Линклар

logo-print

Sarlavhaga chiqarilgan “shukrona”ni Qashqadaryo viloyati tumanlaridan biridagi spirtli ichimliklar savdosiga ixtisoslashgan korxona vakilidan eshitdik.

Soha vakillari bilan suhbatlardan ma‘lum bo‘lishicha, O‘zbekistonda Ramazonda biroz sustlashadigan aroq savdosi bu oy tugashi bilanoq tezda Ramazongacha bo‘lgan ko‘lamga qaytib oladi.

“O‘zvinosanoat-xolding” kompaniyasi qoshidagi “Sharobsavdo” tizimining Qashqadaryo viloyatidagi 4 bazasidan biri vakilining aytishicha, Ramazonga to‘g‘ri kelgan iyul oyida mahsulot sotishga oid yuqori tashkilotdan tushirilgan topshiriq bajarilgan.

- Iyul oyida 921 000 000 so‘mlik aroq-vino sotdik. Xudoga shukur, planni bajardik, dedi tashkilot vakili.

Uning aytishicha, shu kunlarda spirtli ichimliklar savdosi qizg‘in.

“Sharobsavdo” tizimining Toshkent viloyatidagi shahobchalaridan biri bilan ham bog‘landik. Shahobcha vakilining aytishicha, Ramazonga to‘g‘ri kelgan iyul oyida u ishlaydigan korxona “1 188 000 000 so‘mlik spirtli ichimlik sotgan”.

Toshkent shahrida spirtli ichimliklar sotish bilan shug‘ullanuvchi ixtisoslashgan chakana savdo do‘konlari bor korxona vakilining aytishicha, Ramazon kunlari deyarli savdo bo‘lmagan.

- Chunki ro‘za paytida to‘ylar to‘xtab qoladi. Shuning uchun savdo ham deyarli to‘xtab qoladi. Ro‘za tugashi bilan to‘ylar ham boshlanadi va savdomiz yurishib ketadi, dedi korxona vakili.

Uning aytishicha, spirtli ichimliklar savdosi ko‘lami dekabrda eng katta bo‘ladi, sababi – Yangi Yil bayrami.

“International Wine & Spirit Research” tadqiqot markazining o‘tgan yilgi hisobotida O‘zbekiston aroqni eng ko‘p iste‘mol qiluvchi 10 davlat ro‘yxatidan joy olgan edi.

Hisobotga ko‘ra, O‘zbekistonda 2012 yili hammasi bo‘lib 0,1 milliard litr aroq ichilgan va kishi boshiga 4,4 litr ichkilik to‘g‘ri kelgan.

Dunyo bo‘ylab esa, Yer yuzi aholisi 4,44 milliard litr aroq ichgan.

Aroq iste‘moli hajmi bo‘yicha Rossiya dunyodagi birinchi o‘rinni egallab turgani hisobotdan ma‘lum bo‘ladi. Bu mamlakatda 2012 yili qariyb 2 milliard litr aroq ichilgan bo‘lib, jon boshiga 13,9 litrdan to‘g‘ri kelgan.

Rossiyadan keyingi o‘rinni AQSh egallagan. Bu mamlakatda o‘tgan yili 0,6 milliard litr aroq ichilgan.

Uchinchi o‘rinda Ukraina. Ukrainlar bir yilda 0,4 mlrd litr aroq ichgan va jon boshiga 7,7 litr ichkilik to‘g‘ri kelgan.

Beloruslarning umumiy iste‘moli ukrainlarnikidan ozroq – 0,1 mlrd litr, biroq jon boshiga hisoblaganda ko‘proq: 11,3 litr.

Qozog‘istonliklar o‘zbekistonlik qo‘shnilariga qaraganda aroqni biroz ko‘p ichishi ma‘lum bo‘ldi. Bu mamlakatda o‘tgan yili hammasi bo‘lib 0,1 mlrd litr aroq ichilgan va jon boshiga 5,9 litrdan to‘g‘ri kelgan.

“Aroqxo‘r mamlakatlar” o‘nligi ro‘yxatining pastki pog‘onalaridan Buyuk Britaniya (jon boshiga 1,3 litr) va Germaniya (0,9 l.) joy olgan.

Shuni aytish lozimki, o‘qiganlaringiz hisobotning faqat AROQqa oid qismidir. Boshqa ichkiliklar bo‘yicha ham alohida hisobotlar borki, ularda O‘zbekiston ro‘yxatning yuqorisidan joy olgan emas.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti hisob-kitoblariga ko‘ra, O‘zbekiston aholi jon boshiga yiliga 2,1 dan 4,6 litrgacha alkogolli ichimlik iste‘mol qiluvchi davlatlar qatoridan joy olgan.

Qiyoslash uchun: Rossiya jon boshiga 13,66 dan 21,5 litrgacha alkogolli ichimlik iste‘mol qiluvchilar ro‘yxatida.

XS
SM
MD
LG