Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 11:09

Komissiya Ufimsevning 60 ta asari muzeydan g‘oyib bo‘lganini aniqladi


Ufimsevning Nukus muzeyidagi "Batum" nomli asari.
Ufimsevning Nukus muzeyidagi "Batum" nomli asari.

Norasmiy manbalar maxsus komissiya taftishi natijasida taniqli futurist rassom Viktor Ufimsev mo‘yqalamiga oid 60 ta asar O‘zbekiston davlat muzeylaridan g‘oyib bo‘lgani tasdiqlangani haqida yozmoqda. Bir-biridan mustaqil 3 manba iddaosicha, 4 oy taftish o‘tkazgan ekspertlar ulkan kamomadni fosh qilgan.

"Taftish natijasi ekspertlarni ham tang qoldirdi"

O‘zbekiston Madaniyat va sport vazirligidagi manba zamonaviy texnik uskunalar bilan qurollangan 42 kishilik ekspertlar guruhi O‘zbekiston davlat muzeylaridagi taftishini o‘tgan hafta yakuniga yetkazgani haqida Ozodlikka maktub yozdi.

Maktubda iddao qilinishicha, ekspertlar 4 oylik taftish natijasida taniqli futurist rassom Viktor Ufimsev mo‘yqalamiga oid 60 ta asar O‘zbekiston davlat muzeylaridan g‘oyib bo‘lgan, degan xulosaga kelgan va bu haqdagi hisobotni O‘zbekiston Madaniyat va sport vazirligiga taqdim qilgan.

Hisobot bilan tanishib chiqqan Ozodlik manbasi Ufimsev asarlaridan ba‘zilari tag-tugi bilan g‘oyib bo‘lgani, 6 ta grafika asari soxtasiga almashtirlgani aniqlanganini da‘vo qilmoqda.

Manba 4 oylik taftish natijasida aniqlangan bu kamomad ko‘lami taftishchilarni ham tang qoldirganini aytmoqda:

“Mamlakat muzeylarida saqlanaëtgan avangard rassom Ufimsevga oid 1 ming 100 asardan 60 tasi yo‘q. Ulardan eng kamida 6 tasi qalbakiga almashtirib qo‘yilgan. Eng kamida deganim shuki, hozir Ufimsev asarlari jiddiy ekspertizadan o‘tkazilmoqda. Bu ekspertiza mobaynida yana qalbaki asarlar chiqib qolish ehtimoli yuksak”, deb yozdi Ozodlikning O‘zbekiston Madaniyat va sport vazirligidagi manbasi.

Ozodlik vazirlik mulozimi sizdirgan bu iddaoni aniqlashtirish uchun O‘zbekiston Madaniyat va sport vazirligiga bog‘landi. Vazirlikning Tasviriy san‘at bo‘limida telefon go‘shagini ko‘targan mulozim bu masalada izoh berishni istamadi.

"Ufimsev asarlari avval ham o‘g‘irlangan"

O‘zbekiston davlat muzeylari ustidan nazorat sohasida uzoq yillar ishlagan sobiq mulozim ekspertlar guruhi xulosasidan xabardor ekanini aytdi.

Ismini oshkor qilmaslikni istagan sobiq amaldorning aytishicha, taniqli rassom asarlarining asosiy fondi avvaliga Angren galereyasi – Ufimsev uy muzeyida saqlangan. 2005 yilda esa bu kollektsiya O‘zbekiston Davlat san‘at muzeyi fondiga topshirilgan.

Sobiq mulozim sobiq sovet zamonida mashhur bo‘lgan Ufimsev asarlari 1991 yil - O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan keyingi 20 yillik muddat davomida oz-ozdan o‘marilgan, deb da‘vo qilmoqda.

Ammo, O‘zbekiston Madaniyat va sport vazirligidagi Ozodlik manbasi 2005 yilda Angrendan keltirilgan kartinalar Ufimsev asarlarining asl nusxalari ekani haqidagi hujjatlar Davlat san‘at muzeyi fondida saqlanayotganini aytadi.

Hozircha bir-biridan mustaqil 3 manba Ozodlik muxbiri bilan suhbatda Ufimsev kartinalari g‘oyib bo‘lganiga oid ekspertlar xulosasi vazirlikka topshirilganini tasdiqlar ekan, taftish natijasida ulkan o‘g‘irlikni fosh bo‘ldi, deb ta‘kidlamoqda.

"O‘g‘irlik izlari Moskvagacha bordi"

Ufimsev kartinalari O‘zbekiston Davlat san‘at muzeyidan o‘g‘irlaniganiga oid iddaolar shu yilning mart oyida paydo bo‘lgan.

Sovet davriga oid tasviriy san‘at asarlari savdosi bilan shug‘ullanadigan Moskvadagi “SOVKOM” auktsioni O‘zbekiston davlat muzeyidan o‘g‘irlangani da‘vo qilinaëtgan 6 ta kartinani shu yilning mart oyida sotuvga qo‘ydi.

Bu rasmlar 1964 yili olamdan o‘tgan va "Turkiston avangardi" degan san‘at yo‘nalishini tamsil qilgan arbob Viktor Ufimsev qalamiga mansub, deb e‘lon qilindi.

Ozodlik 2013 yilda aynan shu 6 kartina O‘zbekiston davlat muzeyidan o‘g‘irlangani haqida o‘z manbalariga tayanib, ma‘lumot tarqatgan edi. O‘shanda Ozodlik manbalari o‘g‘irlangan rasmlarning originali va qalbakisi aks etgan fotosuratlarni ham Ozodlikka taqdim qilgan edi.

Bu rasmlarning ochiq savdoga qo‘yilganini ko‘rgan Ozodlik muxbiri “SOVKOM” auktsioni mulozimi bilan bog‘langan, auktsion vakili bu asarlar Rossiya fuqarolari tarafidan auktsionga topshirilgani, ularning o‘g‘irlangan yoki o‘g‘irlanmaganini tekshirishning imkoni yo‘qligini bildirgan edi.

O‘shanda Ozodlik Ufimsev kartinalari tadiriga oid aniqlangan ma‘lumotlarni O‘zbekiston Davlat san‘at muzeyi direktori Vasila Fayziyevaga taqdim qilgan va direktor Ozodlikka intervyu bermagan bo‘lsa-da, Ozodlik muxbiri keltirgan faktlarni axborot sifatida inobatga olishini bildirgan edi.

O‘g‘rilar nishonida qolaëtgan Ufimsev

Bu Ufimsev asarlari O‘zbekiston davlat muzeylaridan o‘g‘irlanganiga oid ilk shov-shuv emas.

Angren galereyasi ahvolidan xabardor mahalliy inson huquqlari himoyachisi Dmitriy Tixonov iddaosicha, Ufimsev asarlarining mamlakat galereyalaridan “g‘oyib bo‘lishi" 1990 yildan 2004 yilgacha muntazam tarzda kuzatilgan.

​- Angren galereyasida 1986 yili Viktor Ufimsevga oid 2 mingdan ziëd asar bo‘lgan. Hozir shulardan qanchasi qolgani ham noma‘lum, - deb da‘vo qiladi huquq faoli.

Ufimsev asarlari bo‘yicha taftishdan xabardor bo‘lgan va ismi oshkor qilinmasligini istagan toshkentlik san‘atshunosning aytishicha, Angrendagi taftishga galereya jamlamasining asosiy hujjati bo‘lgan Kirim daftari (kniga postupleniy) yo‘q bo‘lib qolgani turtki bo‘lgan.

"Ana shundan keyin galereya jiddiy tekshirilganida Ufimsev ijodining ilk davriga oid bir necha surat yetishmagani aniqlandi", deydi suhbatdosh.

Inson huquqlari himoyachisi Dmitriy Tixonov iddaosicha, galereya rahbariyati rasmlarni saqlashga sharoit yo‘q degan “afsonani yaratib" yo‘qolgan asarlarni "erto‘lada namdan chirib ketdi", degan vaj bilan hisobdan chiqarishga ham uringan.

Gulnora Karimova ham Ufimsevga ishqiboz

O‘tgan yili O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qiziga oid uyni iznsiz ishg‘ol qilgan o‘zbek faoli Safar Bekjon bu uyda O‘zbekiston muzeylari fondiga oidligi taxmin qilingan 60 ta o‘zbek tasviriy san‘ati durdonasi borligini bildirgan edi.

​Safar Bekjon e‘lon qilgan kartinalarning fotosuratlarini ko‘rgan san‘atshunoslar bular orasida 1964 yili olamdan o‘tgan Viktor Ufimsev mo‘yqalamiga oid uchta rangtasvir asari borligini aniqladi. Bu kartinalarning asl yoxud qalbaki ekani haqida Ozodlikda aniq ma‘lumot yo‘q.

O‘zbekiston madaniyat va sport ishlari vazirligi qoshidagi ekspertiza bo‘limining ismi sir qolishini istagan mulozimiga ko‘ra, Viktor Ufimsev asarlarini mamlakatdan olib chiqishga izn berilmaydi:

- Mavjud qonunga ko‘ra,1964 yilgacha chizilgan rasmlarning O‘zbekiston chegarasidan tashqariga chiqarilishiga izn berilmaydi. Siz rasmning egasi bo‘lsangiz ham uni olib chiqa olmaysiz. Viktor Ufimsev kabi taniqli rassomlarning asari bo‘lgan holatda bu taqiq yanada qat‘iylashadi. Ya‘ni bu taniqli rassomlarning asarlari 1964 yildan keyin yaratilgan bo‘lsa ham, bu asarlar durdona ekani bois mamlakatdan chiqarilishiga izn berilmaydi, - dedi O‘zbekiston Madaniyat va sport ishlari vazirligi qoshidagi ekspertiza bo‘limi mulozimi.

Bozori chaqqon Ufimsev

Viktor Ufimsev doxil bo‘lgan "Turkiston avangardi" rassomlari asarlarining shu kunlarda bozori chaqqon.

Viktor Ufimsev asarlarini rasm tijoratiga oid Kupitkartinu.ru portalida ham ko‘rdik.

Ufimsevga oid ikki qarich kattalikdagi surat yarim million rus rubliga sotilmoqda, deydi san‘atshunos, Kupitkartinu.ru tujjori Nataliya Malinina Ozodlik bilan suhbatda:

- Ufimsevga talab katta. Umuman 30-yillarda Turkistonda ijod qilgan rassomlarga qiziqish kuchaygan, - deydi Nataliya Malinina.

Siz sotaëtgan asarlarning O‘zbekiston muzeylaridan o‘g‘irlanmaganiga kafolat bormi, deb savol berdik suhbatdoshga:

- Biz buni sinchiklab tekshiramiz. Iloji boricha muammosiz asarlarni sotuvga qo‘yishga harakat qilamiz. Lekin siz ham xaridor sifatida tekshirsangiz, ziën qilmaydi, - dedi Kupitkartinu.ru tujjori Nataliya Malinina Ozodlik bilan suhbatda.

1899 yili Rossiyaning Janubiy Uralida tug‘ilgan Viktor Ufimsev "afsona izlab" Samarqandga kelgan va tarixga "Turkiston avangardi" rassomlari deb kirgan musavvirlardan biri.

1923 yilda ilk bora Samarqandga kelgan rassom Viktor Ufimsev asarlarida ërqin rang va sharqona unsurlar aks eta boshlaydi.

O‘zbekiston muzeylarida Pablo Pikasso¸ Vasiliy Kandinskiy kabi mashhur rassomlarning asarlari mavjud.

Bu asarlarning jahon bozoridagi narxi bir necha million dollardan oshadi.

XS
SM
MD
LG