Линклар

Toshkent shahridagi “Mirhosil” avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchasida 14 avgust kuni ertalab GAZ-24 avtomobili yonib ketdi. Voqea guvohlarining aytishicha, odamlar yonib turgan mashinani benzin quyish apparati oldidan itarib uzoqlashtirishga harakat qilgan. Avtomobilning yonishiga uning motor qismidagi qisqa tutashuv sabab bo‘lgani aytildi.

Toshkent shahrining Olmazor tumanidagi “Mirhosil” avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchasida 14 avgust kuni ertalab Gaz-24 avtomobili yonib ketdi.

Voqeaga guvoh bo‘lgan Ozodlik manbasiga ko‘ra, avtomobil motor qismidan yona boshlagan:

“Men ham benzin quyish uchun zapravkaga kirgan edim. Narigi kolonkaga GAZ-24 kelib to‘xtadi. Shofer motorni o‘chirmasdan turgandi. Birdaniga motor qismi yona boshladi. Hay-huy, baqir-chaqir boshlandi. Olov birpasdan moshinani qamrab ola boshladi. Keyin ko‘pchilik bilan benzin quyiladigan apparatdan uzoqroqqa itarib chiqarishga harakat qildik", dedi manba.

Uning aytishicha, avtomobilda gaz balloni ham bo‘lgan, biroq u bo‘sh bo‘lgani uchun portlamagan.

Toshkent shahar Yong‘in xavfsizligi boshqarmasining o‘zini tanishtirmagan mulozimi yong‘in qisqa muddatda o‘chirilganini aytar ekan, hech kim jarohatlanmaganini ta‘kidladi:

- Xudoga shukr, qurbonlar va jarohatlanganlar yo‘q. Olov mashinaning elektr simlari qisqa to‘qnashuvidan kelib chiqqan. Shoxobchaga ham katta zarar yetmadi, - dedi mulozim.

So‘nggi bir yil mobaynida O‘zbekistonda yong‘in chiqqan avtomobillarning portlashi oqibatida ko‘plab odam jabrlandi.

10 iyul kuni Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanidagi avtomobillarga suyultirilgan gaz quyish shoxobchasida propan gazi ortilgan KamAZ yuk mashinasi portlab ketib, ikki kishi nobud bo‘ldi.

16 may kuni Toshkent viloyati Qibray tumanidagi yonilg‘i quyish shohobchasida "Jiguli" mashinasi portlab ketgani oqibatida mashina haydovchisi jarohat oldi.

7 aprel kuni Andijon shahrida metan gaz balloni o‘rnatilgan Neksiya avtomobili portlashi oqibatida ikki odam jarohat oldi.

26 oktyabr kuni Toshkentning Qo‘yliq buyum bozorida Neksiya avtomobiliga o‘rnatilgan metan gaz balloni portlashi oqibatida ikki odam halok bo‘ldi, olti odam jarohatlandi.

XS
SM
MD
LG