Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 21:56

Qashqadaryoda minglab gektar paxtazor suvsizlikdan qovjirab qoldi


Suvsizlikdan qashqadaryolik dehqonlarning yil bo‘yi qilgan mehnatlari zoye ketishi mumkin
Suvsizlikdan qashqadaryolik dehqonlarning yil bo‘yi qilgan mehnatlari zoye ketishi mumkin

Qashqadaryo viloyatidagi Chimqo‘rg‘on omborida suv qolmagani bois Qamashi va G‘uzor tumanlarida minglab gektar maydonda yetishtirilgan paxta suvsizlikdan qurimoqda. Hokimlik mutasaddilari Hisorak omborida ham suv ozligi va yakkabog‘lik fermerlar navbat bilan paxtasini sug‘orayotganini aytmoqda.

Qashqadaryo viloyatining Qamashi, Yakkabog‘ va G‘uzor tumanlaridagi minglab gektar paxtazor suvsizlikdan qovjirab qoldi.

Qamashi tumanida fermerlik qilayotgan Ozodlik manbasining aytishicha, bu yilgi hosildan umid uzilgan:

- Paxtaning guli to‘kildi. Mutaxassislar kelib ko‘rsin, ahvolimizni! Kanallar buzilib ketgan, suv kelmay qo‘ygan. Bu ahvoldan tashvishlanib ikki oy oldin hamma joyga xat bergandik, lekin natija bo‘lmadi. Bu yilgi hosil qanday bo‘ladi, qancha bo‘ladi, bu yog‘i faqat Xudodan, - dedi fermer.

Qamashi tumani hokimi Rashid Muhammadiyevning Ozodlikka e‘tirof etishicha, shu kunda 9 ming gektardagi paxtaning taqdiri noma‘lum bo‘lib qolgani aniqlangan.

- Fermerlar kanallar buzilib yotibdi deyaptimi? Axir, suvning o‘zi yo‘q bo‘lsa, kanalga qayerdan suv keladi? Biz suv oladigan Chimqo‘rg‘on suv omborida bir tomchi ham suv qolmagan. Har yili avgustning 20-25larigacha suv yetardi. Bu yil esa 7 avgustda tugadi. Qamashi tarixida birinchi bor shunday bo‘lyapti. Hatto, tadbirkorlarning baliqlari qirilib ketdi. Butun rayonda bir tomchi suv yo‘q, faqat quduqlardan 5-10 litr suv olyapmiz. Namlikni saqlab turish uchun g‘o‘za oralarini faqat traktor bilan haydab turibmiz, boshqa choramiz qolmadi, - dedi tuman hokimi Rashid Muhammadiyev.

Qamashiga qo‘shni bo‘lgan G‘uzor tumanida ham ahvol ancha jiddiy ekani aytildi.

G‘uzor tumani hokimligining o‘zini tanishtirmagan mulozimi Ozodlik bilan suhbatda paxtani sug‘orishda qo‘shimcha manbalardan foydalanayotganini aytdi:

- To‘g‘ri, ahvol ancha jiddiy. Chimqo‘rg‘ondan suv ichadigan paxtazorlarimiz suvsiz qoldi. Pachkamar suv omboridan suv chiqyapti, shundan olishga harakat qilyapmiz, - dedi hokimlik mulozimi.

Qashqadaryo viloyatining Hisorak suv omboridan Yakkabog‘ tumani paxtazorlari sug‘oriladi.

Biroq, suv keladigan kanalning buzilishi oqibatida tuman paxtazorlari bir hafta suvsiz qolgan.

Yakkabog‘ tumani hokimiyatining o‘zini tanishtirmagan mulozimining aytishicha, 12 avgustgacha kanal ta‘mirlangan va suv berilgan:

- Hisorak suv omboridan keladigan kanalni suv urib ketgan ekan. Shunga katta muammo bo‘lib qoldi. Kanalni remont qildik va bugun kechqurun uxlamasdan suvni boshqarib keldik, hozir fermerlarga navbati bilan bo‘lib beryapmiz, - dedi hokimlik mulozimi.

Qashqadaryo viloyatining suv omborlaridan sug‘oriladigan paxtazorlar bu yil suv kam to‘plangani bois, ko‘sagi pishmasdan turib paxta suvsiz qoldi.

Mutaxassislarning aytishicha, viloyatda yetishtiriladigan bu yilgi paxta hosilining taqdiri xavf ostida qolmoqda.

Jumladan, Chimqo‘rg‘on suv ombori Qashqadaryoning o‘rta oqimida qurilgan gidrotexnika inshootidir. To‘la sig‘imi 500 mln.m³, foydali sig‘imi 450 mln.m³. Bu inshoot Qashqadaryo viloyatining Qamashi, Qarshi, G‘uzor va Koson tumanlaridagi 188 ming gektar yerni sug‘orishga mo‘ljallab, 1960 yilda qurilgan.

Hisorak suv omborida esa 170 million kubometr suv yig‘iladi. Bu ombor Shahrisabz, Chiroqchi va Yakkabog‘ tumanlaridagi 55 ming gektar ekin maydonini sug‘orish imkonini beradi.

XS
SM
MD
LG