodiy imtihon jarayonini bayon qilgan abituriyent savollarni favqulodda murakkab va diniy aqidaga zid, deb topgani haqida Ozodlikka maktub yo‘lladi:

"Islom unverga Ijodiy imtihondan 30 ball oldim. Savollar:

1-islomiy oqimlarni qaysilarini bilas?

2-Bugungi kundagi hijob ayol qizlarimizga kerakmi?

3-Imom Buhoriy haqida gapiring.

Shunaqa qiyin savollar. bilganimcha kuchim bn javob berdim. rosa qiyin savollar. deyarli mani tengqurlarim bunaqa savollarda qiynalishadi. shunaqa savollarni javobini bilish uchun o'qishga topshiryapmiz", deb yozdi abituriyent.

Ozodlikka murojaat qilgan abituriyent: "Hijob kerakmas, desam dinga qarshi gapirgan bo‘laman; hijob kerak, desam siyosatga qarshi gapirgan bo‘laman. Juda o‘ylandim", degan istiholani bildirdi.

Toshkent islom universiteti qabluxonasida telefon go‘shagini ko‘targan xodim kirish imtihoni doirasida bo‘ladigan ijodiy imtihonda shunaqa kutilmagan "nozik savollar" bo‘lishi va ular Davlat test markazi chiqargan axborotnomalardan o‘rin olmasligini tan oldi.

Ma‘muriyat vakiliga ko‘ra, ijodiy imtihon uchun hozirlanadigan savollar imtihonga 1 oy qolganda, e‘lon qilinadi.

"Har yili imtihonga bir oycha qolganda savollar e‘lon qilinadi. Endi bu savollarga javob olish uchun o‘zi diniy idora chiqargan kitoblar bor yoki bizning tayyorlov kurslarga qatnash mumkin, ijodiy imtihonga tayyorlaydi", dedi ma‘muriyat vakili.

Universitetning tayyorlov kurslariga mas‘ul, deb taqdim qilingan va ismini oshkor qilmayotganimiz xodimga maktub yo‘llagan abituriyentning yaqini Ozodlik so‘rovi bilan bog‘langanida shunday javob oldi:

"Savollar universitetimizdagi mutaxassislar tomonidan ishlab chiqilgan. Ularning mazmuniga men hech narsa deya olmayman. Lekin, 9 oylik kurslarimizda o‘sha savollarga tayyorlaydi. Universitet kutubxonalarida ham ekspertlarimiz yozgan kitoblar bor va o‘shalardan javob topish mumkin. Maktabda yoki o‘sha litseylarda ham "Ma‘naviyat asoslari" darslarida bunaqa savollarga tayyorlashadi", degan javob olindi Toshkent islom universitetining tayyorlov kurslariga mas‘ul xodimidan.

Ma‘lum bo‘lishicha, bunday kutilmagan "nozik" savollardan iborat ijodiy imtihon O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi qoshidagi Toshkent islom universiteti va O‘zbekiston Musulmonlari idorasi tasarrufidagi Imom al-Buxoriy nomli Toshkent islom institutiga kirish imtihonlari tarkibida ham bor.

Bu savollarga "u dunyolikni ham, bu dunyolikni ham kuydirmaydigan" javoblarni esa faqat shu oliy ta‘lim muassasalarining ekspertlari yozgan kitoblar yoki tayyorlov kurslaridan topish mumkinligi ham aytildi.

"Bizning kafedralarimizda savollar va darsliklar majmualari bor. Kelishsa, bemalol olib o‘qishlari mumkin. Tayyorlov kurslari oktyabrdan boshlanadi, 9 oylik. 4 ta fandan, u yoq-bu yog‘i 1 yarim million so‘m bo‘ladi jami narxi. Oylarga bo‘lib tashlansa, unchalik qimmat tushmaydi. Faqat odam soni cheklangan, ko‘p odam ololmaymiz", deya ogohlantirish berdi Toshkent islom universiteti mas‘uli Ozodlik manbasiga.

Universitet rasmiy saytida berilishicha, bakalavr bosqichida ochilgan eng katta yo‘nalishlardan biri ham aynan "Milliy g‘oya, ma‘naviyat asoslari va huquq ta‘limi" yo‘nalishidir. Bu yil bu yo‘nalishga jami 24 talaba qabul qilinishi e‘lon qilindi.

Bu yo‘nalishni yakunlagan mutaxassislar umumiy o‘rta ta‘lim maktablari, akademik litsey va kollejlarda bu yil ijodiy imtihonda berilgani kabi "nozik diniy mavzularda" ta‘lim berishi aytildi.

Toshkent islom institutiga qabul qilinadigan talabalar jami soni 2014-2015 o‘quv yili uchun 134 nafardir.

Jami 6 yo‘nalishdan qolgan 5 tasi "Islom tarixi va manbashunoslik" (25 talaba), "Dinshunoslik" (25 talaba), "Din sotsiopsixologiyasi" (20 talaba), "Jahon iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar" (20 talaba), "Informatika va axborot texnologiyalari" (20 talaba) yo‘nalishlaridir.

XS
SM
MD
LG