Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 15:04

"G‘amgin kloun Robin Uilyams o‘zbeklarning sevimli aktyori edi"


Taniqli kinoijodkor Robin Uilyams o‘limiga munosabat bildirgan o‘zbek san‘atkorlari marhum aktyor o‘ynagan filmlar o‘zbek tomoshabinlari uchun ham ardoqli bo‘lganini aytmoqda. Amerikalik komediya qiroli, taniqli Hollivud aktyori Robin Uilyams Kaliforniyadagi uyida o‘lik holda topildi. Politsiya aktyor o‘zini osganini taxmin qilmoqda.

"Uilyams qayg‘uli kloun edi"

AQShdagi axborot vositalari dushanba kuni uyida o‘liq holda topilgan Robin Uilyams so‘nggi paytlarda chuqur tushkunlik holatida bo‘lganini yozmoqda.

Robin Uilyams avval aroqxo‘rlikdan davolangan va shu yil yozida reabilitatsiya markazida muolaja olgan edi.

63 yoshda bo‘lgan Uilyams o‘zbek tomoshabinlariga “Jumanji”, “Mening sevimli enagam” kabi filmlar orqali yaxshi tanish.

Ayni paytda o‘zbekistonlik san‘atkorlar ham Ozodlik vositasida marhumning yaqinlariga ta‘ziya bildirishdi.

O‘zbekistonlik adabiyotshunos Rifat Gumerov ta‘kidicha, Uilyams yaratgan aksar asarlarni o‘zbek tomoshabinlari yaxshi biladi:

- Ismini eshitib bilmayman, deganlarga rasmini ko‘rsatsangiz: “E, bu falon kinodagi anavi artistku!” deb darrov eslaydi. Bu odam dunyo miqyosidagi komediya qiroli edi. Ayni paytda Uilyams qayg‘uli kloun edi. Harakatlari kulgili bo‘lgani bilan ko‘zlari qayg‘uli edi. Kichkina odamning katta dardini tomoshabinga yetkazishda Charli Chaplin boshlagan yo‘ldan borgan san‘atkor edi. Robin Uilyams yo‘lidan borayotgan o‘zbek san‘atkorlari ham bor, shulardan biri Obid Asomovdir. Asomov ham kichkina odamning katta dardini tarannum qiladi, - deydi o‘zbekistonlik adabiyotshunos Rifat Gumerov.

O‘zbekistonlik akademik rassom, professor Rauf Qo‘ziyev ham o‘z kuzatuvlaridan kelib chiqib, Robin Uilyams o‘zbeklar orasida tanilgani, degan xulosasini tilga oldi:

- Robin Uilyamsning fojeali halok bo‘lganini eshitib, juda afsuslandim. Uilyams allaqachonlar "o‘zbek" aktyoriga aylanib ketgan edi. Ilk bora uning komik rollarini hali SSSRda videoda kino ko‘radiganlar ketidan KGB poylab yuradigan davrlarda, 80-yillarda ko‘rganmiz. Bu aktyorni xalqimiz orasida sevimli bo‘lib ketishining sababi rollari komik bo‘lsada, menimcha psixologik ta‘siri kuchliligi bilan tomoshabinga dublyaj, tarjimasiz ham tushunarli bo‘lgani bo‘lsa kerak. Uning obrazlari ovozlari, masalan "Alovuddin"lari orqali ham bolalar uchun sevimli bo‘lgan edi¸ - deya ta‘kidlaydi Rauf Qo‘ziyev.

Surxondaryolik Robbin O‘lmas

Taniqli rassom Rauf Qo‘ziyevning aytishicha, Surxondaryoning olis qishlog‘ida yashaydigan bir odamning shakli shamoyili Robin Uilyamsga mengzagani bois, unga O‘lmas Robbin deb laqab taqishganini eslaydi:

- Surxondaryoda bir kishi yashaydi. Uni tungi xufyona videolar ko‘rib yurilgan o‘sha paytlardan beri qishloqdagilar "Robbin O‘lmas" deb chaqirishadi hozir ham. Qishloq aholisi Uilyamsni o‘zbekchalashtirib "O‘lmas" deb olishgan. Albatta , "Jumanji" ham juda mashhur "o‘zbek filmlari"dan. Hatto, Nizomiy universiteti biqinidagi eng gavjum restoran ham "Jumanji" nomida, Robin Uilyamsning san‘ati bilan bog‘liq ekan, - deydi suhbatdosh.

Ko‘zda yoshi bilan kuldirgan san‘atkor

Asli o‘zbekistonlik, Moskvadagi “Charli” kinostudiyasi rahbari, rassom va kinochi 44 yashar Xudoybergan Yusupov Robin Uilyams o‘limidan qattiq qayg‘urganini bildirdi.

- Robin Uilyams men juda yaxshi ko‘rgan va menga ilhom bergan san‘atkor edi. Bu san‘atkorni ko‘zlariga qarasam, dunyoning g‘ami borga o‘xshaydi. Ayni paytda bu g‘amgin odam bizni kuldiradi, bizni avrab o‘z dunyosiga olib ketadi. U kishi 300 dan ziyod rol o‘ynadi, hatto o‘lganidan keyin ham uning ishtirokidagi to‘rtta film katta ekranga chiqishi kutilmoqda. Bundan kelib chiqsak, Robin Uilyams umrining so‘nggi daqiqasigacha ijod bilan shug‘ullangan deyish mumkin, - deydi Xudoybergan Yusupov.

O‘lmas san‘atkor

O‘zbekistonlik akademik rassom, professor Rauf Qo‘ziyev ta‘kidicha, Robin Uilyams ijodi hali oxirigacha tadqiq qilinmagan:

- Menga "Xayrli tong, Vьetnam", "O‘lik shoirlar jamiyati", "Ikkiyuzli odam" filmlari yoqadi. "Baliqchi qirol" filmidagi devona roli uning ko‘proq psixologik jihatini ko‘rsatadi, chamamda. Uilyamsni kasal bo‘lgan davrida bir marta o‘lganga chiqarishgan, esingizda bo‘lsa. Shundan keyin u kasallikdan davolanib chiqqanida besh-o‘n yil umri qolganini sezgan shekilli, juda jiddiy psixologik rollarga kirishdi. "Tungi shinavanda", "G‘ildirakli uy" filmlaridagi bosh rollari uning yuragidagi og‘riq-dard bilan bog‘liq bo‘lsa-da, Uilyams o‘z jamiyati,zamonasining bedavo dardga yo‘liqqan bebaxtlarining muammolariga, ularning ahvoliga zamondoshlar e‘tiborini o‘z kechinmalari orqali qaratishga urindi. Biroq, Robin Uilyams o‘limi nafaqat amerikaliklar yoki jahon kinematografi, balki o‘zbek kinomuxlislari uchun ham katta yo‘qotish bo‘ldi. Nachora! - deya ta‘kidlagan suhbatdosh amerikalik san‘atkorning ijodiy merosi o‘zbek aktyorlari uchun jiddiy mahorat maktabi ekanini ham ta‘kidladi.

- Albatta, o‘zbek kinosida yumoristik sahnalarsiz kino yo‘q, umuman! Shuning uchun barcha kinolarimizda hazilkashlik, yumoristik sahnalarga albatta o‘rin beriladi. Ana shu o‘rinda yosh san‘atkorlar hind seriallaridagi sayoz, bachkanachilikka taqlid qilish o‘rniga ko‘proq Robin Uilyams yaratgan maktabni o‘rganib, unga ergashsa ma‘qul bo‘lar edi, - deydi suhbatdosh.

Robin Uilyams vafoti munosabati bilan AQSh Prezidenti Barak Obama Uilyamsning do‘sti, taniqli konorejissyor Stiven Spilьberg va boshqa ko‘plab arboblar marhumning oila a‘zolariga ta‘ziya yo‘lladi.

XS
SM
MD
LG