Линклар

Toshkentdagi valyuta qora bozorlarida AQSh dollari 3 ming 100 so‘mdan 2 ming 900 so‘mga tushdi. So‘nggi bir yil ichida narxi tushmay kelayotgan xorijiy valyuta kursining o‘zbek so‘miga nisbatan pasayishi GM shirkati avtomobillariga milliy valyutada shartnoma taklif qilinayotgani bilan izohlanmoqda.

Toshkentning Farhod bozoridagi xorijiy valyuta bozorida AQSh dollarining o‘zbek so‘miga nisbatan qiymati 2 ming 900 so‘mga tushdi.

O‘tgan hafta bozor sarroflari bir AQSh dollari uchun 3 ming 100 so‘m taklif qilayotgan edi.

- Bizda olish 2 ming 900, sotish 2 ming 950 so‘mdan bo‘lyapti, - dedi Farhod bozoridagi ismi sir qolishini istagan sarrof.

O‘tgan hafta O‘zbekistondagi avtomobil salonlari to‘satdan mashina oluvchilar bilan shartnomalarni so‘mda imzolay boshlashi ortidan salonlar oldida navbat ko‘payib ketdi.

Kuzatuvchilar ayni shu holni dollar narxi tushishiga asosiy omil sifatida ko‘rmoqda.

Mashina biznesi bilan shug‘ullanuvchi toshkentlik tadbirkor Dilmurod ham “qora bozor”da AQSh dollari narxi tushishi aynan avtomobil bozoridagi ahvol bilan bog‘liq ekanini aytadi.

- Har safar avtosalonlar xaridorlar bilan so‘mda shartnomani imzolay boshlashi bilan hamma dollarini sotgani “qora bozor”ga yuguradi. Hamma qop-qop so‘m sotib oladi. Chunki shartnoma imzolangandan keyin xaridorlar mashina narxini 80 foizini oldindan to‘lashi kerak, - deydi toshkentlik iqtisodchi Dilmurod Rasulov.

O‘tgan hafta avtomobil xaridorlari xalta-xalta milliy valyutani ko‘tarib, avtosalonlarga yopirildi. Lekin, bu hol uzoqqa cho‘zilmadi. O‘zbekistondagi avtosalonlar taklif qilgan shartnomalar uzog‘i bilan 4 kun ichida sotib bo‘lindi.

O‘zbekiston mashina bozoridagi ahvol bilan yaxshi tanish iqtisodchi Tohirning xulosasicha, hukumat g‘aznasiga naqd pul kerak bo‘lgan paytda aholidan milliy valyutani yig‘ib olish maqsadida GM-Uzbekistan avtomobil ishlab chiqarish zavodining avtosalonlarini ishga soladi.

- Avtomobillarni o‘zi zarur paytda bular xorij valyutasida ham, o‘zbek so‘mida ham sotishadi. Qachon hukumatga so‘m kerak bo‘lib qolsa, so‘mga o‘tishadi. Kerakli miqdordagi naqd pul jamlanganidan so‘ng, yana avvalgi holiga qaytadi, - deydi Tohir.

O‘zbekiston Markaziy bankining dollarga nisbatan kursi hozir 2 ming 340 so‘m va AQSh dollarining “qora bozor” hamda rasmiy kursi o‘rtasidagi farq 600-650 so‘mni tashkil etmoqda.

Kuzatuvchilar taxminicha, o‘zbek so‘mining Markaziy bank hamda "qora bozor" kursi mavjudligidan katta manfaat ko‘radigan guruhlar bor.

XS
SM
MD
LG