Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 14:47

Qirg‘izistonning 83 fuqarosi millioner ekanini tan oldi


Qirg‘izistonda soliq deklaratsiyasi topshirish yakunlanishi ortidan, mamlakatda 83 millioner borligi aniqlandi. Ularning asosiy qismi Bishkekda yashar ekan. O‘sh va Jalolobodda esa faqat uch nafar odam o‘zining millioner ekanini tan olgan.

Qirg‘iziston Soliq xizmati rasmiysi Erkin Sazikov joriy yilda o‘n ming tadbirkor o‘z mulki haqidagi ma‘lumotlarni soliq deklaratsiyasi to‘ldirish orqali jamoatchilikka oshkor etgani, ulardan 83 nafari millioner ekanini tan olgani haqida aytib berdi:

- Respublika bo‘yicha 83 odam mulki va daromadi 45 million so‘mdan ortiq ekanini tan oldi. Ular boyligining bir foizi, ya‘ni 450 ming so‘m miqdorida qo‘shimcha soliq to‘lashadi. Millionerlarning 80 nafari Chuy va Bishkekda, uch nafari esa O‘sh va Jalolobodda yashaydi, - dedi Erkin Sazikov.

Mulk va daromadlarni qonuniylashtirish jarayoni o‘tgan yilning iyulida boshlangan. Qirg‘iziston qonunchiligiga muvofiq, soliq deklaratsiyasini topshirgan har bir shaxs o‘z mulki va daromadining miqdorini o‘zi belgilaydi va bu ma‘lumotlarni hukumat tuzilmalari tekshirish huquqiga ega emas.

Adliya vazirligi rasmiysi Maripa Seydaliyevaning aytishicha, millionerlarning kim ekani sir saqlanadi:

-Ularning kim ekani aytilmaydi. Qonunchilikka binoan ularning ismi sir saqlanadi. Deklaratsiya topshirgan odam davlat amaldorimi yoki pensionermi, biz bilmaymiz. Notariuslar soliq deklaratsiyasida fuqaroning ismi va mulki haqidagi ma‘lumotlarnigina qayd etadi, -dedi Maripa Seydaliyeva.

Biroq mutaxasislar Qirg‘izistonda 83 millioner bor, degan ma‘lumotni shubha ostiga oladilar. Mutaxasislar fikricha, Qirg‘izistonda mol-mulki 10 million dollardan oshgan yuzdan ortiq odam yashaydi. Ularning asosiy qismi davlat amaldorlaridir.

“Dengi i vlast” gazetasining muharriri Turat Akimov Qirg‘izistondagi boylarning ko‘pchiligi davlat amaldorlaridir va ular soliq to‘lashdan bo‘yin tovlab keladi, deb hisoblaydi:

- Qirg‘izistonda mulkni ochiq – oydin ko‘rsatish juda qiyin, negaki bu boylik qayerdan kelganini isbotlash kerak bo‘ladi. Millionerlarning hammasi davlat amaldorlari, lavozimlarda ishlab yurib boyigan odamlar. Ular soliq to‘lamaslik uchun mol-mulklarini qarindoshlari nomlariga rasmiylashtirishadi. Davlat amaldorining boyligi qancha ekanini aniq bilish uchun uning barcha qarindoshlarini tekshrib chiqish lozim bo‘ladi, - dedi Turat Akimov.

Qirg‘iziston matbuotining turli manbalarga tayanib e‘lon qilgan reytinglariga ishoniladigan bo‘lsa, sobiq Bosh vazir O‘murbek Babanov 1,3 milliard dollar boyligi bilan mamlakatning eng boy odami hisoblanadi. Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambayev esa o‘zining boyligi 10 million dollar ekanini aytgan edi.

XS
SM
MD
LG