Линклар

logo-print

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi 12 avgust kuni Chinni bozorda sodir bo‘lgan yong‘in elektr tizimidagi qisqa tutushuv oqibatida kelib chiqqanini ma‘lum qildi. Vazirlik xabariga ko‘ra, yong‘inda odamlar orasida qurbonlar va jarohatlanganlar bo‘lmagan.

"Qurbonlar yo‘q"

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi 12 avgust kuni Toshkentdagi Chinni bozorda sodir bo‘lgan yong‘in sabablari bo‘yicha rasmiy ma‘lumot berdi.

Vazirlik matbuot xizmati tarqatgan ma‘lumotda aytilishicha, Toshkentning Zangiota tumanida joylashgan “Best- plyus” kompaniyasiga qarashli Chinni bozordagi yong‘in elektr simlaridagi qisqa tutashuvdan kelib chiqqan.

Rasmiy xabarga ko‘ra, yong‘in “o‘z vaqtida yetib kelgan o‘t o‘chiruvchilar tomonidan tezda o‘chirilgan”. Yong‘in oqibatida qurbonlar va jarohatlanganlar yo‘q.

Vazirlik yong‘in oqibatida Chinni bozordagi yigirmaga yaqin savdo do‘konlari zarar ko‘rganini bildirgan.

Ayni paytda Ozodlik manbalariga ko‘ra, kamida 150ta do‘kondagi 50 milliondan 250 million so‘mgacha bo‘lgan tovarlar yong‘in natijasida kulga aylangan.

Ichki ishlar vazirligiga ko‘ra, hozirda yong‘in natijasida yetgan zarar miqdori aniqlanmoqda.

"150ta do‘kondagi tovarlar kulga aylandi"

Toshkent viloyatining Zangiota tumanida joylashgan Chinni bozordagi yong‘in seshanba kuni yarim tunda soat 12 yarimda boshlangan.

Zangiota huquq-tartibot idoralaridan olingan ma‘lumotga ko‘ra, yong‘inni o‘chirishga jami 18ta o‘t o‘chirish mashinasi jalb qilingan.

“Pojarniyga yong‘in haqidagi signal 12:31da kelib tushgan. Yong‘inni o‘chirishga nafaqat Zangiota tumani, balki qo‘shni tumanlarning pojarniy mashinalari ham jalb qilindi. Chilonzor tumanidan bitta brigada borgan. Jami 18 ta mashina chiqdi. Soat 02:12da yong‘in o‘rab olingan va soat 03:07da o‘chirilgan. Yong‘inni o‘chirishga shu bir soatcha vaqt ketgan”, dedi Ozodlik manbasi.

Chinni bozorda savdo qiluvchi tadbirkorlarning aytishicha, yong‘in natijasida kamida 150ta do‘kon yonib kul bo‘lgan.

Toshkentlik Shoira Sodiqbekovaning Chinni bozordagi ikkita do‘koni ham yong‘in natijasida vayron bo‘ldi.

Sodiqbekovaning Ozodlikka aytishicha, ikkita do‘kondagi jami 250 million so‘mdan ziyod mahsuloti butunlay yonib kul bo‘lgan:

- Chinni bozorning 70 foiz qismi yongan. 2 yoki 3 qatori qolgan. Qolgan qismi yonib, butkul kulga aylangan. 1- qatordan to 13-qatorgacha bo‘lgan qatorlar hammasi kulga aylangan. Hech narsa qolmagan. Faqat uchta tomonda devori qolgan xolos. Bizlarning 2ta do‘konimiz ham yonib kulga aylangan. Judayam dahshat... (yig‘laydi). 250 million so‘mdan ziyod tovarimiz yondi. Bitta do‘konimizning podvali bor edi. Podvalda ham mollar bor edi. Emal idishlar, dazmol qiladigan doskalar, hamma tovar yongan. Do‘konga o‘rnatilgan konditsionerlarning hammasi yonib, erib, qiyshayib, temirning o‘zi qolgan. 2ta do‘konning har bittasini 2008 yilda 24 million so‘mdan sotib olgandik, - deydi Shoira Sodiqbekova.

Chinni bozorda xo‘jalik va maishiy texnika mollari bilan savdo qilinadi.

Shoira Sodiqbekovaga ko‘ra, Chinni bozor ma‘muriyati yongan do‘konlar o‘rnida yangisini qurishga va‘da bergan:

- Faqat do‘konni qaytadan qurishga va‘da qilishayapti. Yana kerak bo‘lsa, kredit berishni va‘da qilishdi. Mol-mulk ya‘ni moddiy keltirilgan zararni undirish to‘g‘risida hech qanday gap-so‘z yo‘q,- deydi Sodiqbekova.

Chinni bozorda uyushgan jinoiy guruh bo‘lgan

2012 yilning 16 aprel kuni Toshkent viloyat jinoiy ishlar sudi Chinni bozorning 120 dan ziyod tadbirkoriga yetkazilgan zararni qoplash bo‘yicha hukm chiqarib, bozordagi do‘konlarni qurish ishlarida prorab bo‘lib ishlagan Farhod Abdurazzoqovga 15,5 yillik qamoq jazosi tayinladi.

Ayblov xulosasida sudlanuvchi Chinni bozordagi qurilish ishlari uchun “TATIKO” nomli soxta firma tashkil qilib, davlat byudjetidan ajratilgan 4 milliard so‘m pulni o‘zlashtirib yuborgani qayd qilingan.

Ozodlik manbalariga ko‘ra, Chinni bozor qurilishida qallobliklarga qo‘l urgan bozor ma‘muriyati, soliq inspektsiyasi va SES xodimlaridan iborat jami 20 dan ortiq odam hibsga olinib, mahkamaga tortilgan.

Sud bozor ma‘murlarini korruptsiyaga bog‘liq jinoyatlar va davlat mulkini talon-taroj qilganlikda aybdor deb topgan.

Ayblov xulosasida yozilishicha, bozor ma‘muriyati yangi qurilgan rastalarni tadbirkorlarga qimmat narxda sotish evaziga 11 million so‘m miqdorida foyda ham ko‘rgan.

Mahkama sudlanuvchilar zimmasiga Chinni bozorning 120dan ziyod tadbirkoriga yetkazilgan zararni qoplash ma‘suliyatini ham yuklagan edi.

XS
SM
MD
LG